Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mobiuz'ning 5G tarmog‘i sinov tariqasida ishga tushirildi (video)

Mobiuz'ning 5G tarmog‘i sinov tariqasida ishga tushirildi (video)

Foto: «Xabar.uz»

1 dekabr kuni, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Mobiuz mobil operatori faoliyati bilan tanishib, beshinchi avlod tarmog‘i sinov tariqasida ishga tushirilishi marosimida ishtirok etdi.

Tadbir doirasida kompaniyaning bugungi kundagi faoliyati va erishayotgan yutuqlari, 2025 yilgacha rivojlanish rejalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ayni paytda Mobiuz abonentlari soni 5 milliondan oshgan. Jismoniy va korporativ mijozlar uchun o‘nlab tarif rejalari, jumladan 7 yilligi munosabati bilan joriy etilgan noyob «Mobiuz 7 yil» tarifi amal qilmoqda. Respublika bo‘yicha kompaniyaning 40 dan ortiq ofislari va tijorat hamkorlarining 1,9 mingga yaqin savdo shoxobchalari abonentlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Mobiuz Texnik bloki vakillari Xitoy Xalq Respublikasi bilan amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyiha haqida batafsil ma’lumot berdilar. 2021-2024 yillarda Mobiuz tayanch stansiyalari jihozlarini to‘liq zamonaviyiga almashtirish, 4G LTE tarmog‘i qamrovini kengaytirish, transport tarmog‘i va kommutatsiya quyi tizimini rivojlantirish, aloqa va mobil internet sifatini oshirish, yangi texnologiyalar joriy etish rejalashtirilgan. 2021 yilning o‘tgan davrida ushbu loyiha doirasida mingdan ortiq stansiya ishga tushirilgan.

Ushbu hamkorlik doirasida Toshkent shahrida Mobiuz'ning 5G tayanch stansiyalari o‘rnatildi. AKT vaziri Sh.Shermatov beshinchi avlod tarmog‘i sinov tariqasida ishga tushirilishida ishtirok etdi va uning imkoniyatlari bilan tanishdi. 2022 yilda 5G to‘liq ishga tushirilishi, buning uchun tegishli tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani ta’kidlandi.

AKT vaziri Mobiuz'ning zamonaviy paketli kommutatsiya uskunalari, server xonalari va yangilangan billing tizimi bilan ham tanishdi. Xususan, Mobiuz bulutli xizmatlar orqali internetga mobil ulanishni ta’minlash bo‘yicha telekommunikatsiya sohasida eng so‘nggi yechimni ishga tushirishga tayyorlanmoqda.

Sh.Shermatov 2022-2025 yillarda aloqa va internet sifatini yanada oshirish, yangi mahsulot va xizmatlarni joriy etish, shuningdek, mobil aloqa operatori faoliyatini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring