Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantinda foydali: Hayotni o‘zgartirishning eng oddiy usullari

Karantinda foydali: Hayotni o‘zgartirishning eng oddiy usullari

Bugungi kunda ko‘plab xorijiy mamlakatlarda bo‘lgani kabi, yurtimizda ham karantin holati joriy qilingan. «Xabar.uz» tomonidan mana shunday sinovli damlarda yurtdoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli maqolalar berib borishga harakat qilamiz.

Ushbu maqolamiz orqali siz, yozuvchi Daniyel Vallenning odamlarni ilhomlantirish va hayotlarini o‘zgartirishning eng oddiy usullari borasidagi fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

Kimdir sizga hayotingizni o‘zgartirish, umuman o‘zingizni sog‘lom, baxtli va muvaffaqiyatli bo‘lishingiz uchun ilhom berganmi? Agar shunday bo‘lsa, ijobiy ilhom bag‘ishlash inson hayotida qanday ahamiyat kasb etishini yaxshi tushunasiz. Ilhomlantirish katta san’at, ammo bu oson ish emas.

Do‘stlaringiz, oilangiz yoki hamkasblaringiz hayotida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni xohlaysizmi? Agar siz atrofingizdagilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishni istasangiz, odamlarni ilhomlantirishning quyidagi 20 ta usulni ko‘rib chiqing.

  1. E’tiborli bo‘lish.

Agar siz yaqinlaringizga chin dildan g‘amxo‘rlik qilayotganigizni ko‘rsata olmasangiz, ularni ilhomlantiryapman deb o‘ylaysizmi? Javob: «Yo‘q!». O‘zingizning e’tiboringizni odamlarga so‘zlaringiz bilan, masalan «Bugun qandaysiz?» yoki «Ahvolingiz yaxshimi?» kabi gaplar va harakatlaringiz ya’ni, kichik ko‘mak va mehr-muruvvatlaringizda namoyon bo‘lishi kerak.

  1. Ishtiyoq yuqumli narsa.

«Ishtiyoq yuqumli narsa!». Ushbu ibora yetarli darajada keng tarqalgan va bu ayni haqiqatdir.

Har kuni aloqada bo‘lgan odamlaringizga ishtiyoqingizni ko‘rsata oling va bu ularda ham aks etishiga urining. Samimiy tabassum, ijobiy energiya va g‘amxo‘rligingiz shular sirasiga kiradi.

  1. Ishonch qozoning.

Agar siz bilgan yoki sevadigan odamingiz sizga o‘z sirini aytsa, bu faqat orangizda qoladigan narsa. Ishonch qozonish uchun ko‘p vaqt talab etiladi. Ammo uni bir kechada yo‘q qilib yuborish mumkin. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlar va ish joyingizda g‘iybat yoki keraksiz gurunglarda qatnashmang. Shunda odamlar siz bilan gaplashish va sirlashishdan qo‘rqmaydi.

  1. Ijobiy bo‘lmasa, yaxshisi uni aytmang.

Odamlarni tanqid qilish juda oson. Lekin bu har doim ham to‘g‘ri narsa degani emas. Bir o‘ylab ko‘ring: kimdir sizning aql-idrokingizni nazarga ilmasa, haqorat qilsa, kiygan kiyimingizni masxara qilsa yoki ishingizni tanqid qilsa qay holga tushasizu va o‘sha insonga munosabatingiz qanday bo‘ladi? Tanqid asosli bo‘ladimi yoki yo‘q, u baribir munosabatlarda dilxiralik keltirib chiqarishi aniq.

Hech kim to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqidni yoqtirmaydi. Shuning uchun agar shaxsiy munosabatlarda sizda ijobiy fikr bo‘lmasa, yaxshisi uni aytmang.

  1. Kichik iltifot.

Kichik iltifotlar har qanday kunni yorqinroq qilish imkoniyatiga ega. Ishonmaysizmi?

Ofisingizda odmiroq kiyingan, kamsuqum biror hamkasbingizni toping. Unga shu bugungi kunda yoqimli yoki chiroyli ko‘rinayotganligini ayting. Aminmanki, bu uning yuzida tabassum hosil qiladi va kun bo‘yi ko‘tarinki kayfiyatda yuradi.

  1. Qat’iyatli turing.

Turli stresslar bizning insoniy xislatlarimiz poydevorini sindirishi mumkin. Agar siz atrofingizdagi insonlarni ilhomlantirmoqchi bo‘lsangiz, qat’iyatli bo‘lishni o‘rganing. Atrofingizdagilarga hatto eng yomon sharoitlarda ham ijobiy fikrlash, vaziyat yaxshilanishiga ishonish va sinovlarni sarosimasiz yengib o‘tishni ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, qat’iyatli turing.

  1. Kamchiliklaringizni tan oling.

Hayot bizni turli to‘la-to‘plarga uloqtirganida egilmaslik juda muhim bo‘lsa-da, barchamiz bu yerda inson ekanligimizni va shu sababli mavjud nuqsonlarimiz borligini tan olishimiz ham zarur. Har bir insonda kamida bitta yaqqol zaiflik yoki bir qancha kamchilik bor. Shuning uchun odamlar sizni chuqurroq tushunishlarini xohlasangiz, kerakli paytda kamchiliklaringizni tan ola biling.

  1. Faol tinglovchi bo‘ling.

Boshqa odamlar aytayotgan so‘zlarni har kim ham eshita olishi mumkin. Ammo, aytilayotgan so‘zlarning ma’nosini to‘liq anglash uchun faol tinglovchi bo‘lish lozim. Agar kimdir sizga o‘zlarining muammolari to‘g‘risida gapirib berayotgan bo‘lsa, ularni diqqat bilan tinglang va kerakli o‘rinda savollar bering. Shundagina ularning nimani boshdan kechirayotganini tushuna olasiz.

  1. Intilish ham ilhomlantiradi.

Agar odamlarga ilhom bag‘ishlashni istasangiz, yuksaklikka, ya’ni katta maqsadlarga intiling va hech qachon taslim bo‘lmang. Chunki, oldinga intilish xislati o‘zgalarni ilhomlantirishda eng kuchli vositadir.

  1. Konstruktiv tanqid foydali.

Birinchidan, konstruktiv tanqid talab qilinsagina yetkazilishi kerak. 4-bandni eslang: ijobiy bo‘lmasa yaxshisi uni aytmang.

Agar biror bir so‘rovsiz kimnidir kamchiliklari uchun tanqid qilsangiz, ko‘p hollarda siz uni ranjitish maqsadida gapirayotgan hisoblanasiz. Biroq, tanqid sizdan so‘ralsa shunda ham uni silliq tarzda yetkazing. Misol uchun, kimdir sizdan biror bir qilgan ishi, deylik ijodiy asari uchun tanqidiy fikr so‘radi. Mulohazalaringizni quyidagicha bildirishingiz mumkin:

«Avvalo, fikrimni so‘raganingiz uchun rahmat! Bu menga bo‘lgan ishonchingizni anglatadi. Yozganlaringizni diqqat bilan o‘qib chiqdim. Bundan bag‘oyatda xursandman. (Shu joyda iltifotingiz samimiy chiqishi lozim). Menimcha, mana shu yerida (taklif-tavsiyalaringiz) shunday bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi».

Yodda tutingki, konstruktiv tanqidni o‘z o‘rnida bildira olish ham kuchli qobiliyatdir.

  1. Barchaga teng munosabat.

Biz jinsimiz, siyosatimiz, irqimiz, dinimiz va boshqa omillarimizdan qat’iynazar barchamiz teng insonlarmiz. Odatda munosabatga yarasha javob olinadi. Shuning uchun munosabatlarda sevgi, g‘amxo‘rlik, samimiylik, ishonch va ilhom baxsh etish birlamchi bo‘lishi kerak.

  1. Ishonch bilan yuring.

Hamisha o‘zingizga ishonch bilan odimlang. Kim ekaningizga bo‘lgan ishonch bilan harakatlanish shular jumlasidan. Hamma vaqt do‘stona kayfiyat atrofingizdagilarni ilhomlantirishda muhim xislat hisoblanadi.

  1. Vazminlik.

Odamlar ko‘pingcha tanqidga bo‘lgan munosabati, boshqalarni ilhomlantirish qobiliyatlari haqida to‘lqinlanib gapirishadi.

Esda saqlangki, agar siz nafratga nafrat bilan javob bersangiz, qanday qilib qarama-qarshilikni boshlagan odamdan yaxshiroq bo‘lishingiz mumkin?

O‘zgalar bilan tortishuvda xotirjam va vazmin bo‘lish yaxshi odat. Chunki, xafagarchilik hech qachon ko‘tarinki kayfiyat bergan emas. Og‘ir-bosiqlik esa, atrofingizdagilarga faqat ilhom bag‘ishlaydi.

  1. Ilhomlanish manbayingizni baham ko‘ring.

Qaysi va qanday kitoblar sizning shaxs sifatida rivojlanishingizga katta ta’sir ko‘rsatgan? Qanday qilib bugungi kunda baxtli, sog‘lom va muvaffaqiyatli odamga aylandingiz? Umuman, ilhomlanish manbalaringizni o‘zgalar bilan baham ko‘rib turing. Bundan boshqalar ham foyda ko‘rishi mumkin.

  1. Boshqalarning hissalarini e’tirof eting.

Sizning katta tajribangiz, salohiyatingizga shubha qilmagan holda, erishgan muvaffaqiyatlaringizda albatta kimlarningdir ozmi-ko‘pmi hissasi borligiga aminman. Agar siz yozuvchi bo‘lsangiz biror bir asaringizning qaysidir parchasini yozishda do‘stlaringizdan biri sizga ilhom bo‘lgani ham turgan gap.

Shunday ekan, kamtarlik ila, qo‘lga kiritgan natijalaringizda ko‘mak berganlar xizmatini e’tirof etishni esdan chiqarmang.

  1. Va’dalaringizni bajaring.

Agar siz kimgadir va’da bergan bo‘lsangiz, uning ahamiyatlilik darajasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, (deylik kino yoki konsertga tushish borasida) uni albatta bajaring. Bu sizga moddiy ziyon keltirgan taqdirda ham o‘zgalarning ishonchini yo‘qotmaslik eng oqilona qarordir.

  1. O‘zliginigizga sodiq qoling.

Hayotda ko‘pchiligimiz ijtimoiy vaziyatga qarab paydo bo‘ladigan «tanishlarimiz» bor. Bular uy, ish, do‘stlar va boshqalar bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi turfa «qo‘shiq» va «raqs»larni talab qiladi. Siz duch keladigan har bir guruh uchun turli xil «shou»larni ko‘rsatishingiz sizni haddan ziyod charchatadi ham. O‘z navbatida bu atrofingizdagi odamlarni ilhomlantirishning yaxshi usuli emas.

Tasavvur qiling, o‘zingiz har xil qiyofaga kiradigan insonga ishona olasizmi?

Xullas, o‘zligingizga sodiq qoling.

  1. Muqobil fikrlar va g‘oyalarni o‘rganing.

Hamma masalaga bir xil yondashib bo‘lmaydi. Shunday ekan, o‘z fikrlaringizni muntazam shubha ostida tahlil qilib boring. Masalan, agar siz moliyaviy konservativ bo‘lsangiz, uning boshqa tomonini ko‘rish uchun siyosiy spektrning qarama-qarshi tomonida kimdir tomonidan puxta o‘ylangan qismni o‘rganing. Umuman, dunyoqarashlaringiz turlicha bo‘lgan odamlar bilan suhbatlashing. Bu siz yopishib olgan qaysidir fikringizni to‘g‘ri yo‘nalishga o‘zgartirishi mumkin. Bu orqali sizdan farqli o‘ylagan va bu borada sizga murojaat qilishdan qo‘rqqan odamlarning o‘zlariga nisbatan ishonchini oshirasiz.

  1. Haqorat takabburlik belgisi.

Agar siz biror bir bahsda haqorat qilish ortidan yutsangiz, bu bilan maqtanishning hech ham hojati yo‘q. «Siz shundaysiz...» deb gapirish takabburlik belgisidir. Bu odamlarni muhim masalalar yuzasidan sizga murojaat qilishlariga xalaqit beradi.

  1. Erkinlik berish.

Odamlarga shunchaki maslahat beraverish o‘rniga, ularga o‘zlari bilib olishi uchun erkinlik bering. Hech kim va’zxonlikni yoqtirmaydi. Agar sizdan biror bir masalada yordam so‘rashsa, to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilishi uchun biroz qo‘polroq munosabat bildirishingiz mumkin. Ammo, buni bo‘rttirib yubormaganingiz ma’qul. Inson biror narsani mustaqil anglashga qodirligini payqasa, u ilgari o‘zining o‘ylab ko‘rganidan ko‘ra kuchliroq ekanligini tushunib yetadi.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring