Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston chempioni og‘ir jinoyatga qo‘l urdi, so‘ng... o‘zini «militsiya»ga topshirdi

O‘zbekiston chempioni og‘ir jinoyatga qo‘l urdi, so‘ng... o‘zini «militsiya»ga topshirdi

Illyustrativ foto

Sportning Taekwondo WTF turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va Osiyo chempionati sovrindori bo‘lgan J. og‘ir jinoyatga qo‘l urdi. U sportda erishgan yutuqlari asosida berilgan imtiyoz asosida yaqinda O‘zbekiston Milliy universitetiga qabul qilingandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining sudyasi E.Hakimovning O‘zAga ma’lum qilishicha, endigina 18 yoshni qarshilagan J.ning bolalarcha qiziqishi O‘zbekiston tumani IIB YHXGga qarashli «Shodlik» MFY hududida joylashgan jarima maydonida saqlanayotgan «JAWA» rusumli mototsiklni o‘g‘irlik yo‘li bilan olib qochishga undadi.

U 2020-yil 2-sentyabr kuni soat 02:00 larda «JAWA» rusumli mototsiklni o‘g‘irlab olib chiqdi-yu, yo‘lda ketayotganda qilgan ishidan afsuslanib, o‘zi yashaydigan mahalla profilaktika inspektorining telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qilmishini aytib, aybini bo‘yniga oldi.

Birozdan so‘ng, yetib kelgan profilaktika inspektori tegishli hujjatlarni rasmiylashtirdi. Mototsikl jarima maydonchasiga, J. esa qamoqqa ravona bo‘ldi.

Sud majlisida so‘roq qilingan J. mototsikl minishga juda qiziqqani sababli shu ishni qilgani, uni bir kun minib, keyin yana joyiga olib borib qo‘ymoqchi bo‘lganini bildirgan.

Mototsikl egasi esa suddan J.ning kelajagini barbod qilmaslikni, agar u ozodlikdan mahrum qilinadigan bo‘lsa, o‘sha mototsiklini kerak bo‘lsa yoqib yuborishini, J. sodir etgan jinoyat natijasida hech qanday moddiy zarar ko‘rmagani, uni kechirganini aytib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

J. o‘zining jinoiy harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi «g» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni qasddan sodir etgan. U Jinoyat kodeksida belgilangan modda sanksiyasi doirasida 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi.

Lekin sud J.ga jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati jabrlanuvchiga zarar yetkazilmagani, uning universitet talabasi ekani, sportda erishgan yutuqlari, aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz va pushaymonligini hisobga oldi.

Shunngdek, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat kengashi tomonidan berilgan ijobiy tavsifnomani hisobga olib, sud JKning 57-moddasini qo‘llab, modda sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, J.ga kech soat 21:00 dan ertalab soat 6:00 gacha yashash joyidan chiqmaslik, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash va o‘qish joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlarni yuklab, qamoqdan ozod qilishni lozim topdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring