Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonning yana uchta tumani aholisi uchun ustama joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonning yana uchta tumani aholisi uchun ustama joriy etilishi mumkin

Foto: «Xabar.uz»

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shunday taklif bilan chiqmoqda. Idora tomonidan ishlab chiqilgan tuzatishlar loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan, deb xabar bermoqda «Norma».

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning sentyabr oyida mamlakatimiz Hukumati tarmoq koeffitsiyentlari va tuman koeffitsiyentlari qo‘llaniladigan tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylar ro‘yxatini tasdiqlagan. Biroq shundan keyin Vazirlar Mahkamasiga qabul qilingan qaror doirasidan tashqarida qolgan tashkilotlar va fuqarolardan murojaatlar kelib tusha boshladi.

Shu munosabat bilan loyiha mualliflari quyidagilarni taklif etishmoqda:

birinchidan, Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-avgustdagi 389-son qarorining 18-bandiga tuzatish kiritish. Unda gap Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi neftni qayta ishlash zavodida bevosita band bo‘lgan barcha toifadagi xodimlarning ish haqlariga suvsizlik va cho‘l sharoitlari uchun tuman koeffitsiyenti (1,7) xususida bormoqda.

Hujjatning davlat tilidagi matnida ushbu koeffitsiyent zavod qurilishi olib borilgan davr mobaynida amal qilishi ko‘rsatilgan, biroq rus tilidagi versiyasida bu mavjud emas. Amalda esa koeffitsiyent doimiy asosda qo‘llanilmoqda, shuningdek u yangi hujjatda ham aks ettirilgan. Xodimlarning ish haqi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun  18-bandning ikkinchi xatboshisidan «qurilishida bevosita» so‘zlarini olib tashlashmoqchi;

ikkinchidan, Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari hamda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida 1,2 miqdordagi tuman koeffitsiyentini joriy etish. Tabiiy-iqlim sharoitlarini qo‘shimcha tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, yilda havo harorati 41oSdan ortiq kunlar, chang-to‘zonli bo‘ron va yog‘inlarning o‘rtacha yillik me’yori (keskin qiymat) bu yerda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlardan jiddiy ravishda oshadi.

Loyihaga ilova qilingan tushuntirish xatiga asosan,  tuman koeffitsiyentlari 17,3 ming nafardan ziyod budjetchilarni va barcha xo‘jalik hisobidagi tashkilotlarni qamrab oladi. Ushbu chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 37 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talab etiladi.

Shuningdek, mehnatkashlarga ushbu tumanlarda qo‘shimcha mehnat ta’tilining eng kam muddatini (2 ish kuni) belgilash rejalashtirilmoqda;

uchinchidan, kasbning ishlab chiqarish jarayonidagi ahamiyati hamda mehnatning murakkabligi va shartlaridan kelib chiqib, tarmoq koeffitsiyentlarini tarif stavkalari guruhlari bilan bog‘lagan holda rangli metallurgiya korxonalarida tarif stavkalari guruhlari tizimini joriy etish. Uran va toriy konlarida qazib olish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga ham oshirilgan tarmoq koeffitsiyentlarini belgilash taklif qilinmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida shu tariqa mehnatga haq to‘lash tizimini tartibga solish ta’minlanadi va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi, degan fikrdalar.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring