Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiyada muhim bosqich boshlandi

Turkiyada muhim bosqich boshlandi

Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyga ko‘ra, yaqin yillarda sayyohlar sonini 75 millionga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Turkiyada turizm sohasida faoliyat yurituvchi ishchi-xodimlarni koronavirusga qarshi emlash jarayoni boshlandi. Madaniyat va turizm vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi shafeligida o‘tkazilayotgan dastur doirasida birinchi navbatda aviakompaniyalar, aeroportlar, sayyohlik agentliklari xodimlari hamda professional gidlar emlanadi. Sayyohlik sektori vakillarini emlash jarayoni joriy yil yoz mavsumigacha yakunlanadi.

«Xavfsiz turizmni sertifikatlash» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan emlash jarayoni yaqinlashib kelayotgan mavsumda xalqaro sayyohlar, turizm xodimlari hamda aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan.

Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan 2020 yilda joriy etilgan «Xavfsiz turizmni sertifikatlash» dasturi soha xodimlari hamda mehmonlarning salomatligini muhofaza etish bo‘yicha keng ko‘lamli choralarni o‘z ichiga oladi. Xalqaro sertifikatlash idoralari tomonidan beriladigan ushbu sertifikat aviakompaniyalar, aeroportlar va boshqa transport ob’yektlari, turarjoy sektori hamda umumiy ovqatlanish muassasalarida sog‘liqni saqlash, sanitariya-gigiyena bo‘yicha talablar so‘zsiz ijro etilishini ta’minlaydi. Sertifikatlash tizimi mehmonlarning o‘z ta’tillarini xavfsiz va tozalikka rioya qilingan holda o‘tkazishini kafolatlashga yo‘naltirilgan.

Ushbu dastur «Yo‘lovchilar salomatligi va xavfsizligi», «Xodimlar salomatligi va xavfsizligi», «Ob’yektlardagi ehtiyotkorlik choralari», «Transport sohasidagi ehtiyotkorlik choralari» kabi 4 muhim banddan iborat.

SOVID-19 ga qarshi kurashish va dunyoning eng xavfsiz joylaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida Turkiya dunyodagi muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo‘lgan «Xavfsiz turizmni sertifikatlashtirish» dasturiga investitsiya kiritishda davom etmoqda. Mamlakat sertifikatlash ko‘lamini kengaytirib, 30 yoki undan ortiq xonalarga ega bo‘lgan mehmonxonalar uchun ushbu dasturni majburiy qildi. Hozirgi kunga qadar 8 mingdan ortiq ob’yekt sertifikatlangan.

Yo‘lovchilar salomatligi va xavfsizligi qoidalari tashrif buyuruvchilarning terminalga niqobsiz kirishini taqiqlash, ularga tekin himoya niqobini tarqatish, aerovokzal/aeroportning kirish joyida tana haroratini o‘lchash uchun teplovizorli kameralar, dezinfeksiya vositalari va kabinalarni ta’minlash kabi maxsus ehtityotkorlik choralarini o‘z ichiga oladi.

Turizm sektori vakillarini koronavirusga qarshi emlash tadbiri ham ushbu dasturning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Turkiya 2021 yilda sog‘lom va xavfsiz sayyohlik joylari ega bo‘lgan holda, xalqaro sayyohlar uchun eng maqbul maskan bo‘lishga intilmoqda.

O‘rta Yer dengizida, Osiyo va Yevropa qit’alari kesishmasida joylashgan Turkiya o‘zining betakror iqlimi va tabiati, ko‘hna tarixiy obidalari hamda rivojlangan sayyohlik maskanlari bilan ko‘p sonli xorijliklarni jalb etmoqda.

Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning ta’kidlashicha, 2023 yil – Turkiya respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligi arafasida mamlakatga keluvchi sayyohlar sonini 75 millionga, ushbu soha bo‘yicha yillik daromadni esa 65 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Jahon sayyohlik tashkilotiga ko‘ra, Turkiya sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi mamlakatlar o‘nligiga kiradi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil yanvar oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqara shifoxonasida koronavirusga qarshi emlandi.

Joriy yil mart oyida esa mamlakat sanoat vaziri Mustafo Varank turkiyalik olimlar koronavirusga qarshi intranazal vaksinani klinik sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, Turkiya o‘z vaksinasini 2021 yildayoq qo‘llashni rejalashtirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring