Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hokim karantin ehtimoli yuzaga kelganda nimalar qilinishini aytdi

Hokim karantin ehtimoli yuzaga kelganda nimalar qilinishini aytdi

Namangan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov Xalq deputatlari kengashida oziq-ovqat xavfsizligiga qaratilgan sessiyada hisobot berdi.

PREZIDENT TOPShIRIG‘I HAQIDA
Zaxirani shakllantirish haqida oldin ham chora-tadbirlar bo‘lardi. Ammo o‘tgan yillar davomida topshiriqlar qog‘ozda qolib ketdi. Tadbirkor kredit ololmasdan, ombor topa olmasdan va boshqa muammolar bois zaxira mahsulotini yarata olmay qolardi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra endi hokimliklar tomonidan jamg‘arma tashkil etiladigan bo‘ldi.

Bizda asosan narx-navo yangi yil va boshqa bayramlar arafasida ko‘tariladi va shunga tayyor turishimiz kerak. Buning uchun viloyat budjetidan 15 milliarddan 25 milliard so‘mgacha ajratiladi.

GO‘ShT NARXI HAQIDA
Namanganda eng katta xavotirga soladigan to‘rtta mahsulot — go‘sht, guruch, shakar va yog‘. Bu mahsulotlar yetarli bo‘lishi uchun kerakli chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Eng avvalo go‘sht taqchilligini bartaraf etish lozim. Buning uchun ikkita fermer xo‘jaligi tanlab olinib, ular yordamida xorijdan qoramol olib kelinmoqda.

Go‘sht narxi 45-50 ming oralig‘ida ushlab turiladi. Tadbirkorga ssuda ajratib beriladi va Qirg‘izistondan go‘sht olib kelinadi.

Ilgari Chorsu bozorida go‘sht paviloni bo‘lardi. Shunday bozorga kirganingizda, to‘g‘rida joylashgandi. Qassoblar bir joyda ekani tufayli raqobat bor edi, narx ham barqaror turardi. Mana shu ustunlikni yo‘qotib qo‘yganmiz. Har bir bozorda go‘sht va sut paviloni tashkil etish lozim. Buning uchun tegishli mutasaddilarga bir hafta muddat beriladi.

TOMORQA YeRLARI HAQIDA
Har bir mahallada yengil tipda ekobozor tashkil etiladi. Aslida aholimiz allaqachon bunday bozorlarni yo‘lga qo‘ygan. Biz qurilish-arxitektura bilan kelishgan holda, yaxshi dizaynda qurib bermoqchimiz. Nasib qilsa 1 noyabrda ishga tushadi.

Viloyatda 35 ming gektar tomorqa yerlari mavjud. E’tiborli tomoni, paxta maydonimiz 70 ming gektar. Tomorqalar paxta maydonning yarmicha keladi. Lekin aholi ixtiyoridagi yerlardan unumli foydalana olyapmizmi, mana shu savolga javob yo‘q.

Nima uchundir hovliga ko‘kat, pomidor yoki uzum ekib qo‘yishni esdan chiqarib qo‘ydik. Ilgari rayhon, ukrop va tuxum olish uchun hech kim bozorga bormasdi.

BOLA TARBIYaSI
Talab ko‘p bo‘lsa, narx ham oshadi. Biz talab oshgan vaqtda taklifni ko‘paytirib, vaziyatni o‘nglashimiz kerak. Taqchil bo‘lgan mahsulotni bozorda ko‘paytirish orqali narxni tushirmoqchimiz. Shuningdek, xalqimizdan ham tomorqa yerlaridan samaraliroq foydalanishni so‘ragan bo‘lardim.

Tomorqa bormi, demak kerak mahsulotni uyda yetishtirishni o‘rganish lozim. Tomorqani obod qilsak, farzandlarimiz o‘rnak oladi. Bola hamma narsani ota-onadan o‘rganadi. Oxirgi vaqtlarda yer chopgan yigitni ayniqsa shaharda ko‘rmay qoldik. Bu masalada hammamiz — mahalla, nuroniylar, deputatlar harakat qilishimiz kerak.

Viloyatda o‘rnak bo‘ladigan hududlar bor. Beshkapa qishlog‘ida hamma xonadonda issiqxona bor. G‘alchada shunaqa gul yetishtiriladiki, butun viloyat oladi. Uchqo‘rg‘onda qulupnay ekiladi, To‘raqo‘rg‘onda gilos. Boshqalar ham o‘rnak olishi lozim.

OLIBSOTARLAR
Yana bir masala borki, ko‘p bozorlarda rastalar olibsotar qo‘liga o‘tib ketgan. Erta tongda haqiqiy dehqon kelib, mahsulotini sotishga harakat qiladi. Ammo uning molini olibsotar olib qo‘yib, ikki barobar qimmatiga sotadi. Dehqonni bozorga kiritmaydi. Agar shuni mayda ish demay, aralashsak, hal qilib bersak, narx tushgan bo‘lardi.

Nima uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ulgurji bozor tashkil qilmaymiz? Dehqon shunday qopini yerga qo‘yib, sotsa bo‘ladi-ku! Ilgari shunaqa bozorlar bo‘lardi, hozir yo‘q.

Dehqonga juda qiyin. Bechora joy topa olmasdan bozor o‘rtasidagi yo‘lakka qopini qo‘yib sotadi. Ertalab soat 8 dan oshgach «bozorkomlar» ularni quvishga tushadi. Mahsulotini esa olibsotarlar olib qo‘yadi.

Shu masalada mas’ullarga topshiriq, dehqon uchun joy qilib berish kerak. Qolversak, odamlarga ham qulay, bir-ikki qop sabzavotni birdan olib ketadi va bozorga har kuni kelavermaydi.

Chorvadorlarimiz uchun esa bozorning eng yaxshi yeridan joy ajratib beramiz. Ular har bitta bozorda qanday joyga ega bo‘lishini oldindan bilishlari shart.

SUPERMARKETDAGI NARXLAR HAQIDA
Supermarketlarda narx baland ekaniga kelsak. Go‘shtning shunday qismi bo‘ladiki, darhaqiqat qimmat yuradi. Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi vaziyatni o‘rganadi, albatta. Ammo bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak — aksariyat aholi go‘shtni bozordan sotib oladi. Kim supermarketdan olgisi kelsa, marhamat. Bozordan olmoqchi bo‘lganlarga esa arzon narxda yetkazib beramiz.

KARANTIN EHTIMOLI HAQIDA
Karantin qoidalari joriy etilib qolsa, qanaqa chora-tadbirlar ko‘riladi? Avvalo yaxshi niyat qilaylik, karantin bo‘lmasin. Hukumat talabi shunaqa, pandemiya vaqtida extiyot choralarini ko‘rib yashash va ishlashni o‘rganishimiz lozim. Gigiyena va niqob tizimiga rioya qilish shart.

Mabodo karantin joriy etilgan taqdirda hozir ko‘rilayotgan choralar unga ham bog‘liq. 25 milliard so‘mlik zaxira nima uchun kerak? Aholi ta’minoti uchun, albatta. Avval hech shunaqa bo‘lganmi? Bo‘lmagan. Faqat tadbirkor qishga zaxirani tavakkal olib qo‘yardi va foyda qilsa kelasi yil yana olardi.

Endi esa bunga Davlat darajasida katta e’tibor qaratilgan. Barcha zaxiralar shuning uchun tayyorlanmoqda. Shuning uchun xavotirga o‘rin yo‘q, biz imkon qadar barcha narsaga tayyor turamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring