Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniya elchisi: O‘zbekiston tog‘larida cho‘ponlarning men bilan nemischa gaplashganidan hayratga tushdim...

Germaniya elchisi: O‘zbekiston tog‘larida cho‘ponlarning men bilan nemischa gaplashganidan hayratga tushdim...

Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld yurtimizda diplomatik faoliyatini yakunlamoqda. Shu munosabat bilan u mamlakatimiz haqidagi muxtasar taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Videolavhada qayd etilishicha, G.Overfeld Germaniya federal prezidenti Frank-Valterning O‘zbekistonga tashrifi hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va kansler Angela Merkel ishtirokidagi sammitni diplomatik faoliyatidagi muhim hodisalar sifatida e’tirof etgan.

Elchi mamlakatimizda nemis tiliga qiziqish oshib borayotganini qayd etar ekan, hatto tog‘da cho‘ponlar ham nemischa muloqot qilganini hayrat ila bayon qilgan.

«Germaniyaga bo‘lgan ulkan qiziqish va xayrixohlik yosh avlod timsolida davom etmoqda. Bugungi kunda yuz minglab o‘zbek yoshlari olmon tilini o‘rganmoqda. Olmon tili va madaniyatiga qiziqish kundan kunga ortmoqda. Bu meni ta’sirlantirmay qo‘ymaydi. Buning uchun o‘zbekistonliklarga samimiy tashakkur bildiraman», – degan diplomat.

2017-yil sentyabrdan buyon Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi vazifasida ishlab kelgan diplomat qariyb 4 yillik faoliyatiga xotima yasamoqda. Shu munosabat bilan uni 24-iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qabul qildi. Yurtimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Germaniya elchisining ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha faoliyatini yuqori baholadi. Xususan, 2019-yilda davlatlar rahbarlarining o‘zaro tashriflari va 2021-yil mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyev va federal kansler Angela Merkel o‘rtasidagi onlayn muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, elchi Gyunter Overfeld 2019-yili «Xabar.uz»ga ham katta intervyu bergan edi. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring