Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘ona hokimi qarori bekor qilindi. Tegishli materiallar prokuraturaga yuboriladi

Farg‘ona hokimi qarori bekor qilindi. Tegishli materiallar prokuraturaga yuboriladi

Xususiy mulkning daxlsiz ekanligi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan. Biroq, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarning xususiy mulkiga nisbatan tajovuz qilish holatlari ham uchrab turibdi.

Xususan, Farg‘ona shahar hokimining 2019-yil 19-sentyabrdagi 965-sonli qarori bilan «Constant Trading» MChJga tegishli Farg‘ona shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi, 139-uy manzilida joylashgan xususiy mulki, ya’ni bino-inshootlari olib qo‘yilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur qaror bilan yana boshqa tadbirkorlik sub’yektlari ham o‘z mulkidan mosuvo etiladi.

Qonunga ko‘ra, («Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun, 13-modda), xususiy mulkka tajovuz qilishga, qonunga xilof ravishda (xususiy mulk huquqini) cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Bundan tashqari, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda tegishlicha 192va 2411-moddalarida xususiy mulkdorlarning mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklaganlik va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka tajovuz qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Shunga qaramay, Farg‘ona shahar hokimi vakolat doirasidan chetga chiqib, tadbirkorlarni xususiy mulk huquqidan mahrum qilgan holda ularga tegishli yirik ob’yektlarni bir necha yillardan buyon bo‘sh turganligi hamda samarali foydalanilmayotganligi vaji bilan hokimlik zaxirasiga olgan.

Yuqorida qayd etilgan qonunbuzilishi holatiga chek qo‘yish maqsadida Farg‘ona shahar hokimining qarorini bekor qilish bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan taqdimnoma kiritilib, uning ijrosi nazoratga olindi. Shu bilan birga, ushbu holat bo‘yicha javobgarlik masalasini hal etish uchun prokuratura organlariga tegishli materiallar tayyorlanmoqda.

Adham Turdiyev,
Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring