Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryo viloyati hokimi Xabar.uzda chiqqan maktubga javob berdi

Qashqadaryo viloyati hokimi Xabar.uzda chiqqan maktubga javob berdi

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Bir necha kun avval saytimizda «Hokim almashdi, lekin muammolar qoldi. Qashqadaryoning yangi rahbari Murod Azimovga maktub» nomli maqola e’lon qilingan edi.

Viloyat rahbari ushbu murojaat tarzidagi xatga javob maktubi tahririyatimizga yubordi. Quyida javob matnini to‘liq holda hukmingizga havola etamiz. 

«Qadrli inim Ulug‘bekjon!

«Xabar.uz» saytidagi maqolangizni katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Men barcha fasllar kabi qishni ham yaxshi ko‘raman. Men ham erta tongdan tiniq suv bilan yuviladigan katta ko‘chalarga ega issiq domlarda tug‘ilganim yo‘q. Siz aytgandek, qishloqda ulg‘aydim. Chang ko‘chalarda unib-o‘sdim, daryolardan suv ichdim.

Siz xalqning dardini o‘ylab yozgan va meni ham qiynaydigan o‘sha sovuq kunlar haqidagi mulohazalaringizga albatta befarq emasliginimni tushunishingizni istar edim.

Mening ham niyatim, Siz orziqib yozgan Toshkentdagi ko‘chalar charog‘onligi, taomxonalar obod va gavjumligi, odamlar turli joylarda madaniy hordiq chiqarayotganidek sharoitlarni Qashqadaryo viloyatida ham yaratishdir. O‘zim tug‘ilib o‘sgan vohamga shu niyatlarni maqsad qilib keldim.

Darhaqiqat, qilinadigan ish ko‘p, albatta, jurnalist o‘laroq men bilan ma’nan birga bo‘lganingiz qanchalar yaxshi. Ko‘targan muammolaringiz meni ham jiddiy tashvishga solishi rost va ularning yechimi faoliyatimizda ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib qoladi.

Shu vaqtga qadar bo‘lgan elektr uzilishlari muammosini men kelib birdan hal qilib berishga va’da bermayman. Chunki, bu kompleks yondashuvni va vaqtni talab qiladigan masala. Ammo, ishonchingiz komil bo‘lsinki, yil sayin vaziyatni shubhasiz, yaxshilaymiz, transformatorlar yangilanadi, simyog‘ochlar o‘zgartiriladi. Bu borada Prezidentimiz hamma tizimni bosqichma-bosqich yaratib bermoqdalar.

Ishsizlik muammosi bo‘yicha ham tizimli yondashuvlarni o‘ylayapman. «Viloyatlar orasida birontasi Qashqadaryochalik o‘zining eng salohiyatli farzandlarini poytaxtga, chet elga berib yubormagan bo‘lsa kerak», degan qarashingizga ham qarshiligim yo‘q. Ularni qaytarib olib kelish to‘g‘ri fikr emasligini ta’kidlagan holda, yangi avlodning sizib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida jiddiy bosh qotirishimiz kerakligini ham chuqur anglayman.

Tadbirkorlik qilishda byurokratiya va to‘siqlarning ko‘pligi albatta, kamaytiramiz, ishlab chiqarish korxonalarini ham ko‘paytirish istagidaman.

Korrupsiya, ta’lim tizimi, iqtisodiy tarmoqlarning ko‘rsatkichlari bilan ilk ish kunimdanoq shug‘ullanishni boshlaganman.

Albatta, barcha insonlar, jumladan Qashqadaryo eli ham yaxshirog‘iga munosib.

Do‘stim Ulug‘bek, bir inson u qanchalik intilmasin va reja qilmasin, agar atrofida butun jamoasi, minglab qo‘llab quvvatlovchi hayrixoh insonlar bo‘lmasa, kutilgan samaraga erishish qiyin.

Vaqtingiz bo‘lsa, keling. Eshigim jurnalistlar, blogerlar, yuragida aholi dardini jo etib olgan barcha-barcha insonlar uchun doim ochiq. Muhtaram Prezidentimizning o‘zlari aynan shunday ochiq va xalqchil siyosat olib borayotganlari biz uchun hamisha o‘rnak.

Albatta keling, men bilan bir-ikki kun hamroh bo‘lib, ish faoliyatim bilan tanishing va muammolarni birgalikda hal qilishga ko‘maklashing. Zero, bu Vatan ravnaqi uchun barchamiz bir kuch va bir musht bo‘lib g‘ayratu shijoatimizni safarbar etaylik.

Sizga samimiy do‘stlik hurmati bilan,

Murotjon Azimov, viloyat hokimi».

P.S: Murotjon Azimov hokimlar ichida ilk bor jurnalist ochiq xatiga tezkor javob qaytargan rahbarga aylandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring