Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qilar ishni qilib qo‘ygan» hokim uzr so‘radi (video)

«Qilar ishni qilib qo‘ygan» hokim uzr so‘radi (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

Bir zumda «internet yulduzi»ga aylangan Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov qanday karomat ko‘rsatganidan boxabarsiz. To‘rt bosh jo‘xori «o‘g‘irligi» sabab o‘zidan yoshi ancha katta bo‘lgan otaxonni nabiralari oldida haqoratlab, izza qilgan amaldor, bugun, nihoyat, voqelikka oydinlik kiritdi go‘yo.

«Daryo» sayti muxbiri bilan suhbatda hokim «o‘g‘rilik» holati aks etgan videoni o‘zi tasvirga olgani, videotasvir ham uning tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilganini tan oladi. O‘z xatti-harakatlarini esa «...Tadbirkor mehnatini qadrlagani va tumanning eksporti haqida qayg‘urgani» bilan oqlashga harakat qiladi.

Suhbat jarayonida R.Komilov hayajonlanganidanmi yoki jamoatchilik bosimi tufaylimi, ishqilib, gaplari biroz poyintar-soyintar chiqqan ko‘rinadi: «...Holatni ko‘rib, jahlim chiqqani rost. Biroq men aytgan qo‘pol so‘zlar boshqa birovga (?!) qaratilmagan. Ya’ni hech kimni haqoratlamadim(?!)». Pirovardida u xato qilganini ta’kidlab, shunday deydi: «Xato qildim va xatoyimni anglab yetdim. Buning uchun xalqimizdan uzr so‘rayman va bu holat takrorlanmasligiga va’da beraman».

Amaldor o‘z xatosini tan olgani yaxshi. Uzr so‘ragani ham chakkimas. Biroq hamma narsa oshkor bo‘lib, boshqa chora qolmaganidan keyin uzr so‘rashning qadri bo‘lishi mumkin, illo quvvati bo‘larmikan?! Gap shunda! Zero, mamlakat rahbari adashib, yot oqimlarga kirib ketgan kimsalarniki kechirib, bag‘rikenglikning yuksak namunasini ko‘rsatayotgan bir paytda to‘rt bosh jo‘xori uchun bir otaxonni nabiralari oldida haqoratlab, kamiga buni tasvirga olib, tarmoqlarda tarqatgan amaldorning qilig‘i insoniylikning qaysi me’yoriga to‘g‘ri keladi?

Endi hamma gap prokuraturada qoldi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda prokuratura organlari Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilovning «izquvarligi» holati yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring