Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

«Novoselsev, marhamat, kiring...»

«Novoselsev, marhamat, kiring...»

Foto: «Ishdagi ishq» filmidan lavha

Mashhur aktyor Andrey Myagkov vafot etdi.

Biz bu chehrani har yili yangi yil arafasida TVda ko‘ramiz. Sababi, bayram kunlarida u ishtirok etgan «Taqdir hazili yoxud qushdek yengil bo‘ling» kinokomediyasi ekranda albatta namoyish etiladi. Andrey Myagkovning ajoyib ijrosi millionlab tomoshabinlarga tabassum baxsh etadi. Uning «Ishdagi ishq mojarosi» filmidagi bir qadar no‘noq, dovdir, ammo pok, halol Novoselsev obrazi ham o‘zbek tomoshabinlariga yaxshi tanish. Xo‘sh, Andrey Myagkovning boshqa rollari va shaxsiy hayoti haqida nimalarni bilamiz?

Professorning o‘g‘li

Andrey Myagkov 1938-yil 8-iyulda Rossiyaning Peterburg muzofotida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Uning otasi Vasiliy Myagkov politexnika institutining professori bo‘lgan.

Maktab yillarida bo‘lajak aktyor texnikaga aloqador fanlarga qiziqdi. Yuqori sinfga o‘tgach esa negadir teatrga mehr qo‘ydi. U drama to‘garagiga qatnab, spektakllarda bosh rolni ijro etadigan bo‘ldi. Biroq Andrey Myagkov maktabni tugatgach, aktyorlik sohasi bo‘yicha tahsil olishni istamadi. U kimyo-texnologiya institutiga o‘qishga kirdi. Mazkur oliy o‘quv yurtini tamomlagach, uni plastik massalar institutiga yo‘llanma bilan ishga yuborishdi.

Taqdir Andreyni baribir san’at bilan bog‘ladi. 1961-yili teatr bilim yurtining bir guruh o‘qituvchilari yosh iste’dodlarni topish maqsadida Peterburgga tashrif buyurishdi. Ana shunda Myagkovning maktab davridagi ishtiyoqi jo‘sh urib ketdi. U o‘z iste’dodini sinab ko‘rishga ahd qildi.

Sinovdan o‘tkazayotganlar Andrey ijrosidagi masalni oxirigacha eshitmasdan uni to‘xtatdilar. «Yigitcha, davom ettirishingiz shart emas, siz qabul qilindingiz», — deyishdi.

Bu kutilmagan omad edi. Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan Myagkov o‘qishga qabul qilindi. Vaholanki, u ota izidan borib, muhandis sifatida ishlamoqchi edi. Taqdir hayotiga teatrni olib kirdi.

1965 yili MXATning maktab-studiyasini tamomlagan Myagkov «Sovremennik» teatriga ishga qabul qilindi. Ilk roli Dostoyevskiy asari asosida sahnalashtirilgan «Buvaning tushi» spektaklidagi Buva bo‘ldi. Bu rolni tomosha qilgan rejissyor Elem Klimov Myagkovni «Tish shifokori sarguzashtlari» filmidagi bosh qahramon roliga taklif qildi. Aktyorning jiddiy roli esa 1969-yili ekranlarga chiqqan «Aka-uka Karamazovlar»dagi Alyosha Karamazov bo‘ldi. Bu paytda Myagkov teatrda ham ish bilan nihoyatda band edi. Ma’lum vaqtdan so‘ng aktyor «Sovremennik»dan ketib, MXATga o‘tdi.

1975-yili Eldar Ryazanovning «Taqdir hazili yoki qushdek yengil bo‘ling» nomli filmi namoyish etildi. Myagkov unda Jenya Lukashin rolini ijro etdi va shon-shuhratga ko‘mildi. Oradan ikki yil o‘tib, 1977-yili Eldar Ryazanov «Ishdagi ishq mojarosi» komediyasini suratga oldi. Myagkov yana bosh qahramonni o‘ynadi. Uning ekrandagi jufti aktrisa Alisa Freyndlix bo‘ldi. Novoselsev va Kalugina rollari tomoshabinlarga beqiyos tabassum ulashdi.

Andrey Myagkovning boshqa filmlari safidan «Turbinlar kunlari» (1976), «Garaj» (1980), «Vertikal bo‘yicha poyga» (1983), «Shafqatsiz romans» (1984) o‘rin oldi.

1990-yillar mobanida Myagkov kinoda kam suratga tushdi. U, asosan, teatr va murabbiylik faoliyatiga e’tiborini qaratdi. Shuningdek, rejissyorlik ishini ham bilan ham mashg‘ul bo‘ldi.

Shaxsiy hayot va dushmanlar

Andrey Myagkov va Anastasiya Voznesenskaya turmush qurishganiga qirq yildan oshgan. Ular MXAT maktab-studiyasi o‘qiganlarida tanishishgan edi. Keyin turmush qurishdi. Yillar mobaynida ahil-inoq yashashdi.

Aktyor rassomlik bilan ham shug‘ullanardi. U portretlar chizardi. O‘z asarlarida insonlar qalbini chuqur ifoda etardi.

Myagkov teatr rejissyorlarining barchasi bilan ham kelishib keta olmagan. Bu ro‘yxatdagi birinchilar qatorida Lyubimov va Volchek turardi.

— Yuriy Petrovich – naq diktator, — deydi Myagkov Lyubimov haqida. — U meni taklif qilgach, bir hafta ishlay oldim, xolos... Lyubimov — ulug‘ rejissyor. Sahnalashtirgan asarlari menga judayam yoqadi, bittasini ham qoldirmayman. U bilan birga ishlay olmaganim hech nimani ifodalamaydi. Men «Sovremennik»dan bo‘shab ketgach (30 yildan oshdi), u yerda atigi bir marta bo‘ldim, xolos. Nima desam ekan... To‘g‘risi, javob berolmayman. Bilmadim. Ehtimol, men ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizlikdan o‘zimni olib qochgandirman.

Tabakov roli?

Myagkovning haqiqiy safdoshlari sifatida marhum rejissyor Eldar Ryazanov va aktyor Oleg Tabakovni ko‘rsatish mumkin. Bu insonlar Andrey Myagkov iste’dodining barcha qirralarini ko‘ra olishgan.

Oleg Tabakov shunday eslaydi:

— «Sovremennik»da men ijro etishim kerak bo‘lgan rolni Myagkovga berishdi. Vaholanki, o‘shanda kamina «Mosfilm» va TVning ko‘zga ko‘ringan odami, Myagkov esa kechagi bitiruvchi edi. O‘ylab ko‘rsam, men bilan Andreyni qandaydir qalb rishtalari bog‘lar ekan. Bu esa Myagkovning qobiliyatini ko‘ra olishimga imkon beradi. Biz Andrey bilan do‘stlashmaganmiz, hech qachon birga ichmaganmiz. Myagkov — iqtidorli, uquvli aktyor. Yodimda, teatrdagi spektaklga aktyorlardan biri ichib keldi. Men uni sahnaga chiqarmadim. O‘sha aktyorning o‘rniga bu rolni Andrey zo‘r ijro etdi.

«Aroqxo‘r ham kelibdi»

Andrey Myagkov moddiy jihatdan o‘zi istagandek yashamaydi. O‘zining aytishicha, u tomoshabinlarning alohida chuqur muhabbatini his etmagan.

— Mening yaxta yoki qimmat avtomobillar tuhfa qiladigan boyvuchcha muxlisam yo‘q, — deydi Myagkov. — Ko‘plab hamkasblarim qatori oddiyman. To‘g‘ri, mashinam bor, restoranda o‘tirib do‘stlarimni chaqirishim mumkin. Biroq maoshim oz, hamisha shunday bo‘lib kelgan.

Myagkov o‘z fe’l-atvorida sobit odam, u pul uchun suratga tushmaydi. Buni seriallarga taklif qilishganida keskin rad etganidan bilsa bo‘ladi.

— Aql bovar qilmaydi, — hayron bo‘ladi u. — Ko‘pchilik allaqachon biladiki, seriallarga mutlaqo yaqin yo‘lamaslik kerak. Men buni nihoyatda yomon hisoblayman. Bir paytlar kinoning o‘z qiyofasi bor edi, hozir esa kinoga amerikacha basharani chizib qo‘yishgan.

Andrey Myagkov xalq artisti, davlat mukofoti sovrindori, bir qancha mukofotlar sohibi. Har yili qishda namoyish etiladigan «Taqdir hazili...» mashhur bo‘lsa-da, Myagkovning o‘zi bu filmni xushlamaydi. Sababi, mashhurligi «burnidan chiqqan».

— Qayerga gastrolga bormaylik, odamlar hozirgacha meni ko‘rsatib, «mana, o‘sha aroqxo‘r ham kelibdi», deyishadi. Dastlab bu gaplardan qayerga qochib qutulishni bilmadim. Bora-bora bunday munosabatlarga ko‘nikdim. Biroq baribir ko‘nglim ranjiydi, ko‘pchilik qahramonimni aroqxo‘r sifatida ko‘radi, aslida u bunaqa emas. Darvoqe, hammomga ham toqatim qolmagan.

Davomi emas. Boshqa!

Xabaringiz bor, Timur Bekmambetov «Taqdir hazili. Davomi» filmini suratga olgan. Unda birinchi filmdagi aktyorlarning aksariyati rol o‘ynagan. Jumladan, Andrey Myagkov ham. Ammo...

— Men bu filmni ko‘rmadim, ko‘rmayman ham, — deydi Myagkov. — Ssenariy yoqmadi. Ochig‘ini aytsam, «Taqdir hazili. Davomi»ni suratga olish mening g‘oyam edi. Bir vaqtlar uni sinopsis tarzida yozib, Eldar Ryazanovga ko‘rsatgandim. Ryazanovga bu g‘oya yoqmadi. «Andrey, men bitta daryoga ikki marta sho‘ng‘imayman», — dedi u. Keyin men Konstantin Ernstga murojaat qildim. U qiziqib qoldi. Mening ssenariyim asosida ish boshlandi ham. Keyin esa ssenariy boshqa kishinikiga aylandi, faqat g‘oya qoldi: birinchi filmdagi qahramonlarning farzandlari hayotini yoritish! Xullas, oxirgi ssenariyga mening aloqam yo‘q. Yigirma to‘rt marta o‘zgardi axir! Baribir nihoyat meniki asosida yigirma beshinchi talqin birinchi kanal rahbariyati tomonidan ma’qullandi. Ammo o‘zimga qolsa, Timur Bekmambetovning filmini «Taqdir hazili. Davomi» emas, «Taqdir hazili. Boshqa film» deb nomlagan bo‘lardim. Umuman aytganda, «Taqdir hazili yoki qushdek yengil bo‘ling» filmi haqida so‘zlayverish naq bo‘g‘zimga kelgan. Yana qachongacha gapirishadi? Qani edi, bu filmni hech bo‘lmasa qirq yil namoyish etishlarini taqiqlasam!..

Millionlab tomoshabinlarga tabassum ulashgan aktyor Andrey Myagkov endi ularni yig‘latib, yurak yetishmovchili tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

U 82 yoshda edi. Intervyu berishni yomon ko‘rardi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring