Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jumboq. Ortiqxo‘jayevning muxbirlar bilan muloqotidan «to‘liq audio» taqdim etildi

Jumboq. Ortiqxo‘jayevning muxbirlar bilan muloqotidan «to‘liq audio» taqdim etildi

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 16-noyabr kuni Toshkent shahar hokimining haqorat, po‘pisa va tajovuzlarga to‘la audiosi tarqalgani va voqealarning keyingi rivojini bir-bir esga solishga hojat yo‘q. Shundog‘am uch kundirki, ayni masala jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Voqelik hatto xalqaro tashkilot va xorijiy elchilarning e’tiborini jalb etgani vaziyat tobora jiddiylik kasb etayotganini bildiradi.

Hokimning audiosi tarqalganidan ko‘p o‘tmay u (audio) to‘la shaklda emasligi, undagi aks etgan gaplar «ma’ruzadan» yulib olingan parchalar ekani, shuningdek, o‘sha suhbatda aytilgan tahdidlar «Kun.uz» muxbirlariga qaratilganini saytning o‘zi ochiqladi.

Bugun «Kun.uz» sayti «...xolislik nuqtai nazaridan hokim bilan o‘sha uchrashuv haqida nisbatan to‘liq kartina hosil bo‘lishi uchun audioyozuvni nisbatan to‘liq holga» keltirib jamoatchilik hukmiga havola etdi.

Har ikkala audioga tegishli havola berilayotgani bois o‘quvchilarda ularni taqqoslash imkoniyati mavjud. Shundan kelib chiqib, keyingi, ya’ni «to‘liq audio»ning matndagi shaklini uning mazmuniga putur yetmagan holda qisqartirib, e’tiboringizga havola etishni ma’qul deb bildik.

Avvalo, ta’kidlash shartki, audioning avvalgi variantidagi ayrim nuqtalar, xususan,«jurnalistlarni jismonan yo‘q qilib yuborishga oid» qismi yaxlit shaklda uning «to‘liq varianti»da yo‘q. Xususan, audioning avvalgi variantida hokimning quyidagi gaplari bor edi: «...Yoqadimi rahbarimizga, yoqmaydimi, mening o‘zimning ham xarakterim bor. Ya mogu eto delat (Men qila olaman buni). Shest sekund mogu sdelat! (Olti soniyada qila olaman). Organizovat mogu (Tashkillashtira olaman). Ili somnevayeshsya? (Yoki shubha qilyapsanmi?) Tushuntiroldimmi?!

Ikki-uch kun bittang besabab uydan chiqib ketlaring, yo‘qolib qollaring… Uch kun besabab bittang uydan chiqib ketlaring! Vi xotite etogo? (Sizlar buni istaysizlarmi?) Uch kun yo‘q bo‘lib qolsa, hamma jim-jit! O‘-o‘-o‘, san tirikmisan, hech kim xabar olmaydi, aytib qo‘yay, sani! U yer - bu yerda yozishadi, bir haftadan keyin unutishadi. Bo‘ldi! Qayerdadir cho‘kib o‘lgandurda deyishadi. I vsyo (Bo‘ldi). Hayot shunaqa!»  

«To‘liq audio»dan hokimning ma’naviyat, ma’rifat va majburiy mehnat borasida «o‘z qarashlari»ga ega ekanini tasavvur qilish mumkin: «Bizning davrimizda bitta narsaga ishonardik, hamma ergashardi, ishonardi. Bitta ish bo‘lardi, yo‘l qurilgan, Farg‘ona kanali qurilgan, katta-katta ishlar bo‘lgan. Majburiy mehnat, hashar. Bu qadriyatimiz-ku bizning. Ota-onamizga xizmatniyam ertaga majburiyat deydi bular. Qadriyatni yo‘qotdik-ku. Qadriyatni yo‘qotdik-ku? Ota-onamizga xizmatniyam ertaga majburiyat deydi. Qani endi hashar? Qani? Itam dumi bilan tozalab o‘tiradi eshigini tegini. Endi ko‘chasi tugul, uyining oldini tozalata olmayapmiz-ku, bolam?». O‘z navbatida bunday qadriyatlar yo‘qolishiga ommaviy axborot vositalari xodimlarini sababchi qilib ko‘rsatadi: «Qadriyatimizni yo‘qotdik-ku! Kim qildi buni? Siz qildingiz! U yerga borib mikrofon tutadi, majburiy mehnat deb, bu maktabga boradi...».

Shuningdek, hokim gap orasida Toshkentdagi qurilishlar sabab Rossiyadan uch ming odam qaytib kelganini ta’kid etib, bu haqda OAVda bir og‘iz gap yozilmaganidan yozg‘iradi: «...Bittasi yozadi, ishchilarni 12 soat ishlatyapti deb, bittasi yozadi ovqat bermayapti ekan deb. Uch ming odam Rossiyadan keldi, oilasi bilan shu yerda yashab ishlayapti. Uch ming odam qaytib keldi Rossiyadan. Hech kim buni yozmaydi. Faqat negativ. Sensatsiya!». Yana aytadiki: «...Lekin biz oshirib yubordik erkinlik tegdi deb. Istalgan ashulamizni aytib tashadik!».

Jahongir Ortiqxo‘jayev sayt muxbirlarining bir tadbirkor murojaatiga asosan Olmazor tumani hokimligiga borganiga to‘xtalib, bundan ular manfaatdor ekaniga ochiqdan-ochiq ishora qilishi barobarida noprofessionallikda ayblaydi: «Yozinglar, istaganlaringcha. Hech kim oldinglarni to‘sayotgani yo‘q. Lekin har bir odam Xudoning oldida o‘zi javob beradi. Menga qiziq, shuncha tadbirkorning muammosi turib, bitta o‘shaning ishi bilan borilgan. Nima bor bu yerda, manfaat bormi? Shaxsiy manfaat bor. Bilmasam.

Bir tomonlama o‘rganasizlar. Ikkinchi tomonni o‘rganmaysilar. Hokimiyat hududida kamera ko‘tarib yurish mumkinmi? Qo‘lingda hujjating yo‘q, formang yo‘q. Masalan, sening uyingga kamera bilan bora olamanmi, ukam? Qanaqa reaksiya bo‘ladi? Xafa bo‘lasanmi? Bore, kamerangni yo‘qot deysan, to‘g‘rimi?

Hujjat ko‘rsatmagansizlar. Etikada oldin ruxsat so‘raladimi? Kameraga olamiz deb. Ruxsatsiz kameraga olishga haqqing bormi?».

Gap aylanib, sayt va Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari A.Vahobov o‘rtasidagi mojaroga kelgach, poytaxt rahbari «erkakcha gaplashish»ni taklif qiladi: «...Bitta narsaga kelishamiz, erkakcha gaplashamiz, maylimi? Bu ishni qonun doirasida hal qilamiz. Xalqni aralashtirmaymiz, saytga chiqarmaymiz. Ikki tomonning harakati o‘rganiladi. Qonun, sud nima desa shu bo‘ladi. Bunga ayb qo‘yilsa shu jazoni beramiz. San aybdor bo‘lsang shu jazo. Faqat xalqni aralashtirmaymiz. Sud bilan hal qilamiz. Rozimisan. Hech qayerda yozmaysan. Agar shu gap orada qoladigan bo‘lsa. Oxirigacha oboramiz. Alloh oldida so‘z beraman, sudga tazyiq o‘tkazmayman».

Ayni taklifdan so‘ng hokim o‘zbek jurnalistikasini «...ertaga yo‘q bo‘lib ketadigan ahvolda ko‘rishni» xohlamasligini, «jiddiy kompaniyalar bo‘lishini, jahonga chiqishini, o‘zbekdan chiqishini» orzu qilishini aytadi. So‘ng «..yengil-yelpi materiallar bilan buni (hokim o‘rinbosari) bervormayman. Shunchaki berib yubormayman. O‘z xodimimni osonlik bilan xafa qildirib qo‘ymayman», deb... tahdidga o‘tadi: «...Men shunday qilishim mumkinki, sizlardan mahalla voz kechadi. Bu qo‘limdan keladi. Shunday qilishim mumkinki, ota-onang bosh ko‘tarib yurolmay qoladi. Men buni qilishim mumkin. Nima, menga sizlarni gey deb e’lon qilish qiyinmi? Bu juda oson. Oson. So‘z erkinligi»!

Faqat hokim «qo‘lidan nimalar kelishi» aytib, bunga hatto shubha yo‘qligini ta’kid etar ekan: «...Lekin men bunday ifloslik qilmayman. Ota-onam meni bunga o‘rgatmagan», deydi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev «nutqi»ni quyidagi gaplar bilan tugatganidan esa xabardorsiz: «...Shuning uchun, bizga tosh otishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar. Yaxshisi biz bilan ishlanglar. Odamlarda bizga nisbatan nafrat ishlatishdan ko‘ra, qandaydir muammo tug‘ilsa, bizga bu muammoni yechishda yordam beringlar»!

«To‘liq audio» mazmuni bilan tanishtirilar ekan, unga sharh yoki munosabat bildirilmayotganini sezgan bo‘lsangiz kerak. Zero, bunga hojat ham yo‘q.

Pirovardida, hamkasblarimiz uchun (nainki ular uchun) xavotirli holatlar ham yo‘q emasligiga e’tibor qaratishni lozim deb bildik.

«Kun.uz» alohida ta’kid etishicha: «...To‘liq audiodan keyin ham shahar hokimi tomonidan muxbirlarga tazyiq va tahdid mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Sayt tahririyatining shahar hokimida xusumati yo‘q. Lekin adolat ta’minlanishi uchun tegishli organlar ushbu faktga e’tibor qaratishi va munosabat bildirishini kutib qolamiz».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring