Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari xodimlarini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari xodimlarini tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yo‘lladi.

Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari!

Qadrli ofitser va generallar, serjantlar va safdorlar!

Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni 25 oktyabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mustaqillik yillarida butun mamlakatimiz qatori ichki ishlar organlari ham g‘oyat sharafli va mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi.

Soha xodimlarining jamoat tartibi va tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatini, ayniqsa ularning bugungi pandemiya sharoitida ko‘rsatayotgan jonbozliklarini xalqimiz yaxshi anglaydi va munosib qadrlaydi.

Aziz do‘stlar!

Keyingi to‘rt yilda barcha sohalar singari ichki ishlar tizimida ham keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo‘lida katta ishlar olib borilmoqda. 

Shu maqsadda ushbu tizim faoliyati tubdan takomillashtirilib, markaziy apparatdagi shaxsiy tarkibning 85 foizi bevosita aholi yashash punktlariga, quyi tizimlarga tushirildi.

Ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, murojaatlarni tunu kun qabul qilish, mavjud muammolarni joyida va o‘z vaqtida hal etish maqsadida 200 taga yaqin ichki ishlar bo‘limi va bo‘linmalari faoliyati to‘liq yangitdan tashkil etildi.

Tizimdagi barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalar, jumladan, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari, ekspert-kriminalistika va pasport bo‘linmalari mutlaqo yangicha mezonlar asosida qayta shakllantirilgani, xodimlar xizmat faoliyatiga xos bo‘lmagan ko‘plab ishlardan ozod etilgani sohada ish samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, jamoat joylari va ko‘chalarda xavfsizlikni ta’minlash borasida ichki ishlar organlarining Milliy gvardiya bilan birgalikdagi xizmati yo‘lga qo‘yilganini qayd etish zarur.

Sohada shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish, ularning yashash va xizmat sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. So‘nggi to‘rt yilning o‘zida 241 ta xizmat uylari qurilib, uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan va xizmatda alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarning oilalariga topshirilgani ham bu boradagi ishlarimizning amaliy tasdig‘idir. Bundan tashqari, 2018-2020 yillarda soha xodimlari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida Toshkent shahrida barpo etilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylardan 392 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa 2 mingga yaqin kvartira  ajratildi.

Ichki ishlar organlari innovatsion raqamli texnologiyalar va axborot-kommunikatsiya tizimlari bilan muntazam ta’minlanmoqda. Birgina 2017-2020 yillarda shaxsiy tarkib uchun 45 ta yangi xizmat ob’yekti qurilib, foydalanishga topshirilgani bu fikrni tasdiqlaydi.

Jamiyat hayoti uchun katta tahdid bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, korrupsiya, odam savdosi va narkotrafikka qarshi kurash kuchaytirilmoqda. Bu borada ilm-fan yutuqlari va ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday islohotlarimiz natijasida ichki ishlar organlari zamonaviy texnika bilan ta’minlangan, xalqchil va ochiq, kriminogen vaziyatni mustahkam va ishonchli nazorat qila oladigan, mobil va ixcham tuzilmalarga aylanib bormoqda. Eng muhimi, soha xodimlarining ma’naviy qiyofasi, jamiyatimizdagi obro‘-e’tibori yuksalib bormoqda.

Sizlarga yaxshi ayonki, jinoyatchilikka qarshi kurashning eng samarali usuli – profilaktika, ya’ni qonunbuzarliklarning oldini olishdan iborat. Shu maqsadda mamlakatimizda birinchi marta har bir mahallaga bir nafardan profilaktika inspektori biriktirildi, ularga mahalla raisining o‘rinbosari maqomi berildi.

Biz profilaktika inspektori tekshiruvchi yoki nazoratchi emas, balki barcha hayotiy masalalarda mahalla ahliga ko‘mak beradigan, chinakam yelkadosh, yonma-yon turadigan kuch bo‘lishini vazifa qilib qo‘ydik. Ushbu xodimlarning faoliyatini uzluksiz tashkil etish hamda aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida ularga 6 787 ta xizmat uylari qurib berildi, 7 388 ta shaxsiy avtomashina uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor faqat ayol xodimlar ishlaydigan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi. Bugungi kunda ular har bir mahallada fuqarolar yig‘inlari raislarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan hamkorlikda opa-singillarimizning maslahatchisi, himoyachisi va ko‘makdoshiga aylanmoqda.

Bilib-bilmasdan jinoyat yo‘liga kirib qolgan va jazoni o‘tayotgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuvini, sog‘lom hayotga qaytishini ta’minlashda ham ichki ishlar organlarining o‘rni va roli ortib bormoqda. Bu yo‘nalishda ilgarigi jazoni ijro etish inspeksiyasi o‘rniga probatsiya xizmatini tashkil etdik. Ushbu xizmat mahkumlarni zarur kasb-hunarlarga o‘qitish va tayyorlash, ishga joylashtirish, ularni xususiy tadbirkorlikka jalb etish, eng asosiysi, ish beruvchilar tomonidan ularning huquq va manfaatlari ta’minlanishida yaqindan yordam ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, shahar va qishloqlarimizning sayyohlik jozibadorligini oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tarkibida xavfsiz turizmni tashkil etish bo‘linmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yganimiz ham muhim qadam bo‘ldi. Hozirgi vaqtda ushbu bo‘linmalarda kamida 3 ta xorijiy tilni biladigan, tarix, etnografiya va san’at sohasida chuqur ma’lumotga ega bo‘lgan yosh o‘g‘il-qizlarimiz o‘z xizmat vazifalarini munosib ado etmoqdalar.

Bugungi kunda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilayotgani, sohada o‘z burchi va qasamyodiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar xodimlar soni ko‘payib borayotganini islohotlarimizning eng muhim natijasi sifatida qabul qilamiz.

Ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi tizimi o‘rnatilgani, ichki ishlar organi boshlig‘idan tortib profilaktika inspektorigacha xalq oldida hisobot beradigan amaliyot joriy etilgani aholining ularga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda.

 

Hurmatli soha vakillari!

Shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi murakkab zamonda dunyoning turli mintaqalarida hukm surayotgan notinch vaziyatlar, qurolli to‘qnashuvlar har birimizni doimo hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi. Bunday sharoitda uyushgan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, narkobiznes, korrupsiya kabi tahdidlarga qarshi samarali kurashish, ularga keskin zarba berish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan ana shunday o‘tkir, kechiktirib bo‘lmas talablardan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun quyidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim:

birinchidan, ichki ishlar organlari uchun intellektual va professional bilim darajasi, ma’naviy-axloqiy saviyasi yuqori bo‘lgan kadrlar tayyorlash bo‘yicha sifat jihatidan yangi tizimni joriy etish;

ikkinchidan, ichki ishlar organlarini, ayniqsa, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati hamda ekspert-kriminalistika bo‘linmalarini zamonaviy texnika, axborot kommunikatsiya tizimlari va maxsus vositalar bilan ta’minlashni yanada kuchaytirish;

uchinchidan, rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda, amaliy faoliyatga yangicha ish uslublari va mexanizmlarini, xususan, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish;

to‘rtinchidan, xodimlar va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish tizimini, jumladan, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, xizmat va dam olish sharoitlarini yanada yaxshilash, uy-joy va moddiy ta’minotini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish;

beshinchidan, mamlakatimiz ichki ishlar organlarining shonli tarixini asrab-avaylash, soha xodimlari va faxriylarining kelgusi avlodlarga namuna bo‘ladigan jasoratini, ko‘rsatgan ibrat namunalarini ommalashtirish, Vatanimiz mustaqilligi va el-yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan xodimlarning xotirasini e’zozlash va abadiylashtirish.

Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo‘lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Biz bundan keyin ham ushbu sohani har tomonlama rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, haqiqiy xalqchil tizimga aylantirish uchun bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga fidokorona mehnatingiz, o‘z xizmat burchingiz, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Ushbu kunda el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur soha xodimlarining xotirasini hurmat-ehtirom bilan yod etib, ularning oilalari va farzandlariga bayram tabrigimiz va ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Hurmatli ichki ishlar xodimlari!

Muhtaram faxriylar!

Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan chin yurakdan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga fayzu baraka, g‘oyat mas’uliyatli va serqirra faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring