Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Respublika bo‘ylab yangi ko‘rik-tanlov: to‘liq jonli ijro

Respublika bo‘ylab yangi ko‘rik-tanlov: to‘liq jonli ijro

Foto: «Filarmonia.uz»

Toshkent viloyati «Madaniyat haftaligi» doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining hududiy badiiy va ijodiy jamoalari o‘rtasida respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan va avloddan-avlodga noyob meros sifatida o‘tib kelayotgan musiqa, milliy raqs va estrada, an’anaviy ijrochilik san’atlarini yanada boyitish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga bu bebaho boyliklarga chuqur hurmat va havas tuyg‘ularini singdirish, ularda milliy madaniyatimiz, qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom hislarini yuksaltirish maqsadida joriy yilning 1-7-mart kunlari O‘zbekiston davlat Filarmoniyasining hududiy badiiy va ijodiy jamoalari o‘rtasida respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi.

Badiiy va ijodiy jamoalar o‘zbek xalq qo‘shiqlari, musiqa, milliy raqs va estrada, an’anaviy ijrochilik yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyish etishadi. Unda badiiy va ijodiy jamoalarning professional mualliflik ijodiyoti ham ijro etilishi mumkin.

Ko‘rik-tanlov ijrochilari ijro mahorati, professional tayyorgarligi, kasb mahorati, repertuar saviyasi, yuksak badiiy did bilan yondashuvi, sahna madaniyati va artistik mahorati kabi mezonlar asosida baholanadi.

Badiiy va ijodiy jamoalar tomonidan ijro etiladigan asarlar to‘liq jonli ijroda amalga oshiriladi.

G‘olib bo‘lgan badiiy va ijodiy jamoalar diplom, statuetka va quyidagi miqdorda:

1-o‘rin — 300 mln so‘m;

2-o‘rin — 200 mln so‘m;

3-o‘rin — 100 mln so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.

Batafsil ma’lumotni: www.filarmonia.uz saytida olishingiz mumkin.

Ko‘rik-tanlov Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Qo‘shma qaroriga asosan Toshkent viloyati «Madaniyat haftaligi» doirasida Quyi-chirchiq tumani «Beruniy» markazida o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring