Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda

Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi sobiq raisi Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Bu haqda «Xabar.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati vakili Aziz Obidov ma’lum qildi.       

Nurxon Nafasov va boshqalarga oid ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida mazmunan ko‘rib chiqilmoqda. Unga Karate milliy federatsiyasining sobiq bosh kotibi O.Qosimov va sobiq bosh buxgalteri J.Yusupov ham sudlanuvchi tariqasida jalb etilgan.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 192-11 (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 228 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Sud jarayoni davom etmoqda.

O‘tgan yilning oxirida N.Nafasov mojaroli tarzda O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi rahbarligidan chetlatilganidan so‘ng tashkilotda qo‘shhokimlik yuzaga kelgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Milliy olimpiya qo‘mitasining (MOQ) rasmiy saytida N. Nafasovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar paydo bo‘ladi.  Bosh prokuratura esa bu xabarni «aybsizlik prezumsiyasiga zid» ekanini ta’kidlab, MOQ tutgan ishni qoralab chiqqani ko‘plarning yodida bo‘lsa kerak.

Ushbu sud jarayoni N.Nafasov va MOQ sobiq rahbarlari o‘rtasidagi mojarolarga oydinlik kiritishi ehtimoli katta.

Kuzatamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring