Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga Xitoydan shifokorlar keladi

Koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga Xitoydan shifokorlar keladi

Xitoylik bir guruh shifokorlar koronavirusga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun 30 mart kuni O‘zbekistonga kelishi kutilyapti. Keyinroq ularning safiga yana 15 nafar xitoylik tibbiyot xodimi qo‘shilishi mumkin.

«Elchixonaning murojaatiga javoban, Xitoy Xalq Respublikasi yetakchi shifokorlari guruhi joriy yil 30 mart kuni o‘zbek hamkasblariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun O‘zbekistonga uchib borishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi hukumati yaqinda 15 kishidan iborat xitoylik shifokorlarning yana bir guruhini O‘zbekistonga yuborish masalasini ko‘rib chiqmoqda», – deyiladi elchixona axborotida.

Ma’lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyev xitoylik mutaxassislarni maxsus reys bilan O‘zbekistonga olib kelib, profilaktika tadbirlari bo‘yicha maslahat va ko‘mak olib bo‘yicha topshiriq bergan.

Avvalroq O‘zbekistonning bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov turli gap-so‘zlarga javoban: «Xitoylik mutaxassislardan xavfsirash emas, ularning tajribasidan foydalanish kerak», — deb ta’kidlagandi.

«Xitoy davlati o‘zi yordam beraman deb turgan paytda, oldi-qochdi gaplarga ishonib, undan voz kechish juda katta xato bo‘lardi», – degandi Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, shu hafta O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 11 nafari tibbiyot xodimlari ekani ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin bu raqam kamida bittaga ortdi: Namanganda hamshira virusni yuqtirib oldi.

Respublikada koronavirusga qarshi kurashga 100 mingga yaqin tibbiyot xodimlari safarbar etilgan, soha vakillari yuqori maoshli ishga taklif qilinmoqda.

Shuningdek, o‘nga yaqin maxsus karantin majmualari qurilyapti. Ulardan birinchisi Toshkent viloyatida 4 kun ichida foydalanishga topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring