Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron tashqi ishlar vaziri va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Isroil tajovuzini muhokama qildi

Eron tashqi ishlar vaziri va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Isroil tajovuzini muhokama qildi

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan Isroilning mintaqadagi tajovuzi va ikki tomonlama masalalarni muhokama qildi.

Eron Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Araqchi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bilan Ar-Riyodga rasmiy tashrifi doirasida uchrashgan.

Saudiya shahzodasi uchrashuv chog‘ida mintaqadagi inqirozning kuchayishi va urush avj olishidan chuqur xavotir bildirar ekan, mintaqadagi barcha davlatlar barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga alohida e’tibor qaratishlari kerakligini ta’kidladi.

Bin Salmon, shuningdek, o‘tgan yili Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishidan mamnunligini bildirib, ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy rivojlanishini qayd etdi. «Saudiya Arabistoni Podshohligi bu jarayonni ikki tomonlama munosabatlarda davom ettirish tarafdori», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eron tashqi ishlar vaziri, o‘z navbatida, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish Eron hukumatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Tehron mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori, deya qo‘shimcha qildi u.

Araqchi, shuningdek, Isroilning mintaqadagi hujumlarini zudlik bilan to‘xtatish, G‘azo va Livandagi infratuzilmani yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha imkoniyatlarini ishga solish muhimligini ta’kidladi. Mintaqada barqarorlik va barqaror xavfsizlikka erishish uchun ham bu zarurligini qayd etdi.

«Isroil rejimi butun mintaqani falokat sari yetaklamoqda. Mintaqaga ushbu og‘ir damlarni yengib o‘tish uchun aql, donolik, jasorat va hamkorlik kerak», — dedi u.

Eron vaziri Ar-Riyoddagi muzokaralardan so‘ng Dohada yuqori martabali rasmiylar bilan uchrashish uchun Qatarga yo‘l oldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring