Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘afur G‘ulom nomidagi maxsus stipendiya hamda ko‘krak nishoni ta’sis etildi

G‘afur G‘ulom nomidagi maxsus stipendiya hamda ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Toshkent davlat yuridik universiteti G‘afur G‘ulom nomidagi maxsus stipendiya hamda ko‘krak nishonini ta’sis etdi. Bu haqda universitetning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

Bunga Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asos bo‘lgan.

TDYuU Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Sherzod Po‘latovning so‘zlariga qaraganda, yil davomida G‘afur G‘ulom ijodi bilan bog‘liq kitob yarmarkalari, yangi asarlar taqdimotlari, badiiy va hujjatli filmlar namoyishi, turli tanlovlar, festivallar, viktorinalar o‘tkazish, adib yashagan manzillarga ilmiy-ma’rifiy ekspeditsiyalar uyushtirish rejalashtirilgan.

Joriy o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universitetida ta’lim olayotgan yoki ishlayotgan badiiy havaskor yoshlar tanlov asosida “Ilhom” mukofotiga ham tavsiya etiladi.

G‘afur G‘ulom nomidagi maxsus stipendiyaga esa har bir fakultetdan bir nafardan talaba sazovor bo‘lishi mumkin. Nomzodlar o‘qish va ijodda faol, kitobxonlik targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shayotgan yosh qalamkashlar orasidan tanlab olinadi. Stipendiyani qo‘lga kiritish uchun ular test sinovidan o‘tishi kerak.

G‘afur G‘ulom nomidagi ko‘krak nishoni bilan nafaqat ijodkor talabalar, balki o‘qituvchilarni ham taqdirlash ko‘zda tutilgan. Bu holda g‘oliblarga bir martalik pul mukofoti taqdim etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring