Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tanka»ngiz prezident bo‘lsa... yoki uddaburon kolleksionerlar

«Tanka»ngiz prezident bo‘lsa... yoki uddaburon kolleksionerlar

Foto: Xabar.uz

«Tanka» va «tanga». Bola dunyoga keliboq shu ikkisi bilan yuzlashadi. U tug‘ruqxonadayoq otasining suyunchisi salmog‘iga qarab, o‘ziga bo‘lgan ilk muomala va e’tiborni tanasida his etadi. Aniqrog‘i, u shafqatsiz hayotga qadamini qo‘yar ekan, yonidagi chaqaloqlar o‘rtasida ilk tabaqalanishga duchor bo‘ladi. Shu tariqa hayot pillapoyalarida qadamlab, bu holga ko‘p bora yuzlanadi. Yaxshi bog‘chaga qabul qilinish, nufuzli maktabda o‘qish, to‘garaklarda qatnashish, repetitorga borish, oliygohga kirish...

Hayotimiz «tanka» va «tanga»ga shu qadar bog‘liq bo‘lib qoldiki, biror rejangiz yoki maqsadingiz shu ikki omilsiz amalga oshishi dargumonga aylandi. Ko‘pchilikka hojatbaror «tanka» – Benjamin Franklin yaqin ko‘makchi. Aniqrog‘i, uning rasmi muhrlangan «qog‘oz». U shu qadar sehrliki, uni tutqazsalar bas, deylik ishga kirishni istab keluvchining o‘quv yurti bergan diplomi, mutaxassisligi yoki yo‘llanmasi bir chetda qolib, o‘sha sehrli «qog‘oz» toqatsiz varaqlanadi, qolgani esa...

Yoki uning kuchi bilan farzandlarimizga «savodli» yangi o‘qituvchilar dars bera boshlaydi, bemorlarimizga «qo‘li yengil» hamshiralar girdikapalak bo‘ladi, shu kabi yana ko‘plab «fidoyi» kasb egalari paydo bo‘ladi. Ular bilan esa, bir partiya rahbari ko‘p bora eslaydigan Singapur mo‘’jizasini yaratishimiz haqida o‘ylashning o‘zi bir mo‘’jiza.

Bilasizmi, ulug‘larimiz imoratning poydevori mustahkam bo‘lishi kerakligini ko‘p va xo‘b ta’kidlab kelishgan. Ammo bugun shu rasmdagi «hojatbaror» dardida ko‘zi ko‘r bo‘lganlar sabab, nafaqat poydevorlar, balki devorlar, tom ham nobop bo‘lib bitmoqda...

Endi, o‘sha «qog‘oz»ni ashaddiy kolleksiya qiluvchilar borki, ularning shu ishqibozligi sabab og‘ir bemorlarga o‘z vaqtida operatsiya, tadbirkorga yer, nogironlarga «gruppa», haydovchiga «prava», bankda kredit, avtomobilga limit, Koreyaga jeton, yo‘l quruvchiga beton, qariyaga pensiya, kimlargadir «zvaniya», traktorchiga solyarka, viloyatliklarga propiska, umuman, insonga haq-huquq muammo. Bu borada o‘sha kolleksionerlarni tanobini tortuvchi qovoqdor kasb egalarining o‘zlari ham shu odatga oshufta bo‘lsa-chi? Eng yomoni ana o‘shada!

Eng-englarimiz, kelajagimizning ittifoqchilari, notig‘u lofchilari, «Zulfiya»chiyu, niholchilari, tashabbuskorlariyu boshqalari shu maqomga erishish yo‘lida Franklindan najot topmagan deb kim ayta oladi? Eng yomoni, bugun yon atrofimizdagi odamlar ham shu qurg‘urga qarab insonga baho berishmoqda. Kimda u ko‘p, hurmatli, qaddingni ur! Aksincha, ilmli va halol bo‘lsangu, bisoting shunga mahtal bo‘lsa, noshudsan, joying poygakda.

«Qog‘oz» kolleksionerlari nom qozonish uchun zavoddan hali bo‘yog‘i qurimagan mashinayu, bo‘ydor va hashamdor imoratlar qurib charchashmapti. Aslida bir mashhur asarda aytilganidek, avtomobil – bisot emas, oddiy harakatlanish vositasi emasmi? Keyin, bular nimaning hisobidan?

Esingizda bo‘lsa, eski bir kinoda revizorni «eritish» uchun unga yoshligingda nimani orzu qilgansan desa, u filni, deydi. Bugun bizda bu kabi savollarga o‘rin qolmagan. Hamma orzular salkam mushtarak. Ular bir nuqtada to‘qnash. Orzular trendida esa «Franklinning jozibali chehrasi» aks etgan. Aksariyatning yoshligidan intihosiga qadar orzusi shunga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Albattada, shu «ko‘katsiz» ko‘karolmaganingizdan keyin...

Ha, sizga ham ilinadiganimiz – «hojatbaror»ingiz faqat halolidan kelsin va hamyoningizga hecham xiyonat qilmasin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring