Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kelajakda sud ishlarini yuritishda qog‘ozdan butunlay voz kechiladi

Kelajakda sud ishlarini yuritishda qog‘ozdan butunlay voz kechiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni sud faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Inson manfaatlari, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan bu sohani takomillashtirish davlatimizning doimiy e’tiborida. So‘nggi sakkiz yilda sudlarga doir 70 ga yaqin qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.

Bular aholi va tadbirkorlarning masalalarini hal etib, adolatni qaror toptirishga xizmat qilayapti. O‘tgan yili sudlarda 3 milliondan ortiq masala ko‘rib chiqildi. Bu – aholining huquqiy ongi oshib borayotganidan dalolat.

Hozirgi kunda sudga ariza berish, sud ishining holatini kuzatish, sud hujjatlaridan elektron nusxa olish kabi 14 ta xizmat raqamlashgan. Oliy sudning my.sud.uz portalida xizmatlar va undan foydalanuvchilar soni ko‘payib bormoqda. Shu paytgacha 17 millionga yaqin sud ishi axborot tizimlari orqali yuritilgan, 15,5 millionta ish sudyalarga inson omilisiz taqsimlangan.

2024-yil 1-noyabrdan boshlab, sudlarning ichki hujjatlar aylanmasi to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Natijada qisqa davrda davlat budjetidan 638 million so‘mlik xarajatlar iqtisod qilindi.

Endi buni izchil davom ettirish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish kerak. Xususan, sud muhokamasining taxminiy natijasi va ketadigan xarajatlarni oldindan aniqlab berish, huquqiy yordam bo‘yicha virtual maslahatchini yaratish, tayinlangan jarimalarni onlayn kuzatish va elektron shaklda to‘lash kabi imkoniyatlar odamlarga katta qulaylik yaratadi. Bugun rivojlanayotgan sun’iy intellektdan foydalanib, bu kabi ko‘plab yangiliklarni joriy etish mumkin.

Shu bois yig‘ilishda sud faoliyatini raqamlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Taqdimotga ko‘ra, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Buning uchun Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. U sudlarga zarur bo‘lgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar yaratish, sun’iy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlik sub’yektlari bilan sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi. Ishlarni ko‘rib chiqish tezkorligi oshadi.

Davlatimiz rahbari buning uchun sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasi muhimligini, qulayliklarni odamlar sezishi kerakligini ta’kidladi.

Bu ishlarni kengaytirish, huquq-tartibot idoralari ma’lumotlarini sudlar bilan samarali bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Har yili sudlarda 1 millionga yaqin nizosiz ishlar ham ko‘rilayapti. Masalan, o‘tgan yili fuqarolik sudlarida kommunal qarzdorlik bo‘yicha 200 mingga yaqin shunday ish ko‘rilgan. Aslida buni notariusda ham hal qilsa bo‘ladi. Shu nutqai nazardan, nizosiz ishlarni ko‘rib chiqishni tegishli idoralarga o‘tkazish taklifi bildirildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasiga ko‘ra, Oliy sudga qonunchilik tashabbusi vakolati berilgan. Shunga asosan, tadbirkorlik, investitsiya, infratuzilma, yer, soliq, kredit, mehnat munosabatlari kabi eng ko‘p uchrayotgan masalalarni tahlil qilib, har oyda hukumatga, har chorakda parlamentga taklif kiritib borish muhimligi ta’kidlandi.

Sohaga oid qonunlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, sudni yanada xalqchil qilish, tizimni moliyalashtirish bo‘yicha qonunlar zarurati qayd etildi.

Iqtisodiy sud tizimini isloh qilish, bu borada yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Sud binolarini ko‘paytirish, odamlar uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Sudyalar malakasini, jumladan, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, yosh kadrlarni shu jihatlardan yetuk etib tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring