Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentlikka nomzod talabalarga oid sensatsion taklifni ilgari surdi

Prezidentlikka nomzod talabalarga oid sensatsion taklifni ilgari surdi

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan Bahrom Abduhalimov OTMga kirishdagi kvotalar, kontrakt narxlari va talabalarni vaksinalashdagi tushunmovchiliklar haqida yozdi.

"Test natijalariga ko‘ra oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan yoshlar va ularning ota-onalari quvonchdan sarmast ekanliklari tabiiy. Ammo talabaga aylanganlar ichra to‘lov-shartnoma asosida qabul qilinganlar davlat budjeti hisobidan o‘qiydiganlardan ko‘ra ancha ko‘p. Oliy ta’limga o‘rinlar oshirilganiga qaramay budjet o‘rinlari hamon cheklangan.

Biz kontrakt pullarini baland qo‘yib, yosh avlodning o‘qishi uchun qiyinchilik tug‘dirsak, talaba ota-onasining puliga bir amallab o‘qishni bitirib olar. Ammo, uning o‘qishiga ketgan pullar kimning nasibasidan kesiladi? Voyaga yetmagan ukalarining... Hamma ham birdek toparman-tutarman emas. Bor-budini sotib, oliy ta’lim olishga intilgan farzandi uchun bergan ota-ona norasidalariga nima yedirib, nima ichiradi?

Nega bugun hukumat, tegishli vazirlik va idoralar bu masala bilan qiziqmaydi? Nega, odamlarning, ayniqsa, yoshlarning ovoziga quloq solmaydi? Talabadan olinayotgan pullar xarajatining ochiqligi, shaffofligi, hisobdorligi nega ta’minlanmaydi? Vaqt o‘tyapti. Odamlar intizorlik bilan kontrakt to‘lovlari yengillashishini kutyapti. Ammo, natijadan darak yo‘q...

Kontrakt masalasi nafaqat ilk bor talaba bo‘lganlar, balki barcha bosqichdagilarni o‘ylantiradi. Shu oyning 15 sentyabriga qadar shartnoma pulini to‘lash zarurati, aks holda talabalar safidan chiqarilish ehtimoli talaba ahli va ularning oilalari uchun og‘riqli masalaligicha qolaveradi.

Kuni kecha O‘zbekiston OTMlarining 2021/2022-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt puli miqdorlari belgilandi. To‘lov miqdori ta’lim sohasi va yo‘nalishlariga qarab farqlanadi.

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam mikdori – oyiga 822 000 so‘m bo‘lsa, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab bazaviy stipendiya mikdori oyiga 517 880 so‘mni tashkil qilyapti.

Ma’lumki, talabalarga stipendiya olmagan taqdirda kontrakt narxining tushirish imkoniyati berilgan. Bu ham ularga yaratilgan bir qulaylik, albatta. O‘rta hisobda bakalavrlar uchun kontraktning stipendiyali to‘lov mikdori 2020-2021 o‘quv yili uchun 13 306 000 so‘m (misol uchun, jahon siyosati yo‘nalishi – 16 023 820, san’at – 13 985 830, transport – 12 627 170); stipendiyasiz to‘lov miqdori 7 771 270 so‘m (misol uchun, huquq yo‘nalishi – 9 809 260, arxitektura va qurilish – 7 091 940, gumanitar fanlar – 6 412 610)ni tashkil etadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati xabarida “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 6-son bayoni bilan pandemiya sharoitida respublika aholisining to‘lov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, istisno tariqasida, 2021/2022-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha bitta talabani to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymati miqdorlari tasdiqlandi” deb ta’kidlangan.

Ammo, ko‘rib turganingizdek, kamaytirilib belgilangan summa ham ozmuncha miqdor emas. Ayniqsa kamharj xonadonlar, ehtiyojmand insonlar, yolg‘iz onalar, faqat erkak kishi ishlaydigan oilalar uchun bir yilda shuncha pulni topish oson emas. Talaba bo‘lgach kontrakt pulini to‘lolmasdan oliy o‘quv yurtidan hujjatini qaytib olayotganlar ko‘zidagi tirqirab oqayotgan yoshchi? Ha, ayrim yoshlar moliyaviy muammo sabab ilm olish imkoniyatidan mosuvo bo‘ladi. Yoki kimdir shartnoma puli uchun uch-to‘rt so‘m topaman deb o‘zini ishga uradi (tanlagan va ta’lim olayotgan sohasi bo‘yicha mehnat bo‘lsa mayli edi, yaxshiroq daromadni ko‘zlab qora ishlarni qilishga majbur bo‘ladi), bu esa to‘laqonli hamda sifatli ta’lim olishiga putur yetkazadi.

Kontrakt narxini tushirishga taklif berishdan avval u nimalarga asosan belgilanishini ko‘rib chiqish lozim. O‘rnatilgan tartiblarga ko‘ra, kontrakt summasi 2 asosiy omil – oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasi xarajatlari hamda professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlariga yo‘naltiriladi.

Oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasi xarajatlari deyarli o‘zgarishsiz, ya’ni: isitish, ta’mirlash, tozalash, qo‘riqlash, obodonlashtirish 100 talabaga ham, 300 talabaga ham bir. Faqat elektr ta’minoti qishda yoritish va jazirama yoz davrida konditsioner ishlatishda ortishi mumkin. Guruhlar sonidan kelib chiqib esa professor-o‘qituvchilarning shtatini va darslar uchun “stavka”larini oshirish lozim bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, oliy ta’limdan kvotalar yo‘qotilsa, ya’ni, past ball to‘plaganlar ham to‘lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilinsalar, yuqoridagi xarajatlarni ko‘taruvchi manbalar ortadi va kontrakt narxi o‘z-o‘zidan pasayadi. Oddiy qilib aytganda, auditoriyalarda o‘qish uchun yaratiladigan sharoitlar uchun xarajatlar deyarli o‘zgarmagan holda, biror fandan dars beruvchi professorning yoki o‘qituvchining dars bergani uchun maoshi talabalar guruhlarining soni ortishiga qarab o‘zgaradi (ortadi). Bu xarajatlar umumlashtirilib kontrakt to‘lovining miqdori aniqlanadi va bu miqdor, tabiiyki, guruhlar soni ortishiga qarab kamayib boradi.

Xullas, bu muammoning yechimi bor. Buning uchun, kvotalarni olib tashlash va kelgusida oliy ta’lim muassasasiga kirishni yengil va uni bitirishni yaxshi va a’lo baholar bilan o‘qishiga bog‘lash kerak. Shunda o‘qishga kirgan talaba o‘z ustida ishlaydi, kursdan kursga o‘tolmay qolib ketmaslik uchun harakat qiladi va yaxshi o‘qimasa, diplom ololmasligin his qilib, o‘qishga mas’uliyat bilan yondashadi.

Yana bir masala. Oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olib (bakalavriat va magistratura), 2021 yil 1 noyabrga qadar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan (vaksina olgan) talabalarga 2021/2022-o‘quv yili uchun belgilangan stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga 10 foiz chegirma berilishi belgilandi. Bu ko‘plab talabalar tomonidan iliq qarshi olinib, ularni sog‘liqlariga e’tiborli bo‘lishga ham undadi. Lekin hamon Oliy ta’lim vazirligi bu bo‘yicha biror hujjat qabul qilib, masalani mufassal aniqlashtirganicha yo‘q. Aniq ma’lumotlar kim tomonidan va qachon berilishi xaqida ham sukunat hukm surmoqda.

Mavzuga doir savollar ko‘p. Masalan, vaksina chegirmasi faqat kontraktga tegishlimi yoki super-kontraktga hammi? Ilk bosqichda emlanganlik haqida ma’lumotnoma ham chegirmadan foydalanishga asos bo‘ladimi yoki bu faqat to‘liq emlanib sertifikatni qo‘lga kiritganlarga taalluqlimi? To‘lovlarni bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilgan ekan, chegirma to‘lovlar orasida teng taqsimlandimi yoki biror to‘lov davrida chegirmaning butun miqdoridan foydalansa bo‘ladimi?

Albatta, dolzarb masalalar pishiq-puhta chora-tadbirlarga ega bo‘lishi shart. Va hukumat bu muammoning yechimini tezda topishi lozim. O‘shandagina ta’lim to‘lovlari adolatdan bo‘ladi", degan B.Abduhalimov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring