Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV jim. Savol ochiq: «Abdulloh qani?»

IIV  jim. Savol ochiq: «Abdulloh qani?»

Avval ijtimoiy tarmoqlarda, so‘ng qator mahalliy saytlarda Andijon viloyati Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi 20 yashar Abdulloh Tohirov viloyat IIBga chaqirilganidan beri uyiga qaytmagani haqida bong urildi. Favqulodda voqelik hisoblangan ayni holat, mana bir necha kundirki, katta muhokamalarga sabab bo‘layotir.

«Kun.uz»ga ko‘ra, hammasi shu yilning 26-oktyabr kuni ertalab  Abdulloh Tohirovning Qo‘rg‘ontepa tumanida  yo‘l-transport hodisasi sodir etganidan keyin boshlangan. U qarindoshining «Lacetti»sida «Nexia-2» rusumli avtomashinani  tutib yuboradi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, «Nexia-2» Andijon viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashevga tegishli ekan. A. Tohirovning otasi yetkazilgan zararlarni qoplashdan bo‘yin tovlamaydi.  Andijon shahrining Bog‘ishamol dahasidagi eski mashina bozorga yaqin joydagi ustaxonaga «Nexia-2» ta’miri uchun zarur ehtiyot qismlari va mablag‘ni tashlab ketadi. Shu jarayonda ota ta’mirtalab mashinaning ochiq turgan yukxonasida  «VSF» kategoriyadagi davlat raqamga ko‘zi tushadi...

Shundan so‘ng voqelar rivoji kutilmaganda o‘zgarib ketadi: 27-oktyabr kuni Abdulloh  viloyat IIBga chaqirtiriladi. Va... shundan buyon yigit uyiga qaytgani yo‘q!

Andijon viloyati IIB boshqarma boshlig‘i Q. Ergashevga ko‘ra, yigit Toshkentga olib ketilgan, emishki, u  internetda «nozik odamlar»ni so‘kib (bir nimalar) yozib qo‘yibdi,  unga ko‘pi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi beriladi...

Biroq Abdulloh Tohirov qaysi sud tomonidan, qachon va qaysi ayblar uchun 15 sutka jazoga tortilgan -  bu haqdayam hech qanday ma’lumot yo‘q...

Ichki ishlar vazirligi  sukutda. Savol hamon muallaq turibdi: «Abdulloh qayerda?»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring