Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Milliy tiklanish» partiyasi «TikTok»ni butunlay yopish tarafdori

«Milliy tiklanish» partiyasi «TikTok»ni butunlay yopish tarafdori

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova yoshlarning ongini buzayotgani uchun "TikTok" ijtimoiy tarmog‘ini butunlay bloklash taklifi bilan chiqdi.

"9-sentyabr kuni Navoiy shahridagi ikki o‘quvchi qiz “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ida nojo‘ya so‘zlarni namoyish qilib, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqargan. Huquq tartibot organlari bergan xabarga ko‘ra, mazkur holat Navoiy shahridagi 10-maktabda 16 yoshli o‘quvchilar ishtirokida huquq darsi paytida sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi xabarlarda bu holat 8-sentyabrda sodir bo‘lgani va shu kunning o‘zida yuzaga kelgan vaziyat maktab o‘quvchilarining ota-onasi bilan birga muhokama qilingani va holat bo‘yicha huquqbuzarlarning uzr so‘ragani aytilgan. Boz ustiga o‘quvchilar bu harakati bilan shunchaki hazillashmoqchi bo‘lishganini qayd etishgan.

Vaziyat yuzasidan vazirlikni o‘zidan javob kutib qolamiz.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mazkur masala yuzasidan jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan ushbu vaziyatni umumta’lim maktablarida ma’naviy muhitning nosog‘lomligidan, tarbiya jarayonining yetarli darajada tashkil etilmayotganidan dalolat beruvchi ayanchli holat deb baholaydi. Afsuski, hozirda odob-axloqqa zid harakatlar media makonida urchib yotibdi. Ko‘p holda videoroliklarning asosiy qahramonlari maktab o‘quvchilari ekanligi masalaga yechim beradigan va uning ijrosini ta’minlaydigan soha vakillarini chuqurroq o‘ylantirishi kerak.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ushbu holat bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari suradi:

Birinchidan, “kechirim so‘rash” urf, lekin u O‘zbekiston qonunchiligida jazo chorasi sifatida huquqiy oqibatni tug‘dirmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, voyaga yetmaganlar tomonidan qilinadigan bunday xatti-harakatlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish kerak.

Ikkinchidan, “kechirim so‘rash” bugun jamiyatimizda tobora odatga aylanib qoldi. To‘g‘ri, kechirim so‘rash odati bizning jamiyatimizda qadriyat darajasida e’zozlanadi, biroq ayni kunda uni suiiste’mol qilish holati kundalik hayotimizda kuchayib bormoqda. Shu o‘rinda har bir fuqaro qonun oldida bir va teng javobgar ekanligini unutmasligi lozim. Zero, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasi: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, - deb qayd etilgan.

Uchinchidan, partiya aksariyat holda huquqbuzarliklarni namoyish etish hisobiga o‘z o‘quvchilarini ko‘paytirayotgan “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ini bolalar uchun xavf maydoni deb hisoblaydi va shu bois ushbu tarmoq faoliyatini butunlay cheklash tarafdori. Zero, OAV sohasidagi tadqiqotlar va kundalik hayot bugun eng avvalo maktab o‘quvchilari unga ipsiz bog‘langanlarini ko‘rsatmoqda. Yoshlarni ma’naviy olamiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan videokontentlar zararini bugun xolis baholash fursati yetdi. Biz tarbiyani “ochiq” axborotlar evaziga boy bermasligimiz kerak. “TikTok”ga o‘xshagan axborot manbalari hisobiga to‘g‘ri kelayotgan infoyepidemiyani oldini olish uchun qonuniy choralar kuchaytirilishi kerak.

To‘rtinchidan, partiya “Tarbiya” fanini o‘qitish borasida parlament nazoratini doimiy ravishda kuchaytirib boradi va oliy ta’lim muassasalarida “tarbiyachi” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan fakultetlarni joriy qilish ishlarini jadallashtirish lozim deb hisoblaydi (Afsus, mana ikki yildirki, ushbu masala yuzasidan hukumat qarorining ijrosi paysalga solinmoqda).

Navoiyda so‘kong‘ich qizlar bilan bo‘lib o‘tgan hodisa nafaqat ta’lim, mahalla, huquq tartibot idoralari mutasaddilari, balki yoshlar tarbiyasiga bevosita mas’ul tashkilotlarga va keng jamoatchiligimizga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi darkor.

Biz farzandlar kamolotiga to‘sqinlik qiladigan har qanday xavf o‘choqlarini o‘zimiz aniqlab, uni hamkorlikda bartaraf etib, maktabni chin ma’noda ta’lim-tarbiya o‘chog‘iga aylantirishimiz mumkin. Bu borada jadidimiz Fitratning “Oiladagi yaxshi tarbiya maktab uchun katta madad” ekanligi haqidagi fikrlarini hisobga olib harakat qilishimizdan boshqa chora yo‘q!", deb yozadi F.Muhammedjanova.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring