Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qo‘shchinorning gul yaprog‘i»: Said Ahmad va Saida Zunnunovalarning nabirasi bilan suhbat (video)

«Qo‘shchinorning gul yaprog‘i»: Said Ahmad va Saida Zunnunovalarning nabirasi bilan suhbat (video)

Foto: Xabar.uz

Saidaxon Xodiyeva iqtisodchi, tilshunos, yoga bo‘yicha murabbiya. Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti hamda Germaniyadagi Kassel va Amerikadagi Western Oregon universitetlarida tahsil olgan.

 – Saidaxon, Siz, o‘zbek adabiyotining ikki atoqli namoyondalari, qo‘shqanot ijodkorlari – Said Ahmad va Saida Zunnunovaning nabirasisiz. Nafaqat, nabiralik rishtasi, balki buvingizni ismi ila sulolaning ildizlari Sizda yashamoqda... Yaqinlaringiz tomonidan ismingiz har aytilganida, qalbingizda nelar kechadi?

– Ota-onam menga bu ismni buvimdan esdalik bo‘lib qolsin, deb qo‘yishgan. Buvisiga o‘xshagan aqlli, esli-hushli, yaxshi bir inson bo‘lib voyaga yetsin, degan niyatlar ila buvimning ismi bilan meni atashgan. «Saida» arabcha so‘z bo‘lib, uning ma’nosi «baxtli» degani. Ota-onam bu ismni menga berishar ekan, ramziy ma’noda menga baxt hadya etishgan. Men o‘zimni chindan ham baxtli deb hisoblayman, chunki bag‘rim butun: ota-onam, akam, singlim bor, sog‘-salomatman. To‘rt muchalim butun, yon atrofdagi dunyoni ko‘rishga ko‘zim, nafis kuylarni, chiroyli so‘zlarni tinglashga qulog‘im, go‘zallikni his etishga qodir qalbim bor. Bularning barchasi men uchun baxt, chunki bu dunyoda qancha-qancha insonlar shunday imkoniyatlardan mahrum. Agar shular haqida  o‘ylasam, o‘zimni naqadar baxtli ekanligimni his qilaman.

– Bizdagi kayfiyat, bizdagi qarashlar, bizdagi tuyg‘ular buvi, buvalarimiz bilan bog‘liq holda kechadi. Ildizlarimizdan uzoqlashib ketolmaymiz. Buvilar qalbi nabiralarga meros bo‘lib qoladi. Buvingiz Saida Zunnunova ijodiga nazar tashlaganingizda, tasavvuringizda qanday ayol sifatida gavdalanadilar? Qaysi sifatlari Sizda mujassam bo‘lishiga intilasiz?

– Buvim juda  pokiza, to‘g‘riso‘z, haqiqatparvar ayol edi. Bu xislatlar ozmuncha bo‘lsa-da  menga ham o‘tgan, deb umid qilaman. Har holda men bu xislatlarni o‘zimda ko‘rishni juda istardim. Qo‘limdan kelganicha, kuchim yetganicha atrofimdagi insonlarga yaxshilik qilishga harakat qilaman. O‘ylaymanki, har bir insonning qalbida yaxshilik bor. Buni faqat ko‘ra bilish kerak. Odam boshqa insonda qaysi xislatlarni ko‘rishni istasa, nimani qidirsa, o‘shani topadi. Agar yomonlikni qidirsangiz, yomonlik, agar odamlardan faqat yaxshilikni izlasangiz, yaxshilik yuzaga chiqadi. Ya’ni, har bir inson o‘ziga nisbatan ko‘rsatilgan ishonchni, mehrni his etsa, u o‘z-o‘zidan yaxshilik tomon qadam bosadi. Demak, shu tariqa  yaxshilarning safi kengayadi.

– Saida Zunnunova hikoyalarida tasvirlagan ayol qahramonlarning qaysi xos jihatlarini hurmat qilasiz?

– Agar buvimning ijodiga nazar tashlasak, buvim, asosan, ayollarning hayoti,  tashvishlari, turmushdagi qiyinchiliklari, muammolari, istaklari haqida hikoyalar, she’r va qissalar yozgan. Shu bilan birga onalik baxtini, bekalik baxtini kuylagan.

Ayol qahramonlarining xos jihatlariga kelsak,

  • Haqiqatparvar ayollar, o‘zining maqsadiga faqat to‘g‘ri yo‘ldan boradigan sofdil insonlar.
  • Ular turmush o‘rtog‘iga, o‘zining sevgilisiga vafodor ayollar.
  • Kuchli, hayotda o‘zining o‘rnini topishga intilayotgan ayollar.
  • Shu bilan birga, ular o‘zining nozik latofatini, ayolligini yo‘qotmagan insonlar.

Ular nafaqat o‘z kasbida mohir mutaxassis, balki oilada ham o‘z o‘rnini topa olgan insonlar – mehribon ayol, mehribon ona, vafodor turmush o‘rtoq, uy bekalaridir. Ya’ni, barcha go‘zal fazilatlarni o‘zida mujassam qilgan ayollar.

– Buvingiz qalamiga mansub «Go‘dak hidi» nomli (hikoyalar to‘plami) kitobning bizning xonadon javonida alohida o‘rni bor. Bu kitob o‘smirlik davrimdan mening eng yaqin sirdoshim. Undagi hikoyalarda ulg‘ayganman va katta hayotning ko‘p savollariga ayni shu kitobdan javob topganman. Aynan «Go‘dak hidi» hikoyasini juda sevib o‘qiganman. U asosida suratga olingan «Seni izlab» nomli film ham asarga nisbatan muhabbatimni oshirgan. Hikoya bir qarashda oddiy, lekin boshqa tomondan qaralganda, adiba mehr-muhabbat tuyg‘usini shu oddiylikda mohirona tasvirlashga erishgan. Xuddiki, buvingiz kelajakdagi nabiralariga muhabbati ramzi sifatida shu hikoyani yozib ketgandeklar, go‘yo...

– Agar buvimning «Go‘dak hidi» hikoyasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu hikoyaning negizida chuqur bir falsafa bor. Hikoyada Shahzoda ismli  bir yosh ayol tasodifan tramvayda Dilbar ismli qizaloqni uchratib qoladi. Kutilmaganda, qizcha uni «Oyijon», deb chaqiradi. Dilbar begona ayolni o‘zining vafot etgan onasiga o‘xshatib  uni mahkam quchoqlab oladi va uni bag‘ridan hech qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Dilbarning otasi noqulay ahvolga tushib qoladi va bir amallab qizini Shahzodaning bag‘ridan chiqarib, shoshilib tramvaydan tushib ketadi. Bu tasodif voqea Shahzodanining hayotini ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi, u qizchani sira esidan chiqara olmaydi. Qizchaning nozik qo‘lchalarini bo‘ynida sezaveradi, go‘dakning hushbo‘y, yoqimli hidi dimog‘iga urilaveradi, qulog‘iga uning ovozi eshitilaveradi.

Uzoq o‘ylash, fikrlash natijasida Shahzoda Dilbarni qidirib topishga ahd qiladi va nihoyat qidirib topadi. U qizchaga onalik mehrini berishga o‘zida qandaydir bir xohishni sezadi. Bu asar onalar mehri haqidagi chiroyli bir hikoya. Asarda farzandning onasiga nisbatan bo‘lgan mehri ham juda ta’sirli ko‘rsatilgan. Ona uchun farzandning begonasi bo‘lmaydi, degan chuqur fikr bor bu asarda. Ya’ni, ona va farzand  o‘rtasidagi kuchli uch rishta tasvirlangan.

Birinchi rishta – Shahzoda va uning keksa onasi o‘rtasidagi munosabat. Shahzoda dugonasi bilan kinoteatrga  borib, uyiga kechikkanida, onasi uning haqida qanchalik xavotir olayotganini o‘ylaydi. Shahzoda Dilbar uchun qo‘g‘irchoq harid qilib uyiga kirib kelganida esa, uning onasi hayron bo‘ladi, lekin qizini ortiqcha so‘roqqa tutmaydi. Onasi qizining qalbida g‘alayon bo‘layotganini, hayotida qandaydir o‘zgarish yuz berayotganini sezadi va qizini o‘z holiga qo‘yadi. Ona qizining shaxsiy hayotiga aralashishni, uning qaroriga ta’sir qilishni lozim topmaydi.

Ikkinchi rishta – Shahzoda va Dilbar o‘rtasidagi munosabat. Shahzodada Dilbarga nisbatan onalik mehri uyg‘onadi, ikkisi bir-biriga intiladi.

Uchinchi rishta esa – Shahzoda va Dilbarning buvisi o‘rtasidagi munosabatdir. Dilbar Shahzodani uyiga yetaklab olib kelganida, Dilbarning buvisi bu yosh ayolni o‘zining marhuma keliniga o‘xshatib, uni o‘z farzandidek qabul qiladi, «Bolaginam», deb bag‘riga bosadi. Bo‘lajak qaynonani Shahzodaning o‘tmishi qiziqtirmaydi, unda Shahzodaga nisbatan onalik mehri kurtak yozadi.

– O‘zingiz ham buvingiz kabi qalam tebratib turasizmi?

– Yo‘q, afsus, men buvim singari she’r yoki hikoyalar yozmayman. Lekin Germaniyadagi ish faoliyatimning boshlanishida men bir media kompaniyasida ishlaganman va reklama filmlariga ssenariylar yozganman. San’atga kelsak, rangtasvirga, o‘zbek milliy matolarining yaratilishiga, qadimiy milliy arxitekturamizga, hunarmandchilik asarlariga, ayniqsa, kulolchilik namunalari – qo‘lda ishlangan sopol idishlarning yaratilishiga juda qiziqaman. Musavvirning mahorati, tasavvuri, didi, naqshlardagi turli ranglarning bir-biriga uyg‘unligi, mutanosibligi meni ilhomlantiradi, hayratlantiradi. Sayyoh sifatida dunyo kezishni, boshqa yurtlarning madaniyati, san’ati, hayoti bilan tanishishni yoqtiraman. Biron-bir yurtga borsam, albatta, o‘sha yerdagi muzeylarni  ko‘rishga, o‘sha xalqning madaniyati, urf-odatlari bilan yaqindan tanishishga harakat qilaman. Imkoniyatim bo‘lganda, ko‘proq toza havoda sayr qilaman, daraxtlarning, gullarning chiroyidan zavqlanaman. Ona tabiatni sevaman, u menga kuch, ruh bag‘ishlaydi.

– O‘z faoliyatingiz, mutaxassisligingiz bo‘yicha izlanishlaringiz bilan  yaqin tanishtirsangiz. Germaniya safari taraddudida ekanligingizni bilib, Siz bilan tezlikda suhbatga oshiqdik. Germaniya bilan Sizni nima bog‘lab turadi?

– Toshkentda Sharq tillari litseyida tahsil olganimda, o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan «Exchange»(almashuv) dasturi bo‘yicha Amerikaga borganman. U yerda  men bir oy davomida amerika oilasida yashab, o‘sha yerdagi maktabda o‘qiganman. O‘shanda menga boshqa yurtlardagi odamlarning yashash tarzi, urf-odatlari va o‘quv tizimi qiziq ko‘ringan.  Lekin u davrda internet hozirgidek rivojlanmagan edi. Chet tillarini internet orqali mustaqil o‘qishga hozirgidek imkoniyat yo‘q edi. Shu sabab, men Toshkentdagi Iqtisodiyot universitetini bitirganimdan so‘ng, Germaniyada bir yil davomida nemis tilini o‘rgandim va o‘sha yerdagi universitetga imtihon topshirib, o‘qishga kirdim. Litseyda va universitetda men ingliz tilini o‘qigan edim, nemis tilini bilmasdim, shuning uchun  Germaniyada o‘qish men uchun avvaliga qiyin kechgan. Lekin sekin-asta muhitga o‘rgandim, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda kiyim-kechak do‘konida konsultant bo‘lib ishladim, o‘zim tahsil olgan Germaniyadagi Kassel Universitetida Claudia Finkbeiner ismli bir professor ayolga assisitentlik qildim. Shunday qilib, sekin-asta nemis tilini puxta o‘rganib oldim. Germaniyada o‘qib yurgan kezlarim bir o‘quv dasturi bo‘yicha Amerikaning Oregon shtatidagi universitetda ham tahsil olib keldim. Bu mening dunyoqarashimni yanada kengaytirdi, boyitdi. Hozirgi kunda bir kompaniyada Projektmanager bo‘lib faoliyat yuritaman.

O‘ylaymanki, inson sog‘lom bo‘lsa, fikrlashi ham tiniq, sog‘lom bo‘ladi. Shuning uchun men sog‘lig‘imga katta e’tibor beraman. Boshida yoga bilan shunchaki havasga shug‘ullangan edim. Lekin keyinchalik, yoga bilan jiddiy shug‘ullanishni boshladim va yoga bo‘yicha o‘qituvchilik kurslarini ham bitirdim. Hozirgi kunda asosiy ishimdan bo‘sh  vaqtlarimda, yoga maktabida talabalarga dars beraman.

 Lobar Qobilova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring