Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onalik jurnalist qayerda: qamoqdami yo ochiqda?

Farg‘onalik jurnalist qayerda: qamoqdami yo ochiqda?

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda farg‘onalik jurnalist Usmonjon Qodirov bilan bog‘liq bir-birini inkor qiluvchi xabarlar oqimi to‘xtamayapti. Avvaliga u Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi Muhammadjon Obidov bilan suhbatdan so‘ng go‘yoki g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. So‘ng uning 15 sutkaga «kesilgani»ga oid ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay...

Keling, hammasi haqida bir boshdan.

Kuni kecha (27-may) Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi M.Obidov o‘zining «Facebook»dagi sahifasida «Gap yoshda emas, niyatda...» sarlavhali navbatdagi raddiyasini joylashtirdi. Unda «Ozodlik»chilar (prezidentning viloyatga tashrifi arafasida) Marg‘ilondagi «Hunarmandlar markazi»da zararsizlantirish ishlarini olib borayotgan oq kiyimdagi viloyat SEOM mutaxassislarini «Marg‘ilon shahar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari» deya yolg‘on axborot bergani, Usmonjon Qodirovga (Farg‘ona viloyat teleradikompaniyasi muxbiri) esa bilib-bilmay ijtimoiy tarmoqqa «shu gaplar rostga o‘xshaydi-yov», mazmunida matn joylab, ularning (ya’ni, «Ozodlik»ning) tergirmoniga suv quygani uchun yaxshigina dakki beriladi. Raddiyaga yosh jurnalistning uzri aks etgan lavha ham ilova qilinadiki, U.Qodirov xatosini yoshligi va tajribasizligi bilan ifodalaydi.

Shundan keyin jurnalist hech qayerda ko‘rinish bermaydi.

Uning bu tariqa «g‘oyib» bo‘lishi mahalliy hamkasblar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining jiddiy xavotiriga sabab bo‘ladi. Xavotirlar asossiz emas: aynan Farg‘onada keyingi bir yarim oy ichida bir jurnalist mahalliy hokimlik vakili bosimiga, yana bir hamkasbimiz esa ochiq hujumga uchradi-da. Har ikki holat ham mahalliy boshqaruv organlari bilan bog‘liqligi e’tiboridan viloyat hokimligi matbuot kotibining «suhbatiga chiqarilgan»dan keyin ko‘rinish bermagan yosh jurnalist kimda xavotir uyg‘otmaydi?!

Usmonjon Qodirov «15 sutkaga qamalgani»ga oid ma’lumotlar paydo bo‘lgach, xavotirlarning ikkinchi to‘lqini boshlandi go‘yo. Endi ko‘pchilik uning tarmoqda e’lon qilgan xabari ortidan jazolangani, uning «uzri» esa amaldorlar «uzrlari» (xususan, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning «o‘tinib-o‘tirib kechirim so‘rashi») kabi inobatga o‘tmagani haqida bong urishga tushishdi.

Shu o‘rinda aniqlik kiritaylik. Usmonjon Qodirov 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgani rost! Lekin u bu jazoga noto‘g‘ri xabar tarqatgani uchun mustahiq etilmagan. Balki ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, boz mayda bezorilik qilgani uchun shunday jazoga loyiq ko‘rilgani oydinlashdi.

Farg‘ona shahar ma’muriy sudi qaroriga ko‘ra, u 2020-yil 27-may kuni soat 15:30 lar chamasida shaharning Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan Farg‘ona viloyat hokimligi binosi (!) oldida karantin talablariga zid ravishda qasddan yuziga niqob taqmasdan ketayotgan vaqtida shu hududda xizmat vazifasini bajarayotgan Farg‘ona shahar IIO FMB 4-son IIB profilaktika inspektori M.Hamraliyevga duch keladi. O‘z navbatida, profilaktika inspektori unga tartibga rioya qilish kerakligini aytib, shaxsini aniqlash uchun IIB tayanch punktiga borishligi lozimligini bildirganida U.Qodirov uning qonuniy talablarini uzrli sababsiz bajarmasdan, kamiga tikka haqorat qilib tashlabdi... (Nimalar deb haqorat qilgani noma’lum hozircha, biroq Yulduz Usmonovaday «yu-yu, sanlarga!!», «padarla’nat bo‘ldilaring!» deya bo‘kirib, «mana, sanlarga hurmat!» deganicha bosh barmog‘ini ko‘rsatkich va o‘rta barmog‘i orasidan ko‘rsatmagani aniq!)

Qarorda U.Qodirov aybiga to‘la iqrorlik bildirib, profilaktika inspektoridan hatto uzr so‘ragani qayd etiladi. Biroq uning bu «uzri» ham o‘tmaydi. Profilaktika inspektori suddan unga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishini so‘raydi.

Qisqasi, Farg‘ona shahar ma’muriy sudining raisi S.Kurbanov Usmonjon Qodirovni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi, 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topib, uzil-kesil 15 (o‘n besh) sutkaga «kesvoradi».

Jazoni o‘tash muddati 2020-yil 27-may kuni soat 19:00dan hisoblanishi belgilangani inobatga olinsa, kecha tushdan keyin «qo‘lga olingan» U.Qodirov kechga borib, suddan «nasibasini olib» ulgurgani anglashilmoqda.

E’tiborlisi, uning huquqbuzarligiga o‘zining iqrori-yu profilaktika inspektorining ko‘rsatmasidan boshqa dalil yo‘q.

Kuppa-kunduzi, boz Farg‘ona shahrining qoq markazi bo‘lgan jamoat joyida jurnalistning shu-uncha huquqbuzarligiga birorta odam guvoh bo‘lmaganiga faqat ajablanish mumkin.  Vaholanki, sud qarorida u «...uyatli so‘zlar bilan so‘kib, baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgani (!)» aniq-tiniq yozilgan...

Bu hali hammasi emas.

Bugun (28-may), sanoqli soatlar avval «Telegram»dagi «Muxbir Daliev»  kanalida ovozi Usmonjon Qodirov ekani aytilgan audio tarqaldi. Unda «...shu kunlarda internet foydalanuvchilari uchun ajoyib yangilikni tayyorlash niyatida» yurgani, «ish judayam ko‘pligi bois bir hafta davomida internetga kirishga imkon bo‘lmagani»ni aytib, «yo‘q bo‘lib qolgani»dan xavotir olayotganlarga «...biz yaxshimiz, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q» degan mazmundagi gaplar yangraydi (kanal muallifi — Xurshid Daliyev ayni audioni U.Qodirov shaxsan yuborganini aytmoqda).

Buyam hali hammasi emas.

Bugun Farg‘onada bo‘lgan hamkasbimiz Usmonjon Qodirovning onasi va opasi bilan suhbatlashdi. Onaizorga ko‘ra, kecha o‘g‘li qo‘ng‘iroq qilib, «15 kunga Sardobaga ketayotganini» aytgan...

Xullas, jumboq ustiga jumboq. Bu jumboqlar ko‘ndalang qo‘yayotgan savol bitta: jurnalist qayerda o‘zi: qamoqdami yoki ochiqda?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring