Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Geosiyosiy vaziyatning Markaziy Osiyodagi mamlakatlarga qanday ta’siri bor? (video)

Xalqimizda «qo‘shning tinch, sen tinch», degan maqol bor. Bugungi kunga kelib qo‘shni Qozog‘iston va unga chegaradosh bo‘lgan Rossiya o‘rtasida geosiyosiy kurash avj oldi. Bu kurash ba’zida yashirincha, ba’zida oshkora tarzda kechayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Xo‘sh, Qozog‘iston ikkinchi Ukrainaga aylanishi mumkinmi? Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi geosiyosiy kurash O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Shu savollarga javob olish maqsadida Xabar.uz siyosatshunos Farhod Tolipov va iqtisodchi Shuhrat Rasul bilan suhbatlashdi.

  Qozog‘istondagi yanvar voqealaridan so‘ng xalqaro ekspertlar «Qozog‘iston endi geosiyosiy jihatdan Rossiyaga qaram bo‘lib qoladi» deb taxmin qilishgan edi. Lekin bugun ikki davlat o‘rtasiga munosabatlar keskinlashdi. Bu keskinlashuvga nimalar sabab bo‘ldi?

Farhod Tolipov, siyosatshunos: – Haqiqatdan ham bir necha yillardan beri Qozog‘iston rossiyalik siyosatchilarning nishoniga aylanib qolgan edi. Ular Qozog‘istonni informatsion xurujlar va do‘q-po‘pisalar orqali qo‘rqitib, nodo‘stona muhit yaratib kelgan. Buni men so‘nggi yillarda Rossiyada neoimperiyachilik kayfiyati kuchaygani bilan bog‘lagan bo‘lardim. Rossiyada tobora eskichilikni qumsayotgan siyosatchilar kuchayib, neoimperiyachilik g‘oyalari avj oldi. Rossiya «sobiq Sovet makonidagi respublikalar Rossiyaning ta’sir doirasida qolishi kerak», degan g‘oyani tarqataverdi. Bu shunday ko‘rinishga aylandiki, ko‘plab ekspertlar buni tahdid sifatida ko‘ra boshladi. Albatta, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston Rossiya bilan chegaradosh emas. Shu sababdan Qozog‘iston birinchi nishonga aylandi. Qolaversa, Qozog‘iston Rossiya bilan quruqlikdagi eng uzun chegaraga ega. Shu sababdan ham Qozog‘iston Rossiyaning tazyiqlariga ochiq davlat hisoblanadi. Lekin men buni yuzaki qarash, deb hisoblayman. Chunki bu muammoni to‘liq yoritmaydi. Qozog‘istonning o‘ziga yarasha xalqaro darajada obro‘si bor. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Qozog‘iston o‘ziga xos imijga ega bo‘lib keldi. Hattoki, Markaziy Osiyoning eng rivojlangan davlati degan nomni qo‘lga kirita oldi. Ya’ni, Qozog‘iston ikkinchi yoki uchinchi darajadagi davlat emas. Qancha tahdid bo‘lsa ham, Qozog‘iston Rossiyaga to‘liq qaram bo‘lib qoladi deyish, menimcha, noto‘g‘ri.

Yanvar oyida sodir bo‘lgan noxush voqealarni eslasak, bir tomondan go‘yo «Moskva KXShT qo‘shinlarini yuborgan holda Qozog‘istonni qutqardi», degan fikrni uyg‘otadi. Aslida bu kiritilgan kuchlar hech qanday xizmat qilmadi. Ular bir necha kun Olmaota shahrida turib, ortiga qaytib ketdi. Asosan Qozog‘istonning o‘zi bu tartibsizliklarni muvozanatga keltira oldi. Bilasizmi, Qozog‘istonni ham qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlar bor, u yolg‘izlanib qolmagan. Shuning uchun Qozog‘iston Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanib qoldi, deyish biroz noto‘g‘ri.

Shuhrat Rasul, iqtisodchi: – Farhod aka aytganidek, oxirgi o‘n yillikda neokolonializm siyosati kasallik formulasiga kirdi. 2008 yil Dmitriy Medvedev o‘zining bir nutqida «barcha sobiq ittifoq davlatlari bizning hududimiz» deb aytgan edi. Shunda ko‘plab postsovet davlatlari, xususan, Qozog‘iston rasmiylari ham bunga qarshi protest bergan. Men aynan yanvar voqealari ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilikning triggeri bo‘ldi, deb hisoblamayman. Bu qarama-qarshilik oldin ham bo‘lgan. 2000 yillarning boshidan boshlab, hozirgi Rossiya hukumati yo oshkora yoki pinhona tarzda postsovet hududini bir siyosiy birlashmaga aylantirishni ko‘zlab keladi. Aslida Rossiyaning birinchi geosiyosiy raqibi bu – Ukraina. Rossiya elitasida so‘nggi o‘n yillikda «Qozog‘iston bizning yarim vassalimiz, ular bizni chizgan chiziqlarimizdan chiqmaydi», degan dunyoqarash shakllangan edi. Bunga birinchi zarbani Nursulton Nazarboyev bergan. 2014 yilda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tuzilganidan keyin, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashkilotga a’zo davlatlarni ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan Rossiyaga qaram qilishga harakat qildi. Shunda Nursulton Nazarboyevning uch marotaba “net, net, net”, degan gapni aytdi. Bu – yagona siyosiy birlashma bo‘lishga yo‘q, yagona pul birligi bo‘lishga yo‘q, yagona parlamenti bo‘lishga yo‘q. Shundan keyin Rossiyadagi neoimperiyachilarning popuklari ancha pasayib qolgan edi.

Yanvar voqealari bir o‘chib, bir yonib turgan ziddiyatlarni ko‘rsatib berdi. Ikkala tomonning fikrlari bir-biriga teskari ekanligini ko‘rsatdi. Qosim Jo‘mart To‘qayev ham Moskvaga borganida  «men shaxsan harbiy yordamni Rossiyadan so‘raganim yo‘q. Men yordamni KXShTdan so‘radim» deb aytdi. Bugun iqtidordagi Rossiya elitasining Qozog‘istonga alohida bir rashki bor.

Siyosiy rashkmi?

– Ha, siyosiy rashk desa ham bo‘ladi. Rashki shundaki, Qozog‘iston Markaziy Osiyoda iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan. Sababi, ularda neft va gaz zaxiralari nihoyatda katta. Konfliktning asosiy sabablardan biri To‘qayev 2019 yilda Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha, juda katta iqtisodiy dasturni e’lon qildi. Buni hozir kimdir eslaydi, kimdir eslamaydi. Unga ko‘ra, Xitoy 2030 yilgacha Qozog‘iston iqtisodiyotiga 22 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishi kerak. Bu loyiha bo‘yicha, Qozog‘istonda Xitoyning 55 ta zavod va fabrikalari qurilishi rejalashtirilgan. Mana shu ham ikki davlat munosabatlarining keskinlashuviga bir sabab bo‘lishi mumkin. Chunki Rossiya har doim G‘arbga ham, Xitoyga ham «Qozog‘iston bizning hududimiz, siz bu yerga tiqilmang», degan munosabatini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Yanvar voqealari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishida oqibat bo‘lib ko‘rindi. Bundan tashqari bu yerda davlat rahbarining shaxsiy o‘rni ham bor.

  Qozog‘istonni iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qaram deyolamizmi?

Shuhrat Rasul, iqtisodchi: – Siyosatda ham, iqtisodda ham bog‘lanishi ikki tomonlama bo‘ladi. Qanchalik Qozog‘iston Rossiyaga bog‘langan bo‘lsa, Rossiya ham shu darajada Qozog‘istonga bog‘lanib qolgan. Qozog‘istonning o‘ziga yarasha iqtisodiy va siyosiy argumentlari bor. Masalan, Qozog‘iston Ukrainaga o‘xshab Rossiya bilan urushga kirib qolsa, Qozog‘iston YeOII hamda KXShT tashkilotini bir kunda yiqitishi mumkin. Bor-yo‘g‘i xaritaga qarashimiz kerak. Qozog‘iston shunday hududni olganki, agar Qozog‘iston YeOII va KXShTdan chiqib ketadigan bo‘lsa, bu tashkilotlar – defakto yiqiladi. Chunki Rossiya bilan Qirg‘iziston, Tojikiston o‘rtasida katta masofa paydo bo‘ladi. Agar Rossiya Qozog‘istonga Ukrainga o‘xshab muomala qilsa, Qozog‘iston bu ishni, albatta, amalga oshiradi. Bu Rossiya hukumatiga nihoyatda katta yo‘qotish bo‘ladi.

Oxirgi vaqtlarda Rossiya elitasi sifatining pastligi ko‘rinib qolyapti. Agar ikki davlat bir-biri bilan harbiy konfliktga boradigan bo‘lsa, Qozog‘iston butun dunyoga yordam so‘rab murojaat qiladi va uning tarafdorlari Ukrainaning tarafdorlaridan ko‘p bo‘ladi. Bundan tashqari, Xitoy va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar Xitoyning mutlaqo Qozog‘iston tarafida turishini ta’minlab beradi. Qanchalik Rossiya Qozog‘iston uchun kurashayotgan bo‘lsa, Xitoy ham Qozog‘istondagi iqtisodiy resurslarni o‘zlashtirishni niyat qilib turibdi. Qolaversa, Turkiya ham Qozog‘istonga harbiy yordam berishi mumkin. Mana shu narsani Kreml hisobga olishi kerak. Chunki bu Rossiyaga Ukrainadan qimmatga tushishi mumkin.

To‘qayev olib borayotgan siyosat Nazarboyev siyosatidan qanday farq qiladi?

Farhod Tolipov, siyosatshunos: – O‘xshash tarafi ham bor, farqli tarafi ham bor. Agarda o‘xshash tomoni haqida gapirsak, To‘qayev hokimiyatga kelganida ko‘pchilik yangi prezident Qozog‘istonning yangi siyosatini yaratadi, deb o‘ylagan edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Ya’ni Nazarboyev tuzumidan mutlaqo farq qiluvchi siyosiy tizim yaratilmadi. Garchi ular ham konstitutsion o‘zgartirish kiritgan bo‘lsa-da, fundamental o‘zgarishlar ko‘zga tashlangani yo‘q. Lekin siyosiy tizim biroz liberallashdi. Tashqi siyosatda ham o‘xshash, ham farqli tomoni bor. Misol uchun, yaqinda Sankt-Peterburgda forum bo‘lganida, To‘qayev o‘zini nisbatan mustaqil va erkinroq tutishga harakat qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yonma-yon o‘tirgan holatda, Putinga yoqmaydigan bayonotlar qildi. Ya’ni To‘qayev Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan olishini aytdi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Xalqaro hamjamiyat va BMT tomonidan Rossiya qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalarga qo‘shilishga majbur ekanligini ta’kidladi. Buni ortidan Kreml jazo chorasi sifatida Rossiya hududidan o‘tayotgan neft quvurlarini yopib qo‘ydi. Lekin bu Rossiyaning o‘ziga jabr bo‘ldi. Negaki, o‘z navbatida, Qozog‘iston transport va savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish choralarini kuchaytirdi. Aslida bu yo‘llarni diversifikatsiya qilish 90-yillarning boshida kun tartibida turgan. Lekin bugun bu g‘oya avj olib, dolzarbligi oshdi va buni amalga oshirishga kirishildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kaspiy va Qora dengiz portlari sharqdan kelayotgan mahsulotlarga to‘lib ketgan. Chunki, hozir Rossiya hududidan o‘tadigan mahsulotlar hajmi kamaygan. Shu sharoitda Rossiya aloqalarni saqlab qolish o‘rniga buning aksini qildi. Bundan xulosa shuki, rossiyaliklar o‘rta muddatli kelajakni idrok etolmayapti.

Neoimperiyachilik – eskilik sarqiti. Tarix imperiyalarni tarixda qoldirdi. Buni qumsash, imperiyaga intilish muvaffaqiyatsiz tugashi ma’lum. Shuning uchun ham Rossiya boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Sobiq Ittifoq hududida jiddiy geosiyosiy turbulentlik kuzatilyapti. Rossiya ko‘ra bila turib, haskashga oyoq qo‘ymoqda va bundan qaytish niyati yo‘q. Bundan o‘zi jabr ko‘rmoqda. Barcha xalqaro tashkilotlar Rossiya iqtisodini inqirozga yuz tutishini aytmoqda. Hatto, «chet el avtomobillari yo‘q, endi o‘zimizni «Moskvich»larimizni qayta tiklaymiz», deyishmoqda. Hozir jiddiy geosiyosiy turbulentlik oldida turibmiz. Qozog‘iston shu turbulentlikning birinchi nishoniga aylandi. Menimcha, Rossiya shu ishni bekor qilyapti. Chunki Qozog‘iston o‘zini o‘zi himoya qila oladigan qudratga ega. Bundan tashqari, uni qo‘llab-quvvatlovchi va uni yaxlit davlat sifatida saqlanib qolishidan manfaatdor bo‘lgan bir qator davlatlar bor. Shuning uchun Rossiya buni to‘g‘ri idrok etishi kerak. Rossiya o‘zini-o‘zi tiklashni o‘rniga neoimperiyachilik g‘oyalariga chalinib faqat vaqt yo‘qotadi.

Shuhrat Rasul, iqtisodchi: – Qozog‘iston iqtisodiy jihatdan Markaziy Osiyoda ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra eng katta davlat. Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Sovet ittifoqidan qolib ketgan iqtisodiy tizimini birinchi bo‘lib o‘zgartirdi. Buni iqtisodda strukturaviy o‘zgartirish, deyiladi. Unda davlatga tegishli bo‘lgan davlat mulki xususiylashtiriladi. 2000 yillarning boshida Qozog‘iston shu yo‘l orqali chet el investorlarini jalb qila oldi. Buning natijasida davlat mulki xususiylashdi. Lekin oradan ancha vaqt o‘tib, bu ishlarning ancha kamchiliklari borligi ayon bo‘ldi. Nazarboyev davlat kapitalizmini oligarxik kartel kapitalizmiga aylantirib qo‘ydi. Boshqacha qilib aytganda, chet el kompaniyalari bilan o‘zining qozoq ta’sischilarini sherik qilib, iqtisodni kartel tizimiga o‘tkazdi. Kartel ham monopoliya. Shu tariqa iqtisodda lotinizatsiya yuz berdi. Hozir To‘qayev Nazarboyev tuzgan oligarxik kapitalimizni xalq kapitalizmiga aylantirmoqchi.

Qozog‘iston ikkinchi Ukrainaga aylanishi mumkinmi?

Farhod Tolipov, siyosatshunos: – Bunga «ha» va «yo‘q» deb javob bergan bo‘lar edim. Chunki bir tomondan rossiyaliklarning xatti-harakatini oldindan bashorat qilish qiyin bo‘lib qoldi. Ularning tajovuzkorona harakatlari avj olib, kuchayib o‘zini-o‘zi boshqara olmaydigan holatga kelib qolgandek ko‘rinadi. Ya’ni, Rossiya ertaga qayerga hujum qilishini, qanday bayonotlar e’lon qilishini bashorat qilib bo‘lmay qoldi. Bugun tahdidlar yo‘q emas, tahdidlar bor. Umid qilamizki, Rossiyaning siyosiy doiralarida ham shu ziddiyatni oqilona baholay oladigan insonlar bor. Ular vaziyatni to‘g‘ri tushunib, keskinlikni qisqartirishga harakat qilayotgandir. Qolaversa, hozir ko‘p qozog‘istonlik rasmiylar Rossiyadan tarqayotgan tajovuzkorona bayonotlarga javob qaytaryapti. Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsak, «qani kirib ko‘ringlar-chi, ko‘radiganlaringni ko‘rasizlar. Biz Ukraina emasmiz», degan ma’noda javob qaytaryapti. Ya’ni, qozog‘istonliklar orasida qo‘rquv, hadiksirash yo‘q. Buni tagida tegishli mantiq ham bor. Hali yuqorida bir necha bor ta’kidladik, Qozog‘iston yolg‘iz emas. Shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qilgan tajovuzini butun dunyo bir marta qoraladi. Endi dunyo hamjamiyati buyog‘iga nafaqat qoralaydi, balki tegishli choralarni ko‘rishi ham mumkin. Dunyo mamlakatlari orasida Rossiya haqida «Rossiya faqat tajovuzkor davlat, bosqinchilikdan boshqa narsani bilmaydi», degan tasavvur uyg‘onadi. Shuning uchun bu ma’noda yo‘q, deyishim mumkin.

To‘qayevda Nazarboyevga o‘xshash bir xususiyat bor. Bir vaqtlar Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti bo‘lgan. Shu tashkilot juda bir yaxshi integratsion jihatdan olg‘a siljiyotgan edi. Ya’ni, bu tashkilot 1992 yildan 2005 yilgacha beshta Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirib turuvchi rolni o‘ynagan. 2005 yilda bu tashkilotga Rossiya a’zo bo‘lib kirdi. Bu a’zolikka Karimov ham, Nazarboyev ham yo‘q deya olishmagan. Lekin 2006 yilda Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti faoliyatini tugatdi. To‘g‘rirog‘i, Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotini Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan birlashtirildi. Ya’ni, Rossiyaga yo‘q deyolmasligimiz sababidan o‘zimizning mintaqaviy tashkilotimiz qurbon bo‘ldi. Mana bu bir tarixiy misol.

To‘qayev Sankt-Peterburgda Putinning oldida DXR va LXRning mustaqilligini tan olmadi. Lekin Cho‘lponotada Rossiyani keyingi yig‘ilishga taklif qildi. Bu bir mantiqsizlik emasmi?

Farhod Tolipov, siyosatshunos: – Qaysidir ma’noda shunday bo‘ldi. Sankt-Peterburgda boshqa bayonot, Cho‘lponotada boshqa. Lekin Sankt-Peterburgda Qozog‘iston yoki Markaziy Osiyoga haqida suhbat bo‘lmadi. U yerda ko‘proq Ukraina to‘g‘risida gap bo‘ldi. Negadir Markaziy Osiyo haqida so‘z ochilsa, qozog‘istonliklarda ham, o‘zimizda ham «Rossiyaning jig‘iga tegish kerak emas», degan kayfiyat mavjud. Balki shu kayfiyat Markaziy Osiyoning birlashuviga biroz xalaqit berayotgan bo‘lsa kerak.

— Shuhrat aka, siz qanday fikrdasiz?

Shuhrat Rasul, iqtisodchi: – To‘qayevning bayonotini o‘qishga harakat qildim. Menga ham biroz g‘alati ko‘rindi. Lekin bu yerda qandaydir mantiq bor. Sababi nima uchun faqat Rossiyani chaqiraylik demadi-da, Xitoyni ham qo‘shib qo‘ydi. Agar shu tashkilotga Rossiya bilan Xitoy birga qo‘shiladigan bo‘lsa, liderlik uchun kurashda balans yuz beradi. Xitoy so‘zsiz tashkilotdagi Rossiyaning gegemonligini yo‘qqa chiqaradi. Bugungi kunda Markaziy Osiyodagi integratsion jarayon kundan-kunga Xitoy foydasiga hal bo‘lyapti. Agar 2023 yildan boshlab Qirg‘iziston orqali o‘tadigan temir yo‘l quriladigan bo‘lsa va «Transeka» loyihasi amalga oshsa, bundan Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar manfaatdor bo‘ladi. Eng katta manfaat O‘zbekistonda. Chunki biz g‘arb bilan sharqni o‘zimizda bog‘layapmiz.

Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi geosiyosiy kurash O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Farhod Tolipov, siyosatshunos: – Shuni aytish kerakki, o‘zbekistonlik rasmiylar Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatni sinchiklab kuzatishmoqda. Rasmiy va tahliliy doiralar bunga befarq emas. Shu sababli biz bu vaziyatni yumshatish maqsadida imkon qadar Rossiyaga ham, Qozog‘istonga ham tegishli xabarlarni yo‘llayapmiz. Ulardan biri, o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tuzilgan shartnomalar qatorida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqdoshlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanadi. Bu o‘zga xos maxsus hujjat. 2013 yildan beri O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sherik deb hisoblab kelingan bo‘lsa, dekabr oyidan boshlab ittifoqdosh bo‘ldi. Endi ikki davlat faqatgina oddiy hamkorlik qilayotgan mamlakatlar emas, ittifoqdosh hisoblanadi. Buning o‘ziga yarasha ma’no-mohiyati bor. Ittifoqdoshlik degani mintaqaviy masalalar bo‘yicha bir yoqadan bosh chiqarib, bitta pozitsiyada turishni anglatadi. Qandaydir tahdidlar sodir bo‘lsa, o‘zaro ko‘mak berishni bildiradi. Cho‘ponotadagi sammitda davlatlar harbiy sohada ham hamkorlik qilishini bildirdi. Ya’ni ko‘rinib turibdiki, har xil tomondan tahdidlar bor. Mana shu tahdidlarga bardosh berish uchun, ularga javob qaytarish uchun hamkorlik harbiy sohaga ham yoyilmoqda. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston ittifoqdosh ekan, shu yerdagi geosiyosiy vaziyat o‘zgarsa, bu faqat Qozog‘istonning ishi demaslik kerak. Ittifoqdoshlik munosabatlari O‘zbekistonga ham mas’uliyatni yuklatadi. Umuman Qozog‘istonda geosiyosiy vaziyat o‘zgarsa, Qirg‘izistonda geosiyosiy vaziyat O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi, deyish biroz tor yondashuv. Markaziy Osiyoni yaxlit organizm deb qarashimiz lozim. Bu geosiyosiy vaziyat Markaziy Osiyodagi beshta mamlakat uchun bir xil ta’sir qiladi.

Shuhrat Rasul, iqtisodchi: – Farhod akaning fikrlariga qisman qo‘shilaman. Markaziy Osiyodagi integratsiya muammosi faqatgina Markaziy Osiyo davlatlarining ishi bo‘lmay qoldi. Kuch markazlari mavjud, ularning o‘ziga yarasha loyihalari bor. Ukrainadagi urushgacha uchta loyiha bo‘lgan.

Birinchi loyiha – «Yevraziystvo». Bu Rossiyaning loyihasi hisoblanadi. Unga ko‘ra, Rossiya atrofida SSSR qayta tiklanishi kerak. Lekin bu loyihaning hayotiyligi Ukrainadagi urush oqibatida «0» teng bo‘lib qoldi.

Ikkinchi loyiha – «Katta Markaziy Osiyo». Bu G‘arb davlatlari va AQSh taklif qilayotgan loyiha hisoblanadi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi beshta davlatdan tashqari Afg‘oniston va Pokiston ham shu loyihaga qamrab olinishi kerak.

Uchinchi loyiha – «Panturkizm». Bu mintaqaning o‘zida pishib, pishmay yotgan integratsion loyiha hisoblanadi. Buni hozir Turkiya qo‘llab-quvvatlamoqda. Meni nazarimda bu loyiha hayotiyroq. Agar «Zangizo‘r» koridori ochiladigan bo‘lsa, yagona logistik yo‘l paydo bo‘ladi. Bu G‘arb davlatlariga ham ma’qul loyiha.

Intervyuning video shaklini Xabar.uzʼning YouTubeʼdagi sahifasida tomosha qiling.

Nurmatov Sardor Ali suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring