Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ishchi guruh Surxondaryoda qaysi ob’yektlarga bordi? (foto)

Ishchi guruh Surxondaryoda qaysi ob’yektlarga bordi? (foto)

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliginiing Ishchi guruhi a’zolari xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib turibdi. Bugun, 1 iyun kuni vazirlik Ishchi guruhi Termiz shahridagi informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 16-tayanch maktabi faoliyati bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2023 yil yakuniga qadar barcha tuman (shahar)larda bosqichma-bosqich 205 ta informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi belgilangan. Hozirgi  kunga qadar respublika bo‘yicha 14 ta ana shunday maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Termizdagi 16-maktabni ham informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabiga aylantirishga qaror qilinib, ushbu ta’lim dargohi ta’mirlandi. «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK esa ikkita informatika, robototexnika, laboratoriya, o‘qituvchilar xonalari va elektron kutubxonani kompyuterlar va mebellar bilan jihozladi. Shu yilning fevral oyida tayanch maktabi rasman ish boshladi.

Maktabda jami 980 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Shu yil boshida imtihon o‘tkazilib, 30 nafar o‘quvchi informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul qilindi.

Bu yerga Ishchi guruh a’zolari hamrohligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov va AKT vazirining o‘rinbosari Bahromjon Olmatov kelishib, maktab o‘qituvchilari bilan muloqot qilishdi. Yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Maktab faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashinildi.

Shundan so‘ng Ishchi guruh «O‘zbektelekom» AK Surxondaryo filiali Termiz shahar telekommunikatsiyalar  bog‘lamasining yaqinda ochilgan sotuv va xizmat ko‘rsatish ofisida bo‘lishdi.

O‘tgan yilda viloyatda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 51,3 ming raqamli 38 ta zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari o‘rnatilib, stansiyalar soni 122 taga va umumiy sig‘imi 112,8 ming raqamga yetkazilgan edi. Shuningdek, 2021 yilning o‘tgan davri davomida 920 km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 5 ming km.ga yetkazildi.

Mijozlarga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish maqsadida 2021 yil 3 mart kuni Termiz shahrida UZTELECOM milliy operatorining zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish ofisi ochildi.

Haqiqatda bu maskanda mijozlar uchun barcha sharoitlar to‘laqonli yaratilgan.

– Ofisimizga kuniga 40-50 nafar mijoz keladi, – deydi biz bilan suhbatda ofis menejeri Fazliddin Eshqulov. – Asosan O‘zMobayl kartalarini sotish, IPTV, internetga ulash va xonadonlarga uy telefonlarini tushirish singari xizmatlarni ko‘rsatamiz.

Fazliddin Toshkent axborot texnologiyalari universitetining axborot texnologiyalari servisi yo‘nalishida tahsil olib, 2020 yili ishga kelgan. Unga ishonch bildirilib, zimmasiga menejerlik singari mas’uliyatli vazifa yuklangan. Umuman olganda, filialda Fazliddin kabi iqtidorli yoshlar ko‘p. 

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatidagi aholi maskanlari 104 ta pochta aloqa bo‘limlari orqali pochta xizmatlari bilan qamrab olingan.  32 ta aloqa bo‘limlarida aholiga 16 turdagi davlat va bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Mijozlarga pochta xizmatlarini taqdim etish maqsadida 2021 yil 5 may kuni Termiz shahrida zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish ofisi ish boshladi.

Umida Bobojonova ushbu ofisda xizmat ko‘rstaish operatori bo‘lib ishlaydi. Pochta tizimida faoliyatni 1996 yili boshlagan. Qulay sharoit, mijozlarga tezkor xizmat ko‘rsatishdan mamnun.

Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi «O‘zbekiston pochtasi» AJ xodimlarini davlat xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitib, qayta tayyorladi hamda dasturiy ta’minotini yo‘lga qo‘yib berdi. Ofis xodimlarining aytishlaricha, tashkilotlardan xat jo‘natish miqdori ko‘paygan. Bu yerda kitob savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.  

AKT vazirligi Ishchi guruhi shoxobchada xodimlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalarni berdi. Ishchi guruh tashrifi davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring