Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-sentyabr kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Islohotlar natijasida kimyo sanoatida mahsulot turi ko‘payib, rentabellik oshdi. Joriy yil 8 oyda 1 million tonnadan ziyod mineral o‘g‘it ishlab chiqarildi. Eksport qariyb 2 baravar ko‘payib, 330 million dollarga yetdi.

Yana bir muhim jihati, sohaga investorlarning ishonchi ortib, sarmoya kiritishni boshladi. Jumladan, bugungi kunda xususiy sektor kimyo tarmog‘ida 2 milliard dollarlik 15 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ularning 5 tasi yaqinda ishga tushdi.

Shu bilan birga, sohani yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan tarmoqqa aylantirish bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p. Korxonalarni xomashyo bilan ta’minlash va texnologik yangilash, kimyo klasterlari tashkil etish, ishlab chiqarishni kengaytirish zarur.

Taqdimotda shu borada bajarilgan ishlar va yil yakunigacha kutilayotgan natijalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari bu sohadagi kelgusi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi yirik korxonalar negizida 4 ta kimyo klasteri tashkil etilmoqda. Ular xomashyodan tayyor mahsulotgacha ishlab chiqaradigan bo‘ladi. Hozirda 1,8 milliard dollarlik 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda va 5,6 milliard dollarlik yana 29 ta loyiha rejalashtirilgan.

Prezidentimiz ushbu klasterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun loyiha ofisi tuzish, bo‘sh turgan maydonlarni lotlarga ajratib, xususiy investorlarni jalb etish kerakligini aytdi.

Kimyo zavodlarida ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘it bilan uzluksiz ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Bozorda hamisha talab bo‘lgan yana bir yo‘nalish – maishiy kimyo vositalari. Hozircha bu talabning katta qismi import hisobidan qoplanmoqda. Mahalliy mahsulotlarning o‘rnini oshirish uchun xomashyo va sifat kerak. Shu bois bu yo‘nalishda xususiy sektorga keng o‘rin berib, ularni xomashyo bilan ta’minlash, xalqaro brendlarni olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring