Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tirikman, nimalarnidir o‘zgartira olaman» – NEMAKLER loyihasi asoschisi Nodirbek Ikromov (video)

Bugungi qahramonimiz hamma qatori oddiy inson. Hayot sinovlariga uchragan, ularni yenggan, birda mag‘lub, birda g‘olib bo‘lgan. Ammo ko‘pchilikdan farqli o‘laroq izlanishdan to‘xtamaydi. Boshlagan ishini oxiriga yetkazmasdan qo‘ymaydi. Ko‘p kitob o‘qiydi. Uning aytishicha kitob o‘qiydimi, kino, multfilm ko‘radimi, musiqa eshitadimi hayoti davomida asqotadigan jihat olishni o‘ylaydi. U juda ko‘p o‘ylaydi, u juda ko‘p mulohaza qiladi. Suhbat orasida shunday deydi: «Mashina olishga yetadigan mablag‘im bo‘lganda ham qiziqmaganman yoki atrofimdagilar, qimmatroq telefon olsang bo‘lmaydimi deyishadi, telefonim arzon bo‘lgani bilan hamma talabimga javob beradi shuning o‘zi yetadi...»

Maqsadlar, orzular...

Hayotga emas, o‘ziga talabni katta qo‘ygan 37 yoshli Nodir Ikromov Toshkentda tug‘ilgan, to‘rt o‘g‘ilning ikkinchisi. Shaxsiy biznesiga, ya’ni onlayn biznesiga ega bu yigit yoshligidan oldiga juda ko‘p maqsadlarni qo‘ygandi, harbiy bo‘lmoqchi edi yoki sportchi, hatto huquqshunos... Balki undan yaxshi huquqshunos chiqardi...

— Kollejda o‘qib yurganimda o‘qituvchimiz baho olishimiz uchun pul yig‘ib berishimizni so‘radi. Bitta men bermadim, nega men biladigan narsam uchun pul berishim kerak deb aytdim. O‘qituvchim dedi: «Bilmasang ikki qo‘yib beraman». Lekin men siz o‘tmagan darslaringiz uchun ham javob bera oladigan darajada tayyorman, buni qayerda isbotlash kerak bo‘lsa isbotlayman va siz menga qo‘ygan ikki bahoingiz uchun javob berasiz. Shundan so‘ng o‘qituvchi menga «besh» baho qo‘ymoqchi bo‘ldi. Men nega «besh» qo‘ymoqchisiz, hali javob bermadim-ku dedim. O‘qituvchim esa, huquqshunoslik darsidan huquqini so‘ragan birgina o‘quvchi sen bo‘lding, sendan zo‘r huquqshunos chiqadi... o‘quvchilarni sinamoqchi edim, dedi.

Shundan so‘ng harbiy xizmatga ketdi, xizmatni namunali o‘tab qaytdi, Jismoniy tarbiya oliy o‘quv yurtiga ba’zi sabablarga ko‘ra imtihondan o‘ta olmadi. Hatto yoqilg‘i quyish shoxobchasiga oddiy ishchi bo‘lib kirib, mutaxassis darajasigacha erishdi...

Nohaqlik...

— Men halollikni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Huquqshunoslikka harakat qilib ko‘rmoqchi bo‘lganimda ba’zi poraxo‘rlarni ko‘rib, ertaga shu sohada ishlasam men ham pora olishga majbur bo‘lamanmi, undan ko‘ra bu sohani tanlamayman, deganman... yana bir joyga ishga kirmoqchi bo‘lganimda, yonimdagi ikki nafar yigitning hujjatlarini tekshirishgan, men ulardan uchta savolning qaysi biriga javob bera olmaganini so‘radim, ikkalasiyam bittadan savolga javob bera olmagan, men esa uchta savolga javob berganman, demak men aniq ishga o‘tdim, deb o‘ylagan joyimda ishonasizmi mening hujjatimni ustiga bir qarashdiyu, hatto ichini ham ochmasdan ishga olinmaganimni aytishdi. Bunday nohaqliklarni juda ko‘p ko‘rdim. Lekin hech qachon harom ishga aralashmadim. Shiorim ishimni bitirish uchun hech kimga pul bermayman, pul ham olmayman...

O‘sha kun...

O‘shanda 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar bayrami kuni edi. Ishdan qaytayotganimda taksiga o‘tirdim va o‘sha kuni avtohalokat tufayli 1-guruh nogironiga aylandim. Ammo men tirik edim, qo‘lim ishlamay qolgan paytlari bo‘lgan, ammo mening yuragim ishlab turibdi, aqlu hushim joyida, tirikmanmi, demak nimalarnidir o‘zgartira olaman...

Nodirjon juda ko‘p mulohaza qildi. Nima uchun bu holga tushganini, bunday keyin hayotini qanday davom ettirishini, barcha-barchasini taroziga soldi, o‘ylashdan, mushohada qilishdan, izlanishdan bir lahza ham tingani yo‘q. Muhimi tushkunlikka tushmadi.

«NEMAKLER» loyihasi...

— Ko‘chmas mulk oldi-sottisi bilan shug‘ullanaman. Uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q, bu ishni boshlaganimga. Loyiha haqida batafsil gapiradigan bo‘lsam, aytaylik bugungi kunda makler, reeltorlar 50 mingga sotilgan uydan 3 foiz o‘z ulushini oladi. Ya’ni 15 million, bizning ish haqimiz esa atigi 2 million so‘m. To‘g‘ri, ba’zi maklerlar menga deyarli har kuni qo‘ng‘iroq qilishadi, nimaga xizmat haqimizni yerga urayapsan degandek, lekin ishimizni asl qiymati shunday. Qanday og‘ir ish qilamizki, biz bir urunishimizga 10 million yoki 15 million olishimiz kerak?

Birgina uy topib berganimiz, uni o‘sha manzilga olib borganimiz uchunmi, qanchalik kuch sarflaymiz bu ishlarga... Ko‘pincha hujjat to‘g‘rilaymiz, buni ichida hujjat to‘g‘rilash xizmati bor, deyishadi. Hozir hamma hujjatlar notariusda birgina, 17 forma so‘raladi. Jami bo‘lib bu ishga bir soat vaqtingiz ketadi. Buni biz mijozlarga ham tushuntirganimizda hayron qolishadi. 

Bir mijozimiz 1 yil sota olmagan uyini.  8 ta makler kelib ketgan. Har safar uy egasidan tashqari maklerlar uyni ustiga 3 fozini qo‘yishgan. Va bu oluvchiga qimmatlik qilgan. Biz bir oyda sotib berdik. Hamma ish onlayn bajarildi. Bizning xizmatimizga uyni ko‘rsatish kirmaydi, manzilni beramiz o‘zlari borib ko‘rishadi. Bu yerda hech qanday o‘yin bo‘lmaydi: masalan «32 minglik uyni 34 ming deb turasiz, ikki minggi meniki», demaydi hech kim. 34 mingga baholangan uydan uy egasi bizga 2 million beradi, 10 million emas.

Bu sotuvchigayam, oluvchigayam yaxshi. Ya’ni, uy sotuvchining o‘ziga 8 million pul qoladi, oluvchi 35 yarimingga emas, 34 mingga uy oladi.

Endi ijaraga uy topib berish ustida izlanmoqdamiz. Agar ijarachi 200 dollarga uyini ijaraga bersa, biz o‘rtada turganimiz uchun hech qaysi tomondan pul olmaymiz, ya’ni xizmatimiz tekin. Agar ijara haqi ma’lum miqdordan oshsa, biz o‘shanga qarab haq olamiz. Biz olayotgan ikki millionning barchasi bizniki emas, reklama, saytni ishi, ishchilarga ketadi va 10-20 foizi xuddi o‘zim kabi imkoniyati cheklanganlarga yordam beraman.

Xayriya...

— Bir yigitning imkoniyatlari cheklangan, lekin plastilindan shunaqa ishlar qilgan, naq san’at asari deysiz, o‘sha yigitga noutbuk olib berdik. Dizaynerlikka qiziqar ekan, bir yillik dizaynerlik kurslarini olib berdik. Masofadan turib ham o‘qiydi, ham ishlaydi.

Sinfdoshlar...

Nodirjonning sinfdoshlardan omadi chopgan. To‘shakka mixlangach ancha ish qidirgan va ish topolmagan Nodirjon saytni ochish fikriga kelganida uni, avvalo sinfdoshlari qo‘llab-quvvatladi. Ayni paytda iqtisodchi Shohida ismli sinfdoshi unga yordamchi.

— Yana bir omadim shunday sinfdoshlarimning borligi. Maktabni bitirganimga 15 yildan oshibdiki ahil-inoqmiz. Sinfdoshlarim yig‘ilishlarimizni kafelarda, choyxonalarda o‘tkazishsa bo‘ladi, lekin men uchun tadbirlarni uyda tashkillashtiradi — men o‘zimni qulay his qilishim uchun. 

Oila...

— Ochig‘i oilam yo‘q... nomzodlar bor, ammo men o‘zim paysalga solayapman, turmush quraman fidoyi, bo‘la olaman deyish oson, lekin fidoyilik qilish hammaniyam qo‘lidan kelmaydi. Avvalo, bunga men tayyor bo‘lganim bilan, ikkinchi inson tayyormi? Nafaqat bu moddiy tomonga bog‘liq, balki ruhiy mustahkamlik ham kerak buning uchun.

Gullar...

Nodirjon bir xonali uyda ota-onasi bilan yashaydi. Torgina uyda bir dunyo gullar...

— Subtpropik gullarga qiziqaman, ularga suv sepib tursangiz bo‘ldi, chidamli. Bularning barini qayerdan bilasiz deysizmi, kitoblardan bilaman. Bugun internet degan katta, bilimi bitmas-tuganmas «ensiklopediya»dan o‘qib-o‘rganaman. O‘sha kitoblar orqali yotib qolgan odam qanday ovqatlanish kerak, yotoq yaralarni qanday davolash kerak shulargacha o‘qib chiqqanman, bilganlarimni o‘zim kabi insonlarga o‘rgataman. Huquq sohasiga qiziqqanimni aytdim. Masalan, subsidiya nimaligini ko‘pchilik bilmaydi. Subsidiya beradiganlar ham mijozlar bilan tushuntirish ishlari olib bormaydi, oqibatda mijoz sarson-sargardon, bu borada odamlarga uy, kredit olmoqchi bo‘lganlar tavsiyalarimni berib boraman. Albatta, maslahatlarim tekin. Nima demoqchiman, odam turmushi davomida kerak bo‘ladigan har bir narsani o‘qib-izlanishgina orqali o‘rganishi mumkin. Bizda esa negadir o‘sha izlanishga, o‘qib-o‘rganishga hafsala-qunt yetishmaydi.

Motivatsiya...

— Nogironlik bilan yashash boshqa, nogiron bo‘lib yashash boshqa. Ya’ni, nogiron bo‘lib yashash degani bir umr nolib, bir umr boqimanda bo‘lib, bir umr noshukrlikda yashash degani. Nogironlik bilan yashash degani imkoniyating cheklangan bo‘lsa-da harakat qil, qo‘ling ishlamayotgan bo‘lsa miyang ishlaydi, yotib qolganmisan qo‘llaring ishlaydi, imkon izla, o‘qi, o‘rgan... degani.

Biz farzand tarbiyalaymiz, bolalarimizga biron ishni oxirigacha yetkazib o‘rnak bo‘la olishimiz mumkin... Bolangiz ham sizning tirishqoqligingizni ko‘rib sizdan namuna oladi. Aytishadi-ku, baliq emas qarmoq bering, qarmog‘i bo‘lsa hech qachon och qolmaydi odam... birov bergan baliq esa tugab qolishi mumkin. Imkoniyatlar ko‘p, faqat harakat qilish kerak, biz kabi odamlar imkoniyatdan foydalana olmay nolib ham yashab o‘tib ketish mumkin, nolimay nimalargadir erishish ham mumkin. Xo‘sh, qaysi yo‘lni tanlagan ma’qul, nolishga ketadigan kuchingizni, fikringizni, vaqtingizni o‘qishga, imkoniyat izlashga ketkazish kerak, deb o‘ylayman...

Ana shunaqa gaplar. Nodirjon bilan qisqa suhbat qildik. Ammo bir umrga yetadigan saboq oldik.

                                                                               Barno SULTONOVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring