Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mahalla raisining ukasi jihodchilar orasida...

Mahalla raisining ukasi jihodchilar orasida...

Qashqadaryoda «Jihodchilar»ning 12 nafari qo‘lga olingani, ular orasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ham borligi DXX matbuot xizmati tomonidan tarqatilgandi. Shundan so‘ng Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati bunga munosabat bildirib, holat tegishli tartibda o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani «Boshchorbog‘» fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Z.Q.ning xonadonida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda bir guruh fuqarolar «Jihodchilar» oqimi vakillari sifatida qo‘lga olingan.

O‘rganishlar davomida ushbu fuqarolar orasida «Boshchorbog‘» fuqarolar yig‘ini raisi M.T. borligi o‘z isbotini topmagan. Balki guruh a’zolari ichida fuqaro M.T.ning ukasi, 1975 yilda tug‘ilgan H.T. bo‘lgani aniqlangan. Mazkur jinoyat ishi doirasida «Boshchorbog‘» MFY raisi M.T. ayblanuvchi (yoki guvoh) tariqasida jalb etilmagan», — deyiladi xabarda.

«Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona» degan maqol bugungi kunda o‘z qiymatini yo‘qotgani mana shu misol orqali ham ko‘rinib turibdi. Bir paytlar begona, ya’ni qo‘shnilar mahalladagi har bir bolaning tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan. Endi esa mahalla raisining ukasi adashganlar orasida...

Mahalla raisiki o‘z jigargo‘shasining taqdiriga befarqmi, boshqalarni qo‘yavering. Xo‘sh, bu mahalla raisi nimaga javobgar o‘zi? Nafaqat mahallasidan bir necha nafar jihodchi chiqqani, balki ukasining ham ular orasida ekani qanday xaspo‘shlanadi? Yoki mahallaning ishi faqatgina ajrashish arafasida turgan oilalarni majburlab yarashtirish, temir daftarlar bilan shug‘ullanishmi? O‘z ukasining xatti-harakatidan xabardor bo‘lmagan rais qanday qilib boshqa fuqarolarni nazoratga oladi?

Umid qilamizki, vazirlik ushbu tizimda o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondoshadigan mana shunday xodimlariga nisbatan ko‘rilgan choralarni ham muntazam ochiqlab boradi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring