Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘ylamay homilador bo‘lib, bola oldirayotganlar soni ortmoqda (video)

«Xabar.uz» sayti bugunning global muammolaridan biriga aylangan va ko‘plab xatarli kasalliklarning «uyg‘onishi»ga turtki bo‘layotgan «Abort va uning asoratlari» haqida ma’lumot olish uchun Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-akusherlik va ginekologiya kafedrasi assistenti, tibbiyot fanlari nomzodi Gulmira Ahmedova qabulida bo‘ldi.

Dunyoning turli nuqtalarida bola rejalashtirishning qulay va xavfsiz usullari borasida hamon munozaralar uchrab turadi. Bugunga kelib, hatto, din peshvolari ham oila va jamiyat sog‘ligi, baxtu saodati uchun rejali oila qanchalik muhimligini tushunib yetgan.

Biroq shunga qaramay, pul topish, karera qilish yoki o‘ylamay bosilgan qadam tufayli homilador bo‘lib qolgan, ammo farzand ko‘rishni xohlamay abort qildirayotgan ayollar soni tobora ortmoqda.

Azizlarim, abortga homiladorlikdan saqlovchi usul sifatida qaramang. Har bir abort keyinchalik homilador bo‘lishni qiyinlashtiradi yoki ayolni bir umrga bepusht qilib qo‘yadi. Shuningdek, u ko‘p qon ketishi va infeksiyalarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Tasavvur qiling, vujudingizda kichik bir yurakcha uryapti, siz esa uni yashashdan mahrum etdingiz. Natijada keyinroq o‘zingizni aybdor bilib, ruhan ezilasiz, xatoingizni «yuvish» uchun yana homilador bo‘lishga harakat qilasiz, mabodo o‘xshamay qolsa, bir umr azobda qolasiz...

Abort taqiqlangan joylarda ayollar yashirincha, qonunga xilof ravishda sharoiti yo‘q, malakasiz odamlarga uchrab, bola oldirishadi. Bunday abort oqibatida minglab ayollar hayotdan ko‘z yumadi…

Agar ayollar homiladorlikdan saqlanish usullarini yaxshi bilib, ulardan oqilona foydalanishsa, ko‘plab asoratlar va o‘limlarning oldi olinadi.

Yigirmaga kirmagan va o‘ttiz besh yoshdan oshgan yoki ko‘p bola tuqqan ayollar uchun homilador bo‘lishdan ko‘ra, homiladorlikdan saqlanish xavfsizroqdir.

Bola yashab ketadigan darajada rivojlanmay turib, ayol homiladorligining to‘xtatilishi – abort deyiladi.

Mavzu yuzasidan o‘zingizni qiziqtirgan ma’lumotlarni videosuhbatdan olishingiz mumkin.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring