Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Ona – qotil, aybdor esa – hamma!

Ona – qotil, aybdor esa – hamma!

Foto: «Sevimli TV»

Kuni kecha Qo‘qonda sodir bo‘lgan mudhish hodisa nafaqat o‘zbeklar, balki butun dunyo ahlini larzaga solishi aniq. Ona farzandini bug‘ib o‘ldirib, o‘zi xotirjam ishlash uchun Toshkentga ketgan. Ijtimoiy tarmoqlarda asosiy mavzuga aylangan bu hodisada barcha birdek qotil onani ayblayotgani aniq. Shubhasiz, ona – aybdor, lekin aybdor faqat onaning o‘zigina emas. Bu jamiyatning aybi, millatning muammosi aslida. Ushbu onani haqorat qilayotganlar, uni la’natlayotganlar ushbu hodisada zarracha bo‘lsa ham o‘z aybi borligini o‘ylab ko‘rishlari kerak! Men aybdor emasman, deb vijdon bilan ayta olasizmi?

Bir haqiqatni tan olishimiz shart. O‘zbekistonda ayollar, kelinlar, ayniqsa bevalar huquqlari eng ko‘p toptaluvchi qatlam hisoblanadi. Kelin va xotinlarga qulday muomalada bo‘linadi, uy-ro‘zg‘orning barcha tashvishi ularning zimmasida – erning xizmatini qilish, bola-chaqani parvarish qilish va hokazo. Kuniga 25 soat tinmasa ham ishlari tugamaydi, evaziga so‘kish, haqorat, kamsitilish… O‘zbek xonadonlarida kelinlar er, qaynota-qaynonaning qosh-qovog‘iga qarab yashashga mahkum. Hatto quldorlar ham qullarni ishlatib, ovqatlanishi, dam olishiga izn bergan. Ammo bizning xotinlarga kechasiyu kunduzi tinim yo‘q.

Shunday oilalar borki, kelinni bir umr xizmat qildiradi, biroq biror kor-hol bo‘lsa uyga ega chiqmasin, deb xonadonga propiskaga qo‘ydirmaydi. Qarindosh-urug‘i bo‘lib, ular jigari uchun qayg‘ursaku o‘z yo‘liga, ammo haqiqatan ham ko‘chada qolayotganlar qancha?!

Qo‘qonda sodir bo‘lgan voqeaning ham ildizlari uzoqqa borib taqaladi. Bunda uni tanigan-bilganlargina emas, shu kabi holatlarga, ya’ni turmushdan qaytgan yoki oilaviy muammolar qurshovida qolib ketgan ayollarning haq-huquqlariga, taqdiriga befarq barcha odamlar, sizu biz – hammamiz birdek aybdormiz.

Bir vaqtlar eriga biror kor-hol bo‘lsa, ayolning ta’minoti uning barcha qarindoshlari zimmasiga tushar edi, ikkinchi yoki uchinchi xotin bo‘lib biror erkakning qaramog‘iga olinar, farzandlar ko‘chada qolmas edi. Bugun esa bir insonning muammosi faqat uning o‘zi yoki oilasiniki bo‘lib qoldi. Shuningdek, islom dini talabiga ko‘ra, biror odamning mol-mulki zakotga yetmasidan avval muayyan miqdordan oshganidan so‘ng mol-mulkning ma’lum qismi qarindoshlar haqqi hisoblanib, o‘sha pul qiyin ahvoldagi yaqinlarga berilishi shart. Ushbu qoida ham bugun yodimizdan ko‘tarildi. Hamma faqat o‘zini o‘ylaydigan bo‘ldi, oqibatda baraka ko‘tarildi, qalbimizdan xotirjamlik, halovat olib qo‘yildi…

Qo‘qon fojiasiga qaytadigan bo‘lsak, shubhasiz, ayol noto‘g‘ri ish qildi, katta gunohga qo‘l urdi va albatta jazosini olish kerak, ammo bu bilan masalani yopib qo‘yib bo‘lmaydi. Uni shu ishni qilishga «majburlagan» barcha omillar, sabablar o‘rganilishi kerak. Ayollar huquqlarini amalda ta’minlash, ularning murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishi, to‘g‘ri qaror qabul qilishi bo‘yicha malakalardan xabardorligi oshirilishi shart!

Qiyin ahvolda qolgan, erdan ajrashgan ayollarga ruhiy, ma’naviy, moddiy ko‘mak beruvchi jamoat tashkilotlari tuzilishi uchun moddiy-huquqiy baza yaratilishi, grant mablag‘lar ajratilishi kerak. Ayolning dardini ayol, dardi borning dardini dardi bor tushunadi va his qiladi. Shundan kelib chiqib, turmushdan ajrashgan va yolg‘iz ayollar klublari, dardxonalari tashkil etilishi kerak. Qiyin ahvolda qolgan ayollar uchun anonim ishonch qo‘ng‘iroqlari tashkil etilishi zarur.

Ayollar muammolarini o‘rganish bo‘yicha sotsiologik yo‘nalishda tadqiqotlar olib borilishi lozim. Afsuski, biz sotsiologiya fanini o‘qitish, sotsiologik tadqiqotlar natijalarini hayotga tatbiq etish borasida juda orqadamiz. Ushbu fanga e’tibor kuchaytirilishi kerak. Muammolarni tizimli o‘rganish, ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tatbiq etish, xotin-qizlarimizga muammoning bir emas, o‘nlab, yuzlab yechimlari borligini aytish va bunga ularni ishontirish vaqti keldi. Ma’naviyatimiz, odob-axloq, mentalitetimizning asosini tashkil etuvchi islom dini asosida muammoga yechim topish mumkinligini tan olish ham kerak.

Shuningdek:

turmushga chiqqan ayollarning propiskasi zudlik bilan turmushga chiqqan xonadoniga qo‘yilishini ta’minlash va ularning barcha huquqlarini kafolatlash;

ayollarning ojizaligi, qarovchisiz qolishi va keyingi turmushga chiqish ehtimolini oshirish uchun ajrashayotgan oilalarda farzandlarni ota qaramog‘ida qoldirishni joriy etish (tug‘dirdimi – boqib katta qilsin osongina qutulmasdan!);

ayollarga ruhiy dalda, yordam berish, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus radiokanal, radioeshittirishlar tashkil etish, unda murakkab ruhiy muammoga duch kelgan ayollar o‘z istagiga ko‘ra ismi sir saqlangan, ovozi o‘zgartirilgan holda dardini aytishi, boshlovchi, taniqli shaxslar va radiotinglovchilar tomonidan ularga maslahat, yo‘l-yo‘riq berilishini tashkil etish;

murakkab ruhiy vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, to‘g‘ri yo‘l tutish bo‘yicha maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar, huquqiy yordam beruvchi TV ko‘rsatuvlar, tarqatma materiallar tayyorlash:

joylarda ayollarni huquqiy, ma’naviy, diniy, psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabulxonalar tashkil etishni taklif qilgan bo‘lardim.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring