Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

DSQ raisi Sherzod Kudbiyev xatosini tan oldi

DSQ raisi Sherzod Kudbiyev xatosini tan oldi

Foto: AOKA

Kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga oid audio keragicha muhokama qilinmoqda. Tarqalgan audioda amaldorning «og‘zi polvonligi» yaqqol aks etadiki, tarmoqda bildirilayotgan munosabatlar ham shunga yarasha. Bugun DSQ raisi yuzaga kelgan vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.

—  Men rahbar shaxs og‘ir vaziyatlarda ham vazminlik bilan harakat qilishi lozimligi to‘g‘risidagi fikrimda qat’iy turaman va yuqoridagi holatda o‘zim shu fikrga qarshi harakat qilganimni tan olaman, — deya yozmoqda Davlat soliq qo‘mitasi rahbari. —  Yuzaga kelgan vaziyatda mas’uliyatni his qilgan holda, men yuqoridagi xodim bilan alohida suhbatlashdim va biz birgalikda yoqimsiz hodisaga to‘liq barham berdik. Lekin bu meni mas’uliyatdan forig‘ qilmaydi.

Binolarni rekonstruksiya qilish va Davlat soliq qo‘mitasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan boshqa tadbirlarga keladigan bo‘lsak, ularning har biri bo‘yicha qonuniy asos mavjud va bu jarayonlar tegishli nazorat organlarining kuzatuvi ostida amalga oshirilmoqda.

 Videoning tarqalishi borasida quyidagilarni aytib o‘tmoqchiman.

Hech kimga sir emaski, soliq tizimida islohotlar boshlangan, shu bilan birga juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan. Afsus bilan aytish kerakki, haligacha ayrim holatlarda tadbirkorlarga nisbatan «sog‘in sigir» sifatida qarab, ularning hisobidan o‘z xizmat vazifalarini, eng yomoni – ayrim hollarda esa shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotgan shaxslar uchrab turibdi.

Yuqoridagi videoda aynan shunday holatlar muhokama qilingan edi. Birinchi holatda – tadbirkorga ortiqcha to‘langan QQS summasi o‘z vaqtida qaytarilmagan, ikkinchi holatda – asossiz ravishda xisob raqami band qilinib undagi mablag‘lar undirilmoqchi bo‘lgan.

Masaladan yaqindan xabardor bo‘lganlar yaxshi bilishadiki, xodimlarning bunday mas’uliyatsiz hatti-harakatlari videoda aytib o‘tilgan ikkala tashkilotning ham faoliyati to‘xtatilishi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelgan edi. Hozirda ushbu korxonalarning faoliyati to‘liq qayta tiklanishiga erishildi.

Afsuski, bugungi kunda bu kabi masalalarni hal etishda shaxsan mening aralashuvim talab etilmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, biz yaqin kelajakda soliq organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga qasddan yoki tasodifan aralashuv imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqaradigan yangi tizimni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdamiz.

Bunday yangiliklar kimgadir yoqadi, kimgadir esa – yo‘q. Tizimdagi o‘zgarishlarga qarshi bo‘lganlar turli usullar bilan o‘zgarishlarga qarshilik qilishga harakat qilishadi.

Lekin barcha tushunishi kerakki, biz oldimizga soliq tizimini tadbirkorlarga ko‘mak beradigan tizimga aylantirish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yganmiz

Bu juda murakkab jarayon bo‘ladi va hamma ham biz bilan bu yo‘lning oxirigacha birga bosib o‘tolmasligi mumkin, kim bilandir xayrlashishga to‘g‘ri keladi, kim bilandir allaqachon xayrlashdik. Lekin, bir masalada ishonchim komilki, xodimlarimizning katta qismi ushbu o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Yakunda Sh. Kudbiyev «...yuqoridagi holat bo‘yicha qo‘mita Hay’atining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazilgani, unda yuqoridagi masalalar atroflicha muhokama qilindi va tashkilot faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha xulosalar qilingani»ni bildiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring