Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Tanlovni o‘zimiz qilamiz va u bilan yashash juda qiyin yoki «So‘z» haqida so‘z

Tanlovni o‘zimiz qilamiz va u bilan yashash juda qiyin yoki «So‘z» haqida so‘z

«So‘z» filmidan parcha.

Amerikalik rejisserlar Brayan Klagman va Li Sterntal tomonidan olingan «So‘z» deb nomlangan drama janridagi badiiy filmni uchinchi bor ko‘rishim.

O‘zbek kino ijodkorlari hamon maishiy mavzulardan chiqib ketolmayotgan bir paytda turli mavzudagi minglab xorij kinolari ekran yuzini ko‘rdi. Avvalombor, tanlangan mavzuga to‘xtalmoqchiman. Umuman xorij kinoijodkorlarining qo‘l urmagan mavzusi qolmadi hisob. Bundan qariyb 10 yil avval ishlangan ushbu kino SO‘Z haqida.

Kinolar va seriallarimiz orqali er-xotin janjali, qaynona-kelin o‘rtasidagi abadiy kelishmovchilik, boylik va kambag‘allik o‘rtasidagi arosat taqdirlarni ko‘rib bu asarlar bizga nima beradi, degan adoqsiz savollarni oxiri ko‘rinmaydi.

Ana shunday paytda xorij kinolaridan birginasini tomosha qilib, yuzlab kinolarimiz yechimini topib berolmagan savollarga javob topasan. Bizning kinolarimizda ota-o‘g‘il kelishmaganini ko‘rasan, lekin ularni munosabatlarida kemtiklik qayerdan kelganini tushunmaysan, yaxshi qaynonani yer bilan bitta qilayotgan kelinni battar yomon ko‘rib qolasan, lekin nega shundayligini anglolmaysan yoki baqiroq va shallaqi qaynonaning boylik ilinjida keliniga zug‘um qilayotgani turmush tarzimizning bir bo‘lagiga aylanib borayotganining asl sababini topolmaysan. Eng yaqin do‘stining korxonasini bankrotga uchratga xiyonatkordan nafratlanasan, lekin u nega xiyonatkor degan savol oldida har gal ojiz qolaverasan.

 Hikoya ichida hikoya

Kinoda uch insonning o‘tmishi bir biriga shu qadar mahorat bilan singdirilganki, xuddi sirli eshiklarni kaliti birgina so‘zdan iboratdek. Ya’ni roman ichida roman. Kinoning boshlanishida mashhur yozuvchi Kley Hammond (Denis Kueyd) o‘zining yangi romanining dastlabki ikki bobini ommaga o‘qib beradi. Kino o‘sha asarning boblari bilan boshlanadi. Asar qahramoni, mag‘lubiyatga uchragan, kitoblari nazarga tushmayotgan yozuvchi Rori (Kuper) eski portfelda yo‘qolgan qo‘lyozmani topib oladi. Qo‘lyozmada amerikalik askar va fransuz ofitsiantining urushdan keyingi Parijdagi fojiali turmushi haqida hikoya qilinadi. Romandan qattiq ta’sirlangan Rori asarni ko‘chirib chop ettiradi va shuhrat qozonadi.

Rori o‘zi o‘ylaganidek har bir so‘zni ko‘chirib yozayotganida barmoqlari SO‘Zni his qilishini istaydi... U asarni ko‘chirayotganida uni o‘ziniki qilib olishni xayoliga ham keltirmaydi, shunchaki notanish yozuvchi yozgan so‘zlarini qalban his qilishni istaydi. Rori asarni nuqtalarigacha, xatolarigacha ko‘chiradi va stolining ustida qoldiradi. Asarni tasodifan xotini Dora o‘qib chiqadi va hayajonlanganidan eriga «men senga ishonardim, mana shunday yoza olishingga ishonardim» deydi. Mana shu ishonch bilan aytilgan SO‘Zning qudrati tufayli Rori xotiniga romanni o‘zi yozmaganligini, ko‘chirganini aytolmaydi, rost so‘zni aytolmaydi. Bu keyinchalik unga qimmatga tushadi. Ammo bir kun kelib uning oldiga romanning haqiqiy muallifi, endi yoshi o‘tib ketgan, boshqa qaytib asar yozolmagan qariya keladi. U Roriga qo‘lyozma yozilgan va yo‘qolgan holatlar to‘g‘risida aytib beradi.

Dialog

Qariya o‘sha yo‘qolgan qo‘lyozma qahramoni. Hayotini, muhabbatini asarga aylantirgan qariya ayni paytda hech kim tanimaydigan oddiy odam. Roriga boshidan o‘tkazganlarini aytishdan oldin «mana shu kitobingizga dastxat yozib bering», deydi. Parkda kitob mutolaa qilayotgan Rori qariyaga ruchkasi yo‘qligini aytadi.

—Iye yozuvchining ruchkasi yo‘qmi, —deya qariya cho‘ntagidan ruchka chiqarib beradi.

Shu yerda bizning ijodkorlar ishlagan kinoni dialoglari xayolimdan o‘tdi. Xo‘sh bizning kartinalarimizdagi suhbatdosh bu savolga «uzr ruchkam uyda qolib ketibdi» degan hammamiz kutgan va bizga ma’lum bo‘lgan javobni bergan bo‘lardi. Rori esa xayolimizga kelmagan javobni aytadi:

—Men bugun yozuvchi emas, o‘quvchiman.

Rorining yolg‘oni fosh bo‘lgan kuni xotini bilan o‘rtasidagi dialogga e’tibor bering. Qariyadan haqiqatni eshitib mulzam bo‘lgan Rori vijdon azobiga chidolmay uyga shirakayf kirib keladi. Tabassum bilan kutib olgan xotiniga «sen meni nimamni yaxshi ko‘rasan», degan savolni ikki uch bor beradi. Oxiri Dora eriga qarab «avvalo men sening ko‘zlaring uchun yaxshi ko‘raman», deydi. Shunda Rori aytadi: «bu ko‘zlar meniki emas...»

«Bu ko‘zlar meniki emas». U xotiniga shunday demoqchi «birovni asarini o‘qib o‘zlashtirgan bu ko‘zlar endi meniki emas». Bu dialog orqali siz iqrorni anglaysiz...

—Axir men senga ishongandim.

—Sen mening yozganimga ishonishni xohlagansan.

—Ishonganman.

Yo‘q ishonishni xohlagansan.

—Men aniq ishonganman...

Endi ikkalasining ham ovozi balandroq chiqa boshlaydi.

—Dora, sen ishonmagansan, ishonishni xohlagansan.

—Rori, men aniq sening shu romanni yozganingga ishonganman. Sen meni aldading, qo‘lyozmani ko‘chirayotganingda bir bor bo‘lsa ham men haqimda, biz haqimizda o‘yladingmi?

Ushbu kinokartinada har bir so‘z o‘ylab aytilgan. Ortiqcha kalom yo‘q, har bir so‘zning qiymati, qimmati bor. So‘z ortidan kelgan omad, muvaffaqiyat, ishonch. So‘z ortidan kelgan mag‘lubiyat, yo‘qotish, ayriliq, pushaymonlik.

O‘sha paytda uyatdan tushkunlikka tushgan Rori uchun endi shuhratning ham qizig‘i qolmagan edi. Rorining «asari» nima haqda edi. Topib olingan qo‘lyozmada qanday taqdir bor edi?

Shu savollarga javob izlagan Rori qariya ishlayotgan joyga boradi. Kitobdagi familiyasini o‘chirishga va odamlarga barcha haqiqatni oshkor qilishga tayyor ekanligini aytish uchun yo‘lga otlanadi. Lekin qariya uni eshitishni istamaydi, uni quvib soladi, haliyam ketmay ortida turgan Roriga qarab qo‘lyozmasida yozilgan jumlalarni takrorlaydi: «Belanchakda vafot etgan go‘dak va qo‘lidan hech narsa kelmagan ota».

Qariya bu bilan eng qimmatli insonini yo‘qotganini ifodalaydi va shu bilan birga, o‘zini tark etgan omadi, muvaffaqiyatini hech qachon qaytarib ololmasligini, so‘ngi pushaymondan foyda yo‘qligini aytmoqchi bo‘ladi: «Bu mening so‘zlarim edi, so‘zlarimga qo‘shib hayotimni, omadimni o‘g‘irlading. Menga hech narsa kerak emas, nima uchun senga o‘zimni oshkor qilganimga kelsak, sen o‘ylaysanki birovning so‘zini, birovning hayotini o‘g‘irlab badaliga hech narsa to‘lash mumkin emas deb. Sen mening so‘zlarimni olding, mening qalbimdagi og‘riqni ololasanmi? So‘zlarimni oldingmi, qalb og‘riqlarimni, qayg‘ularimni ham o‘zingga ol. Bilasanmi, Seliya (xotini) mening qo‘lyozmalarimni poyezdda unutib qoldirganida unga shapaloq tortib nima deganman: «Sen hayotimda yo‘qotgan birinchi va yagona inson emassan. Mening fojiam SO‘Zni sevimli ayolimdan ham ko‘ra ustun ko‘rdim». Ha uning fojiasi o‘ylamay aytilgan birgina so‘zda. U bu gapi bilan birgina so‘z uni oilasidan, sevgan insonidan, kelajagidan mosuvo qilganini tomoshabinga anglatmoqchi bo‘ladi...

Tuyg‘ular

«So‘z»ning birinchi bobini ommaga o‘qib bo‘lgach, Kley Hammond jurnalist Daniela bilan uchrashadi va ular birgalikda uning uyiga boradilar. Kley jurnalistga xatosi uchun qattiq pushaymon bo‘lgan Rori haqidagi boshqa voqealarniaytib beradi.

Yozuvchi Kley aslida kitobning bosh qahramoni Rori edimi? Jurnalistning birga bo‘lish taklifini nega yozuvchi rad etdi. Nega u shu paytgacha yolg‘iz? Asarida yozganidek, Rori xotini Dora kechirishini kutayotgani o‘zining boshidan kechirayotgan voqealar emasmi? Birgina so‘z orqali hayoti barbod bo‘lgan qariyaning tarixi Rorida takrorlandimi? Rorining yutug‘i sevgan insonidan kechirim so‘ray olgani, o‘sha bir so‘zni ayta olganimi? «SO‘Z» sizni ana shunday mushohada qilishga undayveradi.

Yozuvchi jurnalistga shunday deydi: «Bu hayotda biz tanlov qilamiz. Va eng qiyin narsa u bilan yashash».

Film yozuvchi haqida emas, yozish haqida emas, balki hayot haqida. «So‘z» kinokartinasi barcha uchun tushunarli va qiziqarli. Bu yerda qalbni, yurakni ezadigan drama va jonli tuyg‘ular mavjud. Kino boshdan mulohaza qilishga undaydi. Kinoijodkorlar qahramonlarni oq va qora rangga bo‘yashga urinishmaydi. Salbiy yoki ijobiy qahramon yaratmaydi. Kino orqali odam xato qilishi mumkinligini, xatolarni tuzatish mumkin emasligini, shu yuk bilan yashashda davom etishimizni anglab yetamiz. Inson hayotida gapdan ko‘ra qilayotgan ishing, amallaring muhim deb o‘ylaymiz. Ammo aynan har qanday amallar so‘z orqali ko‘rinadi. So‘zlar, ya’ni oddiy so‘z qalbingizda chuqur iz qoldiradi.

Film insoniylik munosabatlariga asoslanib qurilgan, uni tomosha qilish asnosida yaqinlaringdan ko‘ra muhimroq va qadrliroq odam yo‘qligi tushunasan. Yaqinlaringni birgina SO‘Z bilan qalbini yaralab qo‘ymasligingni, birgina so‘z bilan ishontira olishingni, alday olishing mumkinligini tushunib yetasan.

Biz bunday kinolar orqali turmush tarzimizga aylanib ketgan soxta mulozamat, kelinlik vazifalari, qaynona burchlari, qo‘shnilar g‘iybati, do‘stning tuzog‘i kabi qon-qonimizga singib ketgan hayot a’mollarimizdan baland turadigan boshqacha, haqiqiy HAYoT haqida bilib olamiz.

Biror joyda supurilmagan uy haqida, o‘z vaqtida qilinmagan ovqat haqida, kelgan mehmonga ko‘rsatilmagan izzat haqida, orzularimiz asosini tashkil qiladigan to‘ylar, dabdabalar haqida gapirilmaydi, hatto eslanmaydi. Kino bunday soxta mulozamatlardan ustun turuvchi haqiqiy hayot, haqiqiy xatolar, haqiqiy omadsizliklar, haqiqiy muhabbat haqida. Qanchalik so‘z isrof qilinsa, odamlarning munosabatlari shunchalik maydalashib ketaverishi haqida.

So‘z — barcha savollarga javoblarni to‘liq ochib bera olmaydigan chuqur, o‘ylantiruvchi suratdek gavdalanadi ko‘z o‘ngingizda.

Film shunchaki so‘z haqida emas, birgina so‘z orqali barbod bo‘lgan taqdirlar, birgina so‘z orqali yuz o‘girgan omadsizlik, birgina so‘z orqali yutuqqa erishish. Film faqat so‘z haqida emas. Film vijdon haqida, birovning so‘zini o‘g‘irlab vijdoni azoblangan inson haqida, qalb, iqror, so‘nggi pushaymonlik haqida. Birgina «kechir» degan so‘zning aytilmasligi, aytilishi va kechirilishni yillab kutish haqida. Qahramonlar SO‘Zi bilan aytganda: «Haqiqat haqiqiy ozodlik, hayotimiz davomida biz o‘zimiz tanlov qilamiz va bu tanlov bilan yashashimiz juda qiyin». Asar qahramonlari qariya, Rori, yozuvchi, Dora, fransuz qiz — bularning barchasi birgina so‘zi tufayli o‘z tanlovlari qarshisida turgan, kurashib yashayotgan sizu bizmiz aslida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring