Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mohd Fayz Abdulloh: Demokratiya qo‘l yetmas orzu emas, balki reallik

Mohd Fayz Abdulloh: Demokratiya qo‘l yetmas orzu emas, balki reallik

Joriy yil 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida yuzlab xalqaro kuzatuvchilar qatnashdi. Malayziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti raisi Mohd Fayz Abdulloh ham ushbu muhim siyosiy hodisa bahonasida yurtimizda mehmon bo‘ldi. Taniqli olim Xabar.uz’ga taqdim etgan maqolasida parlament saylovi, O‘zbekiston hamda Malayziya, Markaziy Osiyo va ASEAN hamkorligiga doir taklif va mulohazalarini bayon qilgan.

O‘zbekistondagi demokratik islohotlar sharoitida ASEAN bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari

O‘zbekiston demokratik evrilishlar yo‘lidan ketmoqda. Bu borada tetapoya odimlarning o‘ziyoq ichki boshqaruvda tub o‘zgarishlar ro‘y berishidan dalolat berayotir. Bu shunchaki ramziy harakat emas, bil’aks, teran mohiyatli, xalq manfaatlariga yo‘nalgan evrilishlar orqali milliy nizomni demokratik qadriyatlarga uyg‘un etish maqsad qilingan. Shu bois ham 2023 yilda mamlakatda demokratik erkinliklarni yanada kengaytirish, ishbilarmonlik va global sarmoyani rag‘batlantirishga qaratilgan Konstitutsiyaga tub o‘zgarishlar kiritish tashabbusi ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekistonda yaqinda bo‘lib o‘tgan va elektoratning qariyb 75 foizi qatnashgan saylov esa ushbu o‘zgarishlarga yanada ishonchli guvohlik berdi.

Ovoz berishda ilk bor qatnashgan saylovchilar, ayniqsa, tarixan yetarlicha tamsil etilmagan aholi guruhi bo‘lmish yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtirokini alohida ta’kidlashni istardim. O‘zbekistonda nomzodlarning kamida 40 foizi xotin-qizlar vakili bo‘lishi kerakligi haqida huquqiy majburiyat belgilangani ham taraqqiyotning yana bir belgisidir. Binobarin, bu mamlakat inklyuziv siyosiy landshaft yaratishni rag‘batlantirayotganini tasdiqlaydi. Saylovda barcha aholi qatlamlarining faol ishtiroki fuqarolar mamlakat kelajagiga befarq emasligini ko‘rsatadi. Bu Sovet Ittifoqi uzil-kesil parchalanganidan keyingi yillarda O‘zbekistonda kuzatilgan o‘z-o‘zini izolyasiyalashga butkul ters holat, albatta.

Men O‘zbekistondagi parlament saylovini kuzatgan 850 nafar xalqaro kuzatuvchilardan biri sifatida mamlakatdagi demokratik evrilishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Saylovchilarning ko‘tarinki ruhini yuz-ko‘zidan sezish mumkin edi. Odamlar ovoz berish uchun uzun navbatlarda turgani ham umidbaxsh manzaradir. Shahar markazidan mehmonxonamizga yetib borgunga qadar bir soatcha vaqt ketdi. Gap shundaki, mehmonxona yaqinidagi yo‘l musiqa, raqs va boshqa ko‘plab chiqishlarga ulanib ketgan siyosiy tadbir sabab yopilgan edi.  Bu manzara menga siyosiy vakillikni qabul qilishga shay Yangi O‘zbekistonning ramzi bo‘lib ko‘rindi. Bu kabi tadrijiy, ayni choqda, dadil odimlar O‘zbekistonning demokratiyaga o‘tishi qo‘l yetmas orzu emas, balki ro‘yobga chiqayotgan reallik ekanidan shahodat beradi.  

Malayziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti tarixiy saylov bilan birga, Toshkentda o‘tkazilgan  «Yangi Markaziy Osiyo: global transformatsiyalar davridagi xavf-xatarlar va imkoniyatlar» mavzusidagi anjumanga ham taklif etilgan edi. Hamkor tahlil markaz – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik v mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan xalqaro anjuman O‘zbekistondagi transformatsiya jarayonlari bo‘yicha muloqotimizni yanada mustahkamlash uchun maqbul platforma vazifasini bajardi. Jahonning turli mamlakatlari vakillari qatnashgan anjumanda mintaqaning dolzarb muammolari, jumladan, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiyaning ishga solinmagan imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar asnosida men ASEAN – Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasini mintaqaviy hamkorlikning sinovdan o‘tgan modeli sifatida taqdim etdim. Mazkur tuzilmaning  tinchlik, muloqot va mushtarak iqtisodiy taraqqiyot tamoyillari (ular ZOPFAN, ya’ni Tinchlik, erkinlik va betaraflik makoni qisqartmasi bilan ifodalanadi) Markaziy Osiyodagi integratsiya harakatlarida asos bo‘lishi mumkinligini ta’kidladim. Ko‘pqutbli raqobat tobora kuchayib borayotgan dunyoda mintaqaviy muloqot, betaraflik va hamkorlikni shunchaki ideallar deb baholash to‘g‘ri emas. Ular, ayniqsa, murakkab chegara muammolari hamda tarixiy gina-kudurat mavjud mintaqalarda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashda suv bilan havodek zarur.

O‘zbekistonning ASEAN, xususan, Malayziya bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istagi turli sektorlarda ulkan imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Jumladan, halol turizm istiqbolli yo‘nalishlardan biri sanaladi. O‘zbekistonga safarimiz chog‘i bizni qadimiy Buxoro va Samarqand shaharlari ziyoratiga taklif etishdi. O‘zbekistonning bu ikki shahri ham mo‘’tabar islomiy ta’lim markazlari sifatida tanilgan, ham islom ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan.

Malayziyada halol bozor kengayib bormoqda. Mamlakatimiz aholisining katta qismi diniy ziyoratgohlarga boradi. Bu jihatdan, O‘zbekiston halol turizm uchun manzur va maqbul yo‘nalishga aylanishi mumkin.  Bu madaniy salohiyat nainki qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar tuhfa etadi, shu bilan birga, butun islom olamida madaniy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yashil energetika va texnologiyalar sohasidagi aloqalar ham hamkorlik uchun manfaatli yo‘nalishlar sirasiga kiradi. O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotga sodiqligi Malayziya hukumatining MADANI (“Barqaror taraqqiyot, g‘amxo‘rlik, hurmat, innovatsiyalar, farovonlik va ishonch” ma’nosini anglatuvchi qisqartma, Malayziya davlatchiligi falsafasi) tashabbusi hamda bosh vazir Anvar Ibrohim Milliy energetika transformatsiyasi yo‘l xaritasi va Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy siyosiy dasturda ilgari surgan yashil texnologiyalar bo‘yicha maqsad-marralarga hamohangdir. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro tajriba almashuv va hamkorlikdan har ikki mamlakat yutadi.

Quyosh energiyasi va yashil infratuzilmalar borasida qat’iyat va tajribaga ega Malayziya O‘zbekistonning toza energetikaga o‘tishida qimmatli ma’lumotlar va ko‘mak taqdim etishi mumkin.  O‘zbekistonning muhim foydali qazilmalarga boy ekani esa Malayziyaga o‘z ta’minot halqasini diversifikatsiyalash, yashil energetikaga o‘tishda muhim ahamiyat kasb etgan resurslarni yetkazish borasida ishonchli hamkorga ega bo‘lish imkonini tuhfa etadi. Bu minerallar uglerodlarni tutib qolish va saqlash, quyosh panellari, elektr batareyalar kabi qayta tiklanadigan energetika texnologiyalarini ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi. Ushbu yo‘nalishda hamkorlikni chuqurlashtirish har ikki davlatning global iqtisodiy barqarorlikka hissasini oshiradi.

Oziq-ovqat xavfsizligi mamlakatlarimiz mushtarak nuqtai nazarga ega yana bir jabhadir. Malayziya oziq-ovqat barqarorligiga alohida ahamiyat berayotgani, O‘zbekiston esa qishloq xo‘jaligi imkoniyatlarini kengaytirishga intilayotgani hisobga olinsa, barqaror agrar tajriba va texnologiyalarni yanada rivojlantirish, soha muammolarini tadqiq etuvchi qo‘shma korxonalar ta’sis etilishi nafaqat ikki mamlakat, boshqa mintaqalarga ham manfaat keltiradi.

O‘zbekiston va Malayziya barqaror qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritish orqali oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasini yanada mustahkamlaydi, oziq-ovqat importi uzilishi xavfini kamaytiradi, oziq-ovqat xavfsizligiga doir global muammolar sharoitida raqobatbardoshlik kasb etadi.

O‘zbekistondagi tadrijiy demokratik o‘zgarishlar ochiqlik va taraqqiyotga sodiqlik borasidagi yangi intilishlar manzarasida kechmoqda. Malayziya va ASEAN uchun O‘zbekiston bilan hamda mintaqaviy integratsiya doirasida Markaziy Osiyo bilan hamkorlik o‘sish, ravnaq uchun yangi ufqlarni ochadi. Izchil taraqqiyot, madaniy almashuv, iqtisodiy barqarorlik kabi mushtarak maqsadlarga birgalikda sarmoya kiritish orqali biz  yanada barqaror va farovon Global Janub poydevorini qo‘yishimiz mumkin.

Albatta, O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li hali mukammal emas, ammo yangragan har bir ovoz va yo‘lga qo‘yilgan har bir hamkorlik bilan mamlakat xalq irodasidan kuch olgan, dunyo bilan yanada yaqin, yanada mushtarak robitalar va’da qilgan kelajak sari dadil odimlamoqda.

Mohd Fayz Abdulloh,
Malayziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti raisi, professor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring