Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Shaharlik qiz tuya sog‘ishni qanday o‘rgandi? (video)

Shaharlik qiz tuya sog‘ishni qanday o‘rgandi? (video)

Foto: «Xabar.uz»

—Bolaligimda buvimnikiga mehmonga  boradigan bo‘lsam dastlab xo‘roz, tovuqlarini, mol-hollarini ko‘rib keyin uyiga o‘tardim, balki menda hayvon boqishga qiziqish o‘shanda tug‘ilgandir, — deydi Yangi yo‘l tumani Mingbuloq MFYda yashovchi  tuyachi fermerning turmush o‘rtog‘i 25 yoshli Maftuna Akbarova. —Balog‘atga yetib turmushga chiqish asnosida tanlov qilishim kerak bo‘lganida menga uylanadigan odam fermer bo‘lishini, hatto tuya sog‘ishni orzu qilganimni aytsam ishonmaysizlar...

Yangiyo‘l shahrida «dom» da o‘sgan Maftuna Akbarova o‘sha niyatiga yetdi, hozir tuya sog‘adi, sigir, qo‘y qo‘zilari bor.

—Tasavvur qiling mendek «oqbilak» xonimning mol-qo‘ylarga qarashini, tuya sog‘ishini, hatto qimronni ham bip-binoyiday qilishini, — deydi u. — Boshida haybatli ko‘rinadi. Bular egasini taniydi, sog‘dirishdan oldin hidlab ko‘radi. Bularni o‘rgatish uchun mehr berasiz, turli yeguliklar bilan siylaysiz.

Maftunaning hovlisida ayni paytda 10 dan ortiq tuya bor, 5 nafar tuya bolasi bor.

—Tuya bolasi tug‘ilgandanoq yurib ketmaydi, besh kunchalar faqat yotadi. Yotganda ham atrofiga press bilan o‘rab qo‘yamiz. Bo‘lmasa u boshini yerga urib o‘lib qolishi mumkin, juda injiq bo‘ladi uning bolasi, — deydi Maftuna. — Keyin ona tuyalar juda bolasiga mehribon bo‘ladi. Agar bolasi o‘lib qolsa boshqa bolani emdirmaydi, qirq kun o‘kirib bolasiga aza tutadi.

Maftunaning aytishicha tuya suti va qimron juda ko‘p kasalliklarga shifo emish.

—Qishda juda ishimiz ko‘payadi. Tuyalar tug‘adi, uning bolalaridan xabar olishingiz kerak, shunda qimronni ichib tetik yuraveraman.

—Qimron qanday tayyorlanadi?

— Molning bir parcha qornini bir hafta qatiqqa ivitasiz, keyin ancha turgan sutga solasiz yoniga shirini bo‘lmagan mayiz, guruch qo‘shasiz.  Qimron immunitetni oshiradi, xuddi kofedek tetik qilib uyquni qochiradi. Ko‘pchilik homilador ayol tuya suti ichsa yoki tuyaning go‘shtini yesa tug‘ish muddatidan o‘tib ketadi deyishadi. Bo‘lmagan gap, men uch o‘g‘limda ham sutini ichib, go‘shtini yeganman. Vaqti soatida dunyoga kelgan o‘g‘illarim. Keyin ko‘pchilik tuya junini foydali deyishadi. Ammo u juda qattiq bo‘ladi. O‘zim tuya junidan nimcha to‘qqittirganman, inson tanasiga yaxshigina sanchiladi...

Aytgancha ularning yuzdan ortiq tuyalari bo‘lib turli joylarda boqiladi. Uning aytishicha, yaqin orada Mo‘ynoqdan ham yer ajratilishi, tuyachilikni yanada rivojlantirishi ham mumkin ekan.

Hovlisida o‘zlari uchun katta qo‘chqor boqilgan, sal nariroqda echki bolachasi onasini emayapti, yana shu orada jo‘jalarini ergashtirib ona tovuq o‘tib qoldi.

Qisqasi Maftunaning xonadonida barcha hayvon bor ekan.

—Uyga bitta ikkita kep qoladi, o‘zidan o‘zi ko‘payib yotvuradi keyin, —deydi Maftuna.

—Haqiqiy fermerning xotinida, — deb kulishadi qolgan hamrohlarimiz. Uyiga bir piyolda choy ichishga taklif qiladi fermerning xotini.

Biz yosh bolalari bilan unnab qo‘ymasmikanmiz, degan istihola bilan mehmonxonaga kiramiz.

Shaharnikidan qolishmaydigan sharoit...  Dasturxon to‘la noz-ne’mat.

—Voy biz uchun shuncha ovoragarchilikmi?, —deydi hamrohlardan biri.

—Yo‘g‘e, men sizlarning kelishlaringizni bilganim yo‘q. Keldi-ketdi ko‘p, dasturxonim har doim shunday yasatilgan turishi kerak, —deydi Maftuna.

Choy ustida Maftunani savollarga ko‘maman.

—Turmush o‘rtog‘im asli qashqadrayolik.

Bir kuni menga «kel Maftuna ota-bobolarimiz qilgan ishni qilamiz. Yangiyo‘lda tuya yo‘q ekan, tuya olib boqamiz» dedi. Avvaliga ikkitagina tuya oldik. Tuya boqish qondan o‘tgan turmush o‘rtog‘imga. Bobolarining minglab tuyalari bo‘lgan. Farzandlari ko‘p bo‘lgani uchun hammasini bo‘lib bergan. Qaynatamga kelganda tuyachilik to‘xtagan ekan. Mana endi nevarasi bobosining kasbini davom ettirayapti...

Ketish chog‘imizda yo‘lning bu tomonida sigirlar fermasiga ko‘zimiz tushdi. Buning ham egasi Maftunaning turmush o‘rtog‘i  ekan. Fermerning aytishicha 37 nafar ishchiga oylik to‘larkan, 2 yarim 3 milliongacha. Yotoq joy, osh-ovqat ferma hisobidan.

—Qozonimiz bitta, — deydi ketar chog‘imiz uchrashishga muyassar bo‘lganimiz fermer. — 12 xonali yotoq joy bor, huv ana akfa derazali uylar ishchilarimizniki — dush, oshxona, barcha sharoitlar mavjud.

Bu yerlarga operator bilan kelish kerak ekanda, degan gap xayolimdan o‘tib turganida Yangiyo‘l tumani hokimligi axborot xizmati matbuot xodimi Rayhon kuni kecha tasvirga tushirgan lavhasidan foydalanishim mumkinligini aytib qoldi...

Bu video lavha esa fermer ayolining hayoti, fermada ishlayotgan ayollarning yashash tarzi haqida yanada yaqqolroq tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun ayni muddao bo‘lganligi shubhasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring