Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekkino» bir qator muhim kinoloyihalarni to‘xtatadi

«O‘zbekkino» bir qator muhim kinoloyihalarni to‘xtatadi

Foto:«Yandeks»

«O‘zbekkino» Milliy agentligi mamlakatimizda koronavirus tarqalishining oldini olish bir qator muhim kinoloyihalarni amalga oshirishni to‘xtatishini ma’lum qildi. 

«O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha zarur choralarning kuchaytirilishi munosabati bilan «O‘zbekkino» mamlakatimiz hududida kelishuvlar doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro kinoloyihalarni suratga olish ishlarini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Biz, shuningdek suratga olish guruhlarining xorijiy safarlarini ham to‘xtatyapmiz. Buni bizning tomonimizdan yuzaga kelgan fors-major holati sifatida qabul qilishingizni iltimos qilamiz. Siz, xorijiy hamkorlarimiz bilan o‘rnatilgan aloqalarni yuksak qadrlaymiz. Sizni tez fursatda mavjud vaziyat bilan bog‘liq har qanday o‘zgarishlar haqida xabardor qilamiz. Sizni ishontirib aytamanki, loyihalarni albatta amalga oshiramiz. Bizni tushunganingiz uchun tashakkur», - deyiladi «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqovning bir qator yirik kinokompaniyalarga yo‘llagan murojaatida.

Mazkur holat yuzasidan, oldin matbuotda e’lon qilingan bir qator hamkorliikdagi loyihalarni suratga olish ishlari noma’lum muddatga qoldirildi. Xususan Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Boburiylar sulolasi haqidagi kinoserial («EMMAY ENTERTAIMENT» kinokompaniyasi, Hindiston, budjet – $10 mln), «Malenkiy Muk» (“Kichkina Muk”) oilaviy badiiy filmi (STV kinokompaniyasi, Rossiya. Budjet –$9 mln.ga yaqin), «Mister Nokaut» sport-dramasi (“Kinodom” kinokompaniyasi, Rossiya. Budjet - $3 mln), Farhod Mahmudov rejissyorligidagi «Podarok fei» (“Parining sovg‘asi”) ertak-filmi (Budjet - $ 1 mln.) Bi-bi-Si buyurtmasiga binoan, Abu Ali Ibn Sino faoliyati haqida “Clan production” media-kompaniyasi tomonidan suratga olinishi mo‘ljallangan hujjatli film, Malayziyaning RTM telekompaniyasi hamkorligidagi, Imom al-Buxoriy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan 10 qismli hujjatli film, ushbu davlatning “Akila Emas” hamkorligidagi 5 qismli O‘zbekiston haqida hujjatli filmlari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan mamlakatimizdan tashqarida suratga olinayotgan barcha filmlar va seriallarni tasvirga olish ishlari noma’lum muddatga ko‘chirildi. Rossiyada “Baron. Qaytish” (Rossiyaning «Inferno» prodyuserlik markazi bilan hamkorlikda, budjet –$1,5mln. atrofida), Rossiya va Belarusda o‘zbek adabiyotining atoqli vakillari Hamid Olimjon va Zulfiya hayoti haqida hikoya qiluvchi “Muhabbat bahori” (Budjet $700 ming) badiiy filmlari shular jumlasidan. Qolaversa, 2020 yilning 27-29 mart kunlari mamlakatimizda o‘tkazilishi mo‘ljallangan “Yapon kinosi kunlari”, shuningdek, aprel oyiga mo‘ljallangan “Nemis kinosi kunlari” doirasidagi “Shlingel” (“Shum bola”) festivali hamda “Tatar kinosi kunlari” ham vaqtincha qoldiriladi.

«O‘tgan yilning sentyabr oyidan boshlab, ko‘pgina davlatlarga borib, uchrashuv va taqdimotlar o‘tkazdik. Natijada bizning bozorga qator xorijiy kinokompaniyalarni hamkorlikda ishlashga jalb qilgan edik. Xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda suratga olinishi mo‘ljallangan kinoloyihalarning umumiy qiymati taxminan 25 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Ayni paytda barcha hamkorliklarimiz vaziyatni tushungan holda, taklifimizni to‘g‘ri qabul qilib, koronavirus xavfi bartaraf etilishi va hamkorlikdagi ishlarimiz tiklanishini kutishmoqda” – deydi “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring