Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston, vaksinatsiya: tanlov va tayyorgarlik jarayoni qanday ketmoqda?

O‘zbekiston, vaksinatsiya: tanlov va tayyorgarlik jarayoni qanday ketmoqda?

Shahlo Turdiqulova Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori lavozimida ishlagan.

Sh.Turdiqulova 1973-yil 28-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995 yil Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini tamomlagan.

Biologiya fanlari doktori, professor. «Do‘stlik» ordeni sohibasi. Ilmiy faoliyati davomida 160 tadan ortiq ilmiy ishlari, jumladan, 2 ta o‘quv darslik va 2 monografiyasi chop etilgan. Xalqaro ilmiy matbuotda 40 dan ortiq maqolalari chop etilgan.

Quyida muallifning vaksinatsiya va O‘zbekistondagi vaziyat yuzasidan mulohazalari tushirilgan maqolasini taqdim etamiz. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan yilning 11 martida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatga pandemiya, deb baho bergan davrdan shu kunga qadar COVID-19 221 mamlakatda qayd etildi. Koronavirus aniqlanganlar soni 110 milliondan, kasallikdan vafot etganlar 2,4 milliondan oshdi. Ilm-fan, tibbiyot, nanotexnologiyalar taraqqiy etgan davrimizda shunchalik talafot kuzatilgani pandemiya insoniyatni nechog‘liq murakkab ahvolga solib qo‘yganidan dalolat beradi.

Insoniyat turli xastaliklar bilan kurashib kelyapti. Bu kurashda kasallikka qarshi immun tizimini hosil qiluvchi vaksinalar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, pandemiya tarqalishi bilan dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlari koronavirus vaksinasini yaratish yo‘lida qattiq izlanishga kirishdi. Mana shu intilishlar natijasida bugungi kunda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Hindistonning yirik farmatsevtika kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan o‘n to‘rtta vaksina JSSTda tasdiqdan o‘tkazish hamda uchinchi bosqich klinik sinovlari jarayonida. Butun insoniyat shularga umid nigohini qaratgan.

JSST talabiga ko‘ra, har qanday vaksina bir yil davomida klinik sinovlardan o‘tgandan keyingina ro‘yxatga olinadi. Biroq koronavirus infeksiyasining keskin tarqalishi hamda o‘lim ko‘rsatkichining yuqoriligi sababli COVID-19ga qarshi ikkita vaksina (Pfizer va AstraZeneca) favqulodda foydalanish uchun ro‘yxatga olindi.

Ayrim mamlakatlarda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida JSST ro‘yxatga olmagan yoki uchinchi bosqich klinik sinovlari yakunlanmagan vaksinalar favqulodda holatni inobatga olgan holda ommaviy emlashga tavsiya etildi.

Dunyo aholisining o‘n uch foizini tashkil etadigan Yevropa Ittifoqiga a’zo yigirma sakkiz mamlakat va to‘rtta yirik davlat (AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya) koronavirusga qarshi vaksinalarning dunyo bo‘yicha uchdan ikki qismiga buyurtma bergani, shuningdek, unga bo‘lgan talab yuqoriligi hamda ishlab chiqarish quvvati yetarli emasligi tufayli jahon miqyosida taqchillik kuzatilmokda. Vaholanki, buyurtma berilgan ayrim vaksinalarning, hatto klinik sinovlari ham yakunlanmagan.

Yevropa mamlakatlari orasida aholini­ommaviy emlash ko‘rsatkichi shu yilning 15 fevral holatiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 0,8 foiz, Germaniyada 1,3 foiz, Italiyada 2 foiz, Fransiyada 0,6 foiz, Ispaniyada 1,9 foizni tashkil etdi. Har yuz ming kishiga nisbatan emlangan aholi ko‘rsatkichi bo‘yicha Malta birinchi o‘rinni egalladi. Yevropa komissiyasi shu yil yoz mavsumi oxirigacha aholining yetmish foizini emlashni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqida faqat Pfizer/BioNTech, Moderna va AstraZeneca vaksinalari ma’qullangan hamda ulardan foydalanish tavsiya etilgan. Biroq ishlab chiqaruvchilar vaqt nuqtai nazaridan ushbu preparatlarni yetarli miqdorda ishlab chiqarish uchun quvvat yetishmasligini qayd etmoqda.

Mana shunday murakkab vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi farmoyishiga binoan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi hamda hukumat tomonidan aholini koronavirusga karshi ommaviy emlash yuzasidan qator chora-tadbirlar bajarilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz aholisini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlariga yo‘naltirilgan 3 trillion so‘m mablag‘ hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Yurtdoshlarimizni ommaviy emlash maqsadida dunyoning 12 ta farmatsevtika kompaniyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan COVID-19ga qarshi vaksinalarni tezkor yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Koronavirusga qarshi emlashning xalqimiz uchun eng samarali va tezkor yo‘llari izlanyapti. Bu jarayonda Sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda yurtimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, ommaviy emlashga tayyorgarlik doirasida o‘zbekistonlik bir guruh mutaxassislar «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga xizmat safariga yuborildi. Safar davomida «Sputnik V» vaksinasini O‘zbekistonga yetkazib berish hamda yurtimiz fuqarolarini mazkur vaksina bilan emlagan holda Rossiya Federatsiyada ishlashiga ruxsat berish masalalari ham muhokama qilindi.

Mamlakatimizga taqdim etilgan yuz doza miqdoridagi «Sputnik V» vaksinasining laboratoriya tekshiruvlari hamda Rossiyada o‘tkazilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasida sertifikatlangan holda ommaviy qo‘llashga ruxsat etildi. Hozir Rossiya investitsiya fondi bilan bir million doza «Sputnik V» vaksinasini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Yuqorida aytganimizdek, mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksina keltirish borasida barcha imkoniyat va vositalardan foydalanishga harakat qilinyapti. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi GAVI (Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyans) tashkilotining COVAX (koronavirusga qarshi emlash mexanizmi) fondiga a’zo davlatlar qatoriga kiritilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur fond hisobidan yurtimiz aholisining yigirma foizini koronavirusga qarshi emlash uchun yetarli miqdorda vaksina keltirish uchun buyurtma tayyorlanib, GAVI tashkilotiga taqdim etilgan. COVAX fondi dunyo bo‘ylab vaksinalarni ishlab chiqarish imkoniyatidan kelib chiqqan holda, shu yilning yarmigacha mamlakatimizga 2,64 million doza AstraZeneca vaksinasi bosqichma-bosqich yetkazib berilishini ma’lum qildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ­Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida Innovatsion rivojlanish vazirligi (O‘zbekiston) hamda Fan va texnika vazirligi (Xitoy) o‘rtasida Ilmiy-texnik hamkorlik bo‘­yicha quyi qo‘mita faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Mazkur qo‘mita tomonidan koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishda hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti va ushbu mamlakatning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi hamkorligida koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borildi.

Hamkorlik doirasida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida uch tomonlama shartnoma asosida koronavirusga qarshi «ZF 2001» vaksinasi bo‘yicha klinik tadqiqotlar o‘tkazish yuzasidan bitim imzolandi.

Vaksinalar yaratilishi bo‘yicha to‘rt xil xususiyatga ega bo‘ladi.

Birinchisi, kuchsizlantirilgan SARS-CoV-2 vaksinasi bo‘lib, organizmga yuborilganda virus qayta faollashishi hamda koronavirus infeksiyasini keltirib chiqarishi mumkin.

Ikkinchisi, m-RNK turdagi vaksina himoya qobig‘iga o‘ralgan koronavirus genomi fragmenti asosida yaratiladi. Bu yangi texnologiya bo‘lib, oldin qo‘llanilmagan. Inson salomatligiga ta’siri noma’lum. 70 yoki 80 daraja sovuq sharoitda saqlash lozim. Biroq bunday imkoniyat faqat maxsus laboratoriyalarda mavjud.

Uchinchisi, adenovirus vektorli vaksinalar adenovirus asosida sun’iy yaratilgan virus va koronavirus oqsilini kodlovchi gen bo‘lagidan tashkil topgan. Odam organizmiga koronavirus DNK bo‘lagi kirgach, koronavirusning tuzilish oqsili sintezlanadi. Yot DNK bo‘lagining odam genomiga integratsiyalashish ehtimoli mavjud.

To‘rtinchisi, rekombinant oqsil vaksinalari koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olinadi. Organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil bo‘ladi. Boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega. So‘nggi o‘n yilda keng qo‘llangan vaksina turi hisoblanadi. Gepatit, papilloma, pnevmoniya, meningakokk va boshqa xastaliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun qo‘llangan. Saqlash sharoiti ham mavjud imkoniyatlarga mos: 2 dan 8 darajagacha iliq muhitda saqlash mumkin.

«ZF 2001» vaksinasi rekombinant oqsil vaksinalari turkumiga mansubligi hamda nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelishi boshqa turdagi vaksinalarga nisbatan kamligi inobatga olinib, uning klinik tadqiqotlarini hamkorlikda o‘tkazishga qaror qilindi. Mazkur vaksinaning bir va ikki bosqichli klinik sinovlari natijalariga ko‘ra nojo‘ya ta’siri 0,3-0,5 foizdan kam bo‘lgan.

Rekombinant oqsilli «ZF 2001» vaksinasi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan belgilangan tartibda barcha xavfsizlik ko‘rsatkichlari sinovidan o‘tkazildi. Uning ijobiy natijalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga ruxsat berildi.

Ushbu tadqiqotlar hamkorlikda o‘tgan yilning noyabr oyidan buyon Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasining sakkiz nafar ilmiy xodimi va mamlakatimizdan o‘ttiz nafar olim hamda 112 nafar tibbiyot xodimi ishtirokida yurtimizda o‘tkazilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, «ZF 2001» vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari dastlabki bosqichi tibbiyot xodimlari tomonidan klinik sinovda qatnashuvchi shaxslarning tibbiy nazoratini tizimli tashkil etish uchun Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya ko‘ngilli xizmatchilarida o‘tkazilishi belgilandi.

Tadqiqotlarda har bir ko‘ngilli ishtirokchi 28 kun oralig‘ida uch dozada «vaksina/platsebo” sxemasida emlanishi ko‘zda tutildi. Bugungi kunga qadar (2021-yil 24-fevral holatiga ko‘ra) 6 ming 835 kishi birinchi, 4064 kishi ikkinchi, 254 nafar ko‘ngilli uchinchi doza bilan emlandi. Klinik sinovda qatnashuvchilar umumiy o‘n marotaba poliklinikaga kelib, ko‘rikdan o‘tishi belgilangan. Sinov ishtirokchilarining birinchi emlashdan keyin yetti kun davomida, keyingi har bir emlashdan so‘ng sakkizinchi kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tishi ta’minlanmoqda. Shuningdek, har uch kunda Sall-center xodimlari telefon orqali bog‘lanib, ko‘ngillilarning ahvolidan muntazam xabardor bo‘lmoqda.

Bizni xursand qilgan natija shuki, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda ­O‘zbekistonning hissasi va sa’y-harakatlarini inobatga olib, mamlakatimizni «ZF 2001» vaksinasini birga yaratgan hammuallif davlat sifatida ­e’tirof etdi. Ushbu yangi vaksinani «ZF-UZ-VAC 2001» nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va undan foydalanishga rozilik bildirildi.

Bugungi kunda vaksinaning mamlakatimizda uchinchi bosqich sinovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani va ­O‘zbekistonning ushbu vaksinani yaratish va ishlab chiqarishda hammuallif davlat etib belgilangani inobatga olinib, «ZF-UZ-VAC 2001» vaksinasini favqulodda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Vaksina hammuallifi sifatida tan olinish mamlakatimizga ko‘plab yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Avvalo, emlash vositasi yurtimizda ishlab chiqariladi. O‘zbekiston brendi sifatida dunyoga taniladi. Mintaqa aholisiga vaksina yetkazib beruvchi davlat maqomiga erishamiz. Shunday bo‘lgach, yurtdoshlarimizni koronavirusga qarshi emlash jahondagi vaksina ishlab chiqaruvchilar taklif etgan qiymatdan ancha arzonga tushadi. Bu — pandemiya hali-hamon insoniyatni tahlikada tutib turgan bir payt­da dunyoning ko‘plab davlatlari havas qilgulik muvaffaqiyat.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni amalga oshirish bilan bog‘liq vazifalar belgilab olindi. Unga muvofiq, xalqaro tajriba asosida xavf guruhiga kiruvchi shaxslar, ya’ni dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 4 milliondan ziyod aholini birinchi navbatda emlash rejalashtirilmoqda. Bu toifaga 65 yoshdan yuqori qariyalar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasallikka chalinganlar, maktabgacha ta’lim va umumta’lim muassasalari xodimlari, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kiritilgan.

Ayni paytda emlanishi zarur bo‘lgan shaxs­larning elektron ro‘yxatini shakllantirish, 3 ming 138 ta emlash punkti, 862 ta harakatdagi va mobil brigada faoliyatini yo‘lga qo‘­yish ishlari olib borilyapti. Bitta markaziy, o‘n to‘rtta hududiy hamda 206 ta tuman (shahar) vaksina saqlash joyi mavjud bo‘lib, ulardagi 457 ta sovitkich, 148 ta elektr generatori, 121 ta termosumka va termokonteynerlar shay holatga keltirildi.

Bundan tashqari, aholini koronavirusga qarshi emlashga talab yuqori bo‘lgan taqdirda, hududlardagi sport inshootlari yoki boshqa binolar, hozir konservatsiya qilingan taqsimlash va saralash markazlarida vaksinatsiya tadbirlarini ommaviy tashkil etish rejalashtirilgan. «Sovuqlik zanjiri» tizimini saqlagan holda vaksinalarni hududlar orqali tashish uchun mamlakatimizga o‘n yettita avtorefrijerator va ikki yuz oltita mini-avtorefrijerator keltirildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiy byurosi hamkorligida shu yilning 21-27 fevral kunlari aholini emlash jarayoniga jalb etiladigan tibbiyot xodimlari koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha qayta va to‘liq tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring