Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT-Park ikki yoshga to‘ldi (foto, video)

Bugun, 24 iyul kuni IT-Park shou-rumida kompaniya tashkil etilganining ikki yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Aytish mumkinki, ushbu tadbir kompaniya jamoasining ikki yillik hisoboti va kelgusi vazifalari taqdimoti bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati, xorijiy mehmonlar, hamkor tashkilotlar, rezidentlar hamda axborot texnologiyalari sohasi korxonalari va tashkilotlaridan vakillar ishtirok etdi.

Mehmonlar qutlug‘ sana bilan IT-Park jamoasini tabriklashdi. Jumladan, tadbirda so‘zga chiqqan AKT vaziri Shuhrat Sodiqov kompaniya tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmasa-da, bildirilgan ishonchni oqlab, yaxshi natijalarga erishganini alohida qayd etib, “ayti” jamoasiga ulkan yutuqlar tiladi.

Xo‘sh, o‘tgan ikki yil davomida IT-Park nimalarga erishdi?

Bir so‘z bilan aytganda, IT-Park mamlakatda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan IT-kompaniyalar soni va sifatining o‘sishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berdi.

O‘tgan davrda respublika bo‘ylab 14ta ixtisoslashtirilgan IT-maktab ochildi. E’tiborlisi, ushbu maktablar bitiruvchilari IT-markazlarida o‘qishni davom ettirish va axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

Yosh avlod o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida respublika IT-Olimpiadasi o‘tkazilib, unda barcha IT-maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.

IT-Parkda 147 ta IT-markaz ochilgan bo‘lib, unda 40 ming 255dan ortiq tinglovchi ta’lim oldi. Ushbu markazlarining ochilishi tufayli 294 dan ortiq ish o‘rni ham yaratildi. Joriy yilda IT-markazlar sonini 205taga yetkazish rejalashtirilgan, ularda ko‘proq ish o‘rinlari tashkil etilib, yanada ko‘proq yoshlar o‘qitiladi.

Bundan tashqari, One Million Uzbek Coders loyihasi ishga tushirildi, unda ikki yil davomida 469 260 foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi, 246 587 talaba guvohnoma va 176 883 bitiruvchi sertifikat oldi. One Million Uzbek Coders – IT-Park tomonidan yaratilgan bepul ta’lim platformasi Dubai Future Foundation jamg‘armasi bilan birgalikda malakali xalqaro ekspertlar videodarslarini bepul o‘rganish orqali ma’lumotlar tahlili, frontend va backend dasturlashning asosiy tushunchalarini, shuningdek, mobil ilovalar yaratishni bepul o‘rganish imkonini beradi.

Asosiy kurslarni tugatgach, foydalanuvchilarga Udacity Nanodegree granti egalari bo‘lish imkoniyati beriladi, bu esa ularga One Million Uzbek Coders loyihasi doirasida yanada keng darajada saboq olish imkonini beradi. Ushbu grant egalari soni bugungi kunda 250 nafardan ortiqni tashkil etdi.

Mamlakatimizning 16 ta oliy o‘quv yurtida IT-Park tashabbusi bilan inkubatsiya markazlari tashkil etildi. Unda talabalar bilan ishlash va ularning loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha keng qamrovli dasturlar amalga oshirilmoqda. Ana shu markazlarda 120dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.

Ikki yil ichida Guliston, Marg‘ilon, Andijon, Samarqand, Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarda IT-Parkning yettita filiali ochildi. Shuningdek, respublikamiz bo‘ylab IT-Parkning 14ta filialini ochish rejalashtirilgan.

Yana bir muhim yangilik – 2020 yilning 18 avgustida AQShning Delaver shahrida IT-kompaniyalarga AQSh ichki bozoriga kirish uchun sharoit yaratib beruvchi IT-Park vakolatxonasi ochildi. Vakolatxonaning asosiy vazifasi ichki mahsulot va xizmatlarni eksport qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni rag‘batlantirish, reklama kampaniyalarini o‘tkazish, buyurtmalarni qidirish, AQSh mijozlari va IT-Park rezidentlari o‘rtasida shartnomalar tuzishda yordam berishdir. Vakolatxona har ikki tomon uchun – buyurtmachi uchun bajarilgan ishning sifati bo‘yicha, pudratchi uchun bajarilgan ish uchun haq to‘lash bo‘yicha ham kafil vazifasini bajaradi. Buning uchun xalqaro standartlarga javob beradigan sug‘urta va kafolat tizimlari joriy etilgan.

IT-Park korporativ innovatsiyalar doirasida ham faol ish olib boradi, bu esa ularning rivojlanishi va o‘sishi uchun mavjud kompaniyalarga yangi g‘oya va imkoniyatlarni joriy etish jarayonini o‘z ichiga oladi. Bu sohadagi qator tadbirlar xakatonlar, tanlovlar, dasturlar, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar, shuningdek, O‘zbekistonda IT-sohasida startap ekotizimini va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha boshqa tadbirlar shaklida tashkil etildi. Tashkilot tomonidan mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda jami mukofot jamg‘armasi 7 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirildi.

2021 yilning 12 fevralida IT-Park CS:GO bo‘yicha Cookie Crew jamoasini tuzdi va ular Frag Season 5 respublika turnirida g‘olib chiqdi va shu tariqa CS:GO o‘yini bo‘yicha respublikamiz chempioni bo‘ldi.

IT-Park faoliyatining barcha yo‘nalishlarida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish bo‘yicha o‘nlab tadbirlar, tanlovlar, xakatonlar va boshqa loyihalarni amalga oshirdi. Albatta, ishlar bu bilan to‘xtamaydi va kompaniya respublikamizni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida IT-yetakchisiga aylantirishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, IT-Park O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan startap ekotizimini va startap loyihalarini takomillashtirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring