Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud uyushtirgan press-tur: «protokolniy» muloqotlardan qizg‘in bahs-manozaralargacha...

Oliy sud uyushtirgan press-tur: «protokolniy» muloqotlardan qizg‘in bahs-manozaralargacha...

Foto: O‘zA

Zaruriyat bo‘lmasa, sovuqda safar kimga yoqadi? Biroq bunaqa taklif doim ham bo‘lavermaydiki, darhol yo‘l tadorigiga tushildi. Safar dasturi ancha badastir: mavzu aniq, manzil ma’lum. Yana joying tayyor, choying tayyor... Gap joy-u choyning o‘zidamasku-ya, ammo safarning samarasi sharoitgayam bog‘liq-da. Bo‘sh qop tik turmas, degan gap bor-a.

Voqealar rivojidan ilgarilab aytish shart: mas’ullar tashkiliy ishlar masalasida yaxshigina riyozat chekishibdi.

***

Qanaqa safar? Rasmiy nomi «press-tur». «Press»dan ishtirokchilar jurnalistlar ekani, «tur»dan esa safar bir necha kun davom etishini tushundingiz. Balli.

Alqissa, 10-dekabr kuni ertalab, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi bo‘yicha hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida bir guruh mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari xorijlik mehmon-hamkasblar bilan Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlari sudlari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida yo‘lga tushdik...

***

Sudlar faoliyatidagi o‘zgarishlarni sezmaslikning, ko‘rmasliklikning iloji yo‘q bugun. Og‘izni to‘ldirib maqtash biroz mubolag‘a bo‘lar, biroq e’tirofga loyiq ishlar ancha.

Tizim ochiq-shaffoflikka intilmoqdami? Ha. OAV xodimlari uchun eshiklari ochiqmi? Shunday. Eng muhimi — ilgari Oliy mahkama rahbarlari fuqarolarni har oyda faqat bir kun qabul qilardi, shundayam bunday saodat hamma shikoyatchiga nasib etavermasdi. Bugun rahbariyat haftaning besh kunida fuqarolar qabuli bilan band bo‘lsa, shanba-yakshanbada joylarga chiqilmoqda: «sayyor qabullar» uchun. Oqlov hukmlari ko‘payayotgani-chi?! Aslida-ku, sud oqlov chiqaradimi yoki ayblovmi — hukm qonuniy, asosli va adolatli bo‘lsa, bas. Ammo yillar davomida oqlovlar anqoning urug‘iga aylandiki, bugun sudda birovning aybsiz topilishi salkam favqulodda holat sanalmoqda. Holbuki, orada qonunlarga jiddiy o‘zgarishlar kiritilgani yo‘q, sudyalarning aksariyati o‘sha-o‘sha... Gapning po‘stkallasini aytsak, yaqin-yaqingacha aybsiz shaxsni oqlashga imkon bor-u iloj yo‘q edi. Endi, ming shukur, tuzum o‘zgarmoqda, tizim o‘zgarmoqda. Gap shunda!

Mamlakat rahbarining «sudlar biron-bir mansabdor qo‘li yetmaydigan dargohga aylanishi shart», degan gapi zamirida ko‘p ma’no bor.

***

Safar tafsilotlari qolib, nega chekinish qilindi? O‘zgarishlar taqqoslarda yaqqolroq ko‘rinadi, bu — bir. Ikkinchidan, avvallari biron-bir xorijdan kelgan mehmon tizimni tanqid qilsa yo sukut saqlardik yoki zo‘r berib o‘zimizni oqlshga urinardik, rosti. Bugun, press-tur doirasida, sud tizimidagi o‘zgarishlar xorijlik hamkasblarning goh qiziqishiga, goh hayratiga sabab bo‘layotganini ko‘rib, to‘g‘risi, «mazza qivorgan» joyimiz ham bo‘ldi. Ayniqsa, Oqoltin tumani ma’muriy sudida! Ma’muriy sudlar tashkil etilganiga endigina ikki yildan sal oshdi. Fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan mazkur sudlardan ancha-muncha mansabdorlar yer chizib chiqmayaptimi?! Bu boradagi statistikalar mehmonlar qiziqishini orttirgan bo‘lsa (mansabdorlarning xatti-harakatidan norozi murojaatlarning o‘rta hisobda har uchtadan ikkitasi qanoatlantirilyapti-da), sudlarda yaratilayotgan sharoitlardan hayratini yashirishmadi. Bino foydalanishga topshirilganiga uch oy bo‘lgan, hamma narsa yangi va orasta.

Foto: Sadoqat Allaberganova
Foto: Sadoqat Allaberganova

Zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishi natijasida sudga «E-sud» tizimi orqali onlayn murojaat etish imkoniyati paydo bo‘lgan. Ya’nikim, sudga qatnab, vaqt va mablag‘ yo‘qotilmaydi, protsessda masofadan turib ishtirok etish mumkin. Masofaki, shaxs mamlakatning qaysi hududida ekanining farqi yo‘q...

«Qalay?» deganday qaradik gollandiyalik mehmonga. U bosh barmog‘ini ko‘rsatdi: «Gud, gud...».

***

Foto: O‘zA

Sud tizimi xodimlari, ayniqsa, ko‘p sudyalarda bir holat kuzatiladi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqotda o‘zlarini o‘ta «protokolniy» tutishadi deng. Intervyu-suhbatda, mayli, bunisi tushunarli. Biroq o‘zaro gurungdayam holati o‘zgarmaydi. Kasb taqozosi, qolaversa, qonunning «qattiq tili» bilan «hamsuhbat» bo‘laverishning ta’siri bo‘lsa kerak, albatta. Muxbirlarning esa yo‘rig‘i boshqa: jaydari tilga o‘rgangan qalam ahli ikki gapining biriga qonun yoki kodeks moddasi qo‘shiladigan javoblarni «hazm qilishi» qiyin. Shu boismi suhbatlar qo‘r yemaydi ko‘pincha. Oqoltinda Sirdaryo viloyat ma’muriy sudining raisi Abduhalim Ahmedov bilan suhbatda ham ayni holat kuzatildi. Qachonki, xayrlashar vaqti yetib, mehmonlardagi ijobiy taassurotlarni ko‘rgach, sa-al «yozildi». Gap orasida qilingan ozgina payrovdan so‘ng yuzidagi jiddiyat biroz nari ketib, «E-e, sizlar bilan rosa-a gaplashiladigan ekan-ku, vaqt qanday?», dedi ochilib. Vaqt tig‘izroq edi, uzr aytdik. Chunki, hademay qosh qorayadi. Qolaversa, yomg‘ir tomchilab turibdi. Tezroq Jizzaxning G‘allaoroliga yetib olish kerak. U yoqda ham kutishyapti...

***

Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumanlararo sudi Samarqand—Jizzax yo‘lining shundoq yoqasida, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar bilan yonma-yon joylashgan. Binolar yangi, hatto ayrim xonalaridan bo‘yoq hidi ketib ulgurmabdi. Kelsak, Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov... shu yerda ekan?! Allaqachon yetib kelganini tumanlararo sudi raisining xizmat xonasi «davra suhbati»ga moslashtirilgan, stol ustiga shirinliklar tortilib, choyu-qahvalar varaqlab qaynab yotganidan bildik. Bundan tashqari nafaqat tuman, balki viloyatning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlari rahbarlari ham shu yerda. Xolmo‘min Yodgorov ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan gaplaverib, yaxshigina tajribaga orttirgan, shundanmi, yalang‘och qo‘l bilan «tutib» olish qiyin.

Endi suhbat qo‘r yesa kerak.

***

Issiq qahva sovqotgan tanalarga iliqlik yurgurtirgach, shunga monand suhbat ham qizib boraverdi. Press-tur ishtirokchilariga nainki fuqarolik, balki ma’muriy, jinoiy va iqtisodiy sudlar faoliyatiga oid atroflicha ma’lumot berildi. Mehmonlarni xorij investorlari huquqlari himoyasiga oid masalalar ko‘proq qiziqtirdi. Va, chamasi, savollariga yetarli javob ham olishdi. Iqtisodiy sudlarda investorlar taraf bo‘lib o‘tgan nizolar yo‘q emas. Investorning qalqoni bu — shartnoma. Shartnoma qonun talablariga rioya etilgan holda tuzildimi, uning shartlari kim tomonidan buzilsa, shunga yarasha javob beradi. Boshqacha bo‘lishi mumkinmas. Shudayam qanoat hosil qilinmasa, marhamat, masala yuqori bosqichda ko‘rib chiqilishida hech qanday muammo yo‘q...

Mehmonlar sud majlisi jarayonlari ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga doir tartiblar haqida ham qayta-qayta savol tashlashdi. Davlat siri yoki inson sha’ni, qadr-qimmatiga oid yopiq sud majlislarida ko‘riladigan ishlarni istisno qilganda deyarli muammo yo‘q. Jurnalistning ochiq sud majlislarida hozir bo‘lish huquqi qonunga alohida band tariqasida kiritirilgan. OAV xodimlari o‘z ish qurollaridan (video, audio, fotoapparat) foydalanishi esa sudga raislik qiluvchi tomonidan hal etiladi. Bunda taraflarning fikri muhim. Agar taraflardan biri sud jarayonini tasvirga (suratga) olishga qarshilik bildirsa, uning xohishiga zid borilmaydi. Zero, qonun oldida shundog‘am javob berayotgan shaxsni (uning xohishiga teskari ravishda) keng jamoatchilikka ko‘rsatish o‘yla-ab hal etiladigan masala («o‘yla-ab» so‘ziga urg‘u berishi ortidan X.Yodgorov mahalliy jurnalistlarni yana bir karra hushyorlikka chaqirdi-yov?!).

Darvoqe, «Global media creators» prodyusseri, ko‘rinishi o‘zimizning tog‘lik qizlarini eslatadigan Sheron Reysning (AQSh) oddiygina savoli («Jizzax viloyatida necha nafar ayol sudya bor?») bir holat ochiqlanishiga sabab bo‘ldi. Boshqa viloyatlardan farqli ravishda Jizzaxda bir nafar ayol sudya ishlarkan, xolos...

***

Press-turning ikkinchi kuni (11-dekabr) Toyloqdan (Samarqand viloyati) boshlandi.

Avvalo, tumandagi barcha sudlar bitta binoga joylashgani bilan e’tiborni tortdi. Inshoot shinam, zamonaviy andozalar asosida qurilgan. To‘rtta sudga bitta keng-mo‘l qabulxona. Qabulxonaning markaziy nuqtasida bitta oynavand xona bor. Navbatchi sudya shu yerda fuqarolarni qabul qiladi. Ro‘paradagi elektron monitor internet tarmog‘iga ulangan. Kerakli tugmalarni bosib, qaysi sudda qaysi nizo qachon ko‘rilishini bir deganda bilvolish mumkin. Bundan tashqari o‘rnatilgan dastur orqali sudga da’vo-ariza yozish namunalari bilan tanishish, murojaat xususiyatiga qarab, davlat boji miqdorigacha ma’lumot olish imkoni bor. Shuningdek, boshqa sudlarda mazmunan ko‘rib qilib, qabul qilingan sud hujjatlarining eletron shakli bilan ham tanishish mumkin.

Toyloqda safar dasturi buzildi, belgilangan vaqtdan ko‘proq qolib ketdik. Sababiki, bir kun avval, G‘allaorolda kechgan suhbatda mehmonlar ochiq sud majlisida ishtirok etish imkoniyati haqida so‘rashgandi. Erinmagan X.Yodgorov G‘allaoroldan Toyloqqa kelib, mehmonlarning iltimosini bajo keltirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida qilmishlari uchun avval sudlanib, tegishli jazosini olgan mahkumlarning (jazoning) qolgan qismini o‘tashdan shartli (JKning 73-moddasi tartibida) ozod qilish masalasi ko‘rildi. Sud majlislari ko‘pga cho‘zilgani yo‘q. Chunki, ish murakkab emas, ya’ni, mahkumlarning jinoyati bir boshdan ko‘rib chiqilmaydi. Balki tayinlangan jazoning qanchasi ado etilgani, bu vaqt mobaynida mahkumlar o‘zlarini qanday tutishgani-yu vakolatli organning xulosasidan kelib chiqib, bir to‘xtamga kelinadi, tamom.

...Mahkumlar birin-ketin o‘talmay qolgan jazodan shartli ravishda ozod etilishi mehmonlarni ag‘raytirib qo‘ydi: shunaqasiyam bo‘ladimi?

Shundan keyin ayni mavzuda bahs-munozaralar boshlanib ketsami?! Dasturda belgilangan vaqtdan ikkitasi o‘tdi. Savollarning oxiri ko‘rinsa, qani?! Tushuntirildiki, milliy qonunchiligimizda o‘zi xos normalar bor. Ularda milliy qadriyatlar mujjaslamligini ko‘rish mumkin. Masalan, yarashuv instituti. Unga ko‘ra, muayyan jinoyatlarda jabrlanuvchi va ayblanuvchi (sudlanuvchi) o‘zaro yarashganini, bir-biriga da’vosi yo‘qligini bildirib, murojaat etsa, «ish» tugatiladi. Yoki iqtisodiy sohadagi jinoyatlarni olaylik. Agar aybdor yetkazilgan zararlarni ixtiyoriy ravishda qoplasa, unga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanadi. Jamoat tashkilotlari, o‘z-o‘zini boshqarish organlarining kafilligi ham ayrim toifadagi sudlanuvchilarga qamoq yuzini teskari qilishi mumkin. Yoki, mana, bugun ko‘rgan ko‘rilgan ishlar: besh nafar mahkum nega jazoning o‘talmay qolgan qismidan shartli ozod etildi? Chunki ular, avvalo, ma’lum muddat jazosi o‘tashi mobaynida o‘z jinoiy harakatlarining salbiy oqibatlarini tushunib yetdi, qilmishlaridan pushaymon ekaniga sudni ishontirdi. Shunday ekan, mahkumlarni «ushlab» o‘tirishdan ma’no yo‘q. Jazodan maqsad — tarbiya ekani shu. Agar ular shartli jazo muddati mobaynida yana jinoyatga qo‘l urgudek bo‘lsa, jazo og‘irroq bo‘ladi, negaki, qonunchilikda berilgan yengilliklar suiiste’mol qilingani e’tibordan soqit qilinmaydi...

Bahs-munozaralar mehmonlarda milliy qonunchiligimizga nisbatan ham qiziqish uyg‘otganday. Yo‘qsa, Oliy sud raisi o‘rinbosarini savollarga ko‘mib, buncha «terlatmasdimi», yana qaydam...

***

Bugun, perss-turning uchinchi kuni. Ko‘hna Buxoroning qoq markazidamiz. Dasturga ko‘ra, «Sudlardagi ochiqlik va shaffoflik — inson huqulari himoyasining muhim omili» mavzuida xalqaro davra suhbati safarga yakun yasaydi.

Kecha kechqurun O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov poytaxtdan uchib kelib, press-tur ishtirokchilari bilan bir piyola choy ustida norasmiy suhbat qurdi.

Rasmiy muloqotlarga sanoqli daqiqalar qoldi.

Bu endi keyingi maqola mavzusi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring