Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samolyot portlaganini bilgach, o‘lgim keldi — aviahalokat sababchisi aybini tan oldi

Samolyot portlaganini bilgach, o‘lgim keldi — aviahalokat sababchisi aybini tan oldi

Eron havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi operatori Ukrainaga tegishli Boeing 737-800 samolyotini qanday urib tushirgani ma’lum qilindi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiy-koinot qo‘shinlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda tomonidan xabar qilinishicha, mudofaa tizimi operatori Boeing 737-800 samolyotini dushman ob’yekti sifatida qabul qilgan va uni urib tushirgan. O‘sha vaqtda aloqa sifati juda yomon bo‘lgani bois «dushman ob’yekti hujumga o‘tayotgani» haqida qo‘mondonlikka xabar berish imkoni bo‘lmagan va operator zenit raketasidan o‘t ochish qarorini mustaqil qabul qilgan.

Hojizodaning ta’kidlashicha, operatorda qaror qabul qilish uchun 5 soniya vaqt bo‘lgan. Mana shu soniyalar samolyotdagi 176 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. «U noto‘g‘ri qaror qabul qilgan va raketadan o‘t ochgan», — deydi Hojizoda.

Hojizodaning ta’kidlashicha, Iroqdagi AQSh ob’yektlariga raketa hujumni amalga oshirish vaqtida aviaqatnovlarni to‘xtatib turish haqida Eron hukumatiga murojaat qilingan. Bu qaror fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini ta’minlagan bo‘lardi. Ammo bu murojaat hukumat tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.

Hojizoda samolyot urib tushirilishida mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Uning ta’kidlashicha «aviahalokat haqida eshitganda o‘lgisi kelgan».

Eslatib o‘tamiz, Eron hukumati 11 yanvarda Ukrainaga tegishli Boeing 737-800 samolyoti tasodifan urib tushirilganini tan olgan edi. Halokat sababi sifatida «inson faktori» sabab qilib keltirilgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif esa «AQSh avantyurasi sababli yuzaga kelgan vaziyat tufayli xatoga yo‘l qo‘yilganini» ta’kidlab o‘tgandi.

Ukrainaga tegishli Boeing 737-800 samolyoti 8 yanvarda Tehron aeroportidan uchib ketgandan so‘ng bir necha daqiqa o‘tib portlagan edi. Halokatda 176 kishi vafot etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring