Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sof tilda so‘zlamaganlar uchun jarima

Sof tilda so‘zlamaganlar uchun jarima

Quyidagi keltirilgan hikoya 1960-1980 yillari Moskva shahrida Markaziy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan bir guruh o‘zbekistonlik talaba va aspirantlar xotiralaridan iborat «Mezon-fidoiylik» nomli kitobda keltirilgan.

Asar mualliflari N.Mo‘minov va A G‘aniyev o‘sha davrlarda Moskva oliygohlarida tahsil olishgan.

Moskva energetika instituti, 407-xona. Sof tilda so‘zlamaganlar uchun jarima

...1963 yil. Moskva energetika instituti (MEI) talabalar shaharchasi. Talabalar shaharchasi institut yonida joylashgan bo‘lib, barcha qulayliklarga ega edi. Talabalar yotoqxonalarining har bir xonasida 3 yoki 4 kishi joylashtirilardi.  

Faqat chet ellik talabalarning har biriga alohida xona berilardi. Chet ellik talabalar «Yurtdoshlar» jamiyatini tuzib, o‘zlari orasida «sardor» (starosta) saylashar edi. Sardor o‘zi yashab turgan xonaning eshigiga  o‘z mamlakatining bayrog‘i ramzini yelim bilan yopishtirib qo‘yardi. Shu xonada vatandoshlari bilan suhbatlar, «Yurtdoshlar»ga tegishli masalalarni muhokama qilishardi.

MEIning elektroenergetika fakulteti talabalari talabalar shaharchasidagi 7-korpusda joylashgan edi. Shu korpusning  407-xonasida talabalar – Abdusapi G‘aniyev, Qahramon Allayev va Shavkat Rahimov turishardi. Ular o‘zlarining xona eshigiga xuddi chet ellik «yurtdoshlar» sardorlari kabi, O‘zbekiston bayrog‘i ramzini yopishtirib qo‘yishdi. Ushbu xona 1963-1973 yillarda Moskva shahridagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar markaziga aylanib qolgan va bu xonaga turli oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik talabalar orasidan saylangan «sardorlar» tez-tez kelib turishar edi... 

...Xonadon egalari o‘sha yillari ajoyib bir tashviqot uyushtirishdi.

Xonadagi stol ustiga 3 litrlik shisha idish qo‘yilgan. Xonaga kirgan vatandoshlardan bu xonada rus tiliga o‘zbek tilini aralashtirmasdan, va, barobar, o‘zbek tiliga ruscha so‘zlarni qo‘shmasdan gapirish shartini tushuntirishardi. Kimda-kim shartni buzsa, har aralashgan so‘z evaziga 3 tiyin jarima tayinlangan bo‘lib, uni shisha idishga tashlashi kerak edi. (3 tiyinga uchta quti gugurt, yoki bir stakan gazli shirin suv yoki shirin choy sotib olish mumkin edi. Tramvayda bir tarafga xohlagan manzilgacha yetib borishi mumkin edi, chunki chipta narxi ham 3 tiyin bo‘lgan).

Sof tilda so‘zlamaganlarga jarima tayinlash tartibi ilk kiritilgan kunlari, xonadon egalarining  nutqida mavjud bo‘lgan so‘zlar aralashuvi son-sanoqsiz bo‘lib, shisha idish jarima tangalariga tezda to‘lib qolaverdi. Biroq iqtisodiy chora o‘z samarasini berib, yigitlar lug‘atlarga murojaat qilib, tez kunlarda o‘z tilini anchagina «tozalashga» erishdilar. Xonaga tashrif buyurgan o‘zbekistonliklar bu «o‘yinga» qiziqib qatnashishar, lekin urf bo‘lib qolgan aralash so‘zlashuv dastidan kissalaridagi mayda pullar tezda idish ichiga ravona bo‘lar edi. Ayrimlari jahli chiqqandek «mana ollaring» deb biratulasi tiyinlik jarima o‘rniga bir rubl tashlab, keyin esa miriqib, rus-o‘zbek tilini xohlagancha aralashtirib, «qavatli» qilib, ko‘nglini bo‘shatib olardi ham. Bu «shartni» hamma to‘g‘ri tushunishi uchunmi, xonadagi javon eshigiga Alisher Navoiyning quyidagi so‘zlari yozilgan qog‘oz yopishtirilgan edi: «Tilga e’tibor – elga e’tibor».

407-xonadagi bu odat yillar buyi davom etdi, mezbonlar va mehmonlar ham xonaga kirganda tiliga ehtiyot bo‘lishar edi, o‘zbek tilida toza gapirishga anchagina o‘rganishgan, yon daftarlariga  yangi so‘zlarning tarjimasini yozib qo‘yishardi. Shisha idishning barakasi uchib, to‘lmay qolar va shanba yoki yakshanba kuni jamoa uchun uyushtiriladigan palov xarajatiga yetmay qolar edi. Buning chorasi ham topildi, xonadon egalari, bir ovozdan, har bir aralashtirib aytilgan so‘z uchun jarima miqdorini 3 tiyindan 5 tiyingacha oshirishdi...

Qizig‘i shundaki, ushbu tashviqot jarayoni yillar o‘tib bugungi kunda ham ayrim joylarda turlicha qo‘llanilib kelinmoqda ekan. Masalan, Rossiya Nazorat Qo‘mitasining rahbari Aleksandr Jarov «Rossiya-24» telekanalida 2017 yilning 19 sentyabrida bergan intervyusida, qo‘pol so‘zlashishni kamaytirish bo‘yicha da’vat qilib, o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotda bunday hollarda har bir qo‘pol ibora uchun timsoliy bir rubldan jarima to‘lashni taklif qilgan. Yig‘ilgan mablag‘ xayriya tadbirlarga ishlatilib kelmoqda. Jarovning fikricha, ushbu jarayonni keng tarzda nafaqat bir tashkilot miqyosida, hatto internet, radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida ham qo‘llansa maqsadga muvofiq bo‘lib, amaliy natijalarga erishish mumkin.

Bizning misolimizda, shu kabi tadbirlar kun sayin o‘z ustingda ishlash, davlat tilida sof so‘zlashish va fikrlashni o‘rganish, millatparvarlik ruhini shaklantirishga olib kelgan omillardan biri edi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring