Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Obod qishloq»da «dam yeb yotgan» qurilishlar: befarqlik va mas’uliyatsizlik qachongacha davom etadi?

«Obod qishloq»da «dam yeb yotgan» qurilishlar: befarqlik va mas’uliyatsizlik qachongacha davom etadi?

Foto:«Xabar.uz»

Muammo

Uzoq Qashqadaryoning Kitob tumanida Katta To‘pchoq qishlog‘i bor. Sermanzara, yerlari unumdor, aholisi mehnatsevar go‘sha. 2019-yilda hudud «Obod qishloq» dasturiga tushganini eshitib aholi sevindi: nihoyat bizda ham yo‘llar ravon, binolar ko‘rkam va chiroyli bo‘ladi!...

Xullas, qurilishlar boshlandi. Qishloqning markaziy ko‘chasi asfalt qilingani, ichimlik suvi tarmog‘ini yaxshilash ishlari boshlangani umid uchqunlarini yanada alangalatdi.

O‘sha kunlarda aholi orasida bir xabar tarqaldi: «eski vrachlik punkti buzilib, o‘rnida MFY binosi qurilarkan, QVP boshqa joyga ko‘charkan!»

Xuddi shunday bo‘ldi.

Afsuski, bugun bu o‘zgarishlarni ko‘rish uchun qishloqqa borsangiz ko‘nglingiz xijil bo‘ladi: Tuzukkina QVP binosi buzilib, o‘rnida chog‘roqqina g‘ishtli bino ko‘tarilgan. Eng yomoni 2019-yildayoq to‘xtab qolgan qurilish, shu ahvolda bir yarim yildan beri «chalajon» yotibdi. Bino atrofidagi holat (suratlarga qarang) «snos» ketayotgan mahallalarni eslatadi. Qishda tizza bo‘yi loyga botsangiz, yozda changga belanasiz, boz ustiga atrofdagi manzara ham sizni xursand qilmaydi...

Qishloq markazining holati bugun shunday.

Bir necha ming aholiga xizmat ko‘rsatishi lozim bo‘lgan kichik shifoxonaning eski qishloq idorasidagi uchta xonachaga qamalib qo‘yilishi, nostandart muhit va yangi shifoxona binosining bitmayotgani ham bir maqolaga arzigulik muammo...

Shifokor qadri

To‘pchoq vrachlik punkti yangi 2021yildagi faoliyatni moslashmagan, sobiq ittifoq vaqtida qurilgan binonining bir burchagida boshladi. Bir joyimiz og‘risa, darrov shifokorlar ko‘zimizga ko‘rinadi, yugurgilab qolamiz. Ammo ularga sharoit yaratishga kelganda...

Eski bino buzilayotganda, shifokorlarga ajoyib va qulay shifoxona qurib berilishi bo‘yicha va’dalar berildi. Ammo bugun yangi binoda ham ishlar aytarli darajada zo‘r emas. Qurilish-ku bitgan, ammo binoni tayyor holatga keltirish va boshqa zaruriy ishlar depsinib qolmoqda.

Xullas, o‘z binosidan «quvilgan» shifokorlar bugun noqulay muhitda ishlab, o‘zgarishlarni kutishmoqda.

Vrachlik punktini ishga tushirish o‘lda-jo‘lda bo‘lib qolmoqda. 

«Jurnalistsan-ku... yozolmaysanmi?»

Qishloqqa borganimda oddiy odamlar shunday deya dashnom berishdi. Rostda, so‘nggi yillarda OAVning chiqishlariga odamlar befarq emas, jurnalist, blogerman deganga umid ko‘zini tikishmoqda. Natijada, kichik murojaat tayyorlab tuman hokimligi bilan bog‘landim. Yolg‘on bo‘lmasin, tuman hokimligi axborot xizmati vakili Qahramon Oqilov «labbay» deb javob berdi.

Ammo...

Hokimlik rasmiylari  kalavaning uchi tumanda emas, viloyat markazi - Qarshi shahrida deyishdi, qurilish korxonasi esa Sardobadagi talofotlarga qarshi kurashish bilan band ekanini aytishdi, xolos.

Yechim viloyat rahbariyati qo‘lidami?

Kuni kecha Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning qisqa muddatli ta’tilga chiqqani haqida xabar berildi. Viloyat rahbari ta’tildan qaytganda, ushbu kichik (ammo qishloq uchun muhim) muammoga e’tibor qaratsa a’lo bo‘lardi. Zero, Katta To‘pchoq, tuman  markazidan atigi 10-15 kilometr uzoqlikdagi, yirik qishloqlardan biri. Bu yerda islohot va taraqqiyot nafasi sezilib turishi kerak.

Ulkan tog‘lar bag‘ridagi olis aholi maskanlariga borishni kanda qilmayotgan viloyat hokimi Kitob shahridan ko‘pam olis bo‘lmagan qishloq aholisi dardiga quloq soladi degan umiddamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring