Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vadim Abramov: «Terma jamoada Sardor Rashidovdan kuchliroq futbolchi bor»

Vadim Abramov: «Terma jamoada Sardor Rashidovdan kuchliroq futbolchi bor»

Jahon chempionati saralashi doirasida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov jurnalistlar savollariga javob berib o‘tdi.

— Lutfulla To‘rayev o‘tgan safargi yig‘in vaqtida ruhiy muammolarga duch kelgani uchun javob berib yuborilgan edi. Bu safar u yana chaqirilgan. Futbolchi bilan ruhshunoslar ishladimi, uning holati qanday?
— To‘rayev haqida nima deyish mumkin? U yaxshi holatda, Qirg‘iziston bilan bo‘lgan o‘yinda ham buni isbotladi, o‘yinni buzib qo‘ymadi. U tajribali futbolchi, bunday futbolchi tarkibda borligi jamoaga ham, yosh futbolchilarga ham foydali. U saralash bahslarida ishtirok etish tajribasiga ega va bu tajriba yosh futbolchilarga qo‘l keladi, deb o‘ylayman.

— Saudiya Arabistoni bosh murabbiyi mana shu sikl boshida tayinlandi. Bu murabbiyi o‘z uslubini jamoaga joriy etib ulgurdi, deb o‘ylaysizmi?
— Bu haqda biror narsa deyishim qiyin. Bu savolni saudiyalik jurnalistlarga bergan ma’qul, ular yaxshiroq biladi. Men murabbiyning ishini yaqindan kuzatib bormaganman. U juda tajribali murabbiy, o‘z vaqtida Marokash terma jamoasini boshqargan, yaxshi ishlagan. Ko‘ramiz, ertaga bo‘ladigan o‘yin hammasini ko‘rsatadi.

— Siz boshqaruvingizdagi uchta o‘yinni ko‘rdik. Hujumda o‘yin yaxshi, ammo himoyada muammolar bor. Ertaga qit’aning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi o‘yin bo‘ladi. Himoyadagi muammolardan qo‘rqmayapsizmi?
— Bu qadar qisqa vaqt ichida hammasini yo‘lga qo‘yib olish juda qiyin. Muammolarni yaxshiroq ko‘rib olish uchun kuchli raqib bilan bo‘ladigan o‘yin muhim. Bizda muammolar bor, ammo bu haqda gapirishni istamayman. Ertaga bo‘ladigan o‘yinda hammasini ko‘rib olamiz.

— Sardor Rashidov yaxshi o‘yin namoyish etmoqda. Uni jamoaga taklif etish ehtimolini ko‘rib chiqdingizmi? Umuman, o‘zingiz istagan tarkibga qachon yetib borasiz?
— U ikkita gol urdi, biz hammani kuzatib bormoqdamiz. Ammo gol urgan barcha futbolchilarni jamoaga chaqira olmaymiz. U avvalo o‘z klubida asosiy tarkibga o‘rnashib olishi lozim. Ayni vaqtda terma jamoada uning pozitsiyasida futbolchi bor. Shunchaki zahirada o‘tirishi uchun futbolchini ovora qila olmaymiz. Ayni vaqtda terma jamoada uning o‘rnida o‘ynayotgan futbolchi kuchliroq. Oldinda turgan ikkita o‘yindan so‘ng uzoq vaqt tanaffus bo‘ladi. O‘sha vaqtda barcha nomzodlarni yana ko‘rib chiqamiz.

— O‘tgan uchta o‘yinda yaxshi natijaga erishildi, g‘alabalar ko‘zga tashlandi. Bu g‘alabalarga aynan qaysi omil sabab bo‘ldi, deya olasiz?
— Voqealar jarayonining rivoji g‘alabalarimizga sabab bo‘lsa kerak. G‘alaba qozonish hamisha maroqli, bunga albatta biz ham qarshi emasmiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring