Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Prezident ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qonunda ko‘p kvartirali uy, umumiy mol-mulk kabi tushunchalar ochib berildi, deb xabar bermoqda «Huquqiy axborot» kanali.

Jumladan, ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasiga yoxud bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga mustaqil chiqish yo‘laklariga ega bo‘lgan ikki va undan ortiq kvartiralar majmui ko‘p kvartirali uy hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida belgilanadi.

Ko‘p kvartirali uyni boshqarish quyidagilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin:

  • bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan;
  • yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo‘lgan boshqaruvchi tomonidan shartnoma asosida;
  • bitta yoki zich joylashgan bir nechta ko‘p kvartirali uyda turar joylarning va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi uy-joy mulkdorlarining shirkati bo‘lgan notijorat tashkilot tomonidan.

Shuningdek, Qonunga ko‘ra, umumiy mol-mulk joylarning mulkdorlariga umumiy ulushli mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi.

Agar umumiy mol-mulkning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o‘tkazilishi boshqa mulkdorlarning o‘z mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan bo‘lsa, u boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o‘tkazilishi mumkin emas.

Qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-maygacha Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida, Jizzax va Marg‘ilon shaharlarida ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda ushbu Qonun normalarini aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment o‘tkazadi.

Huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha 2020-yil 1-iyunga qadar bo‘lgan muddatda ushbu Qonun normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qo‘llash to‘g‘risida Qonunchilik palatasiga taklif kiritiladi.

Ushbu Qonun 2020-yil 1-avgustdan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring