Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Dori ham, tekshiruv ham, jarrohlik amaliyoti ham tekin» – bu imtiyozdan kimlar foydalanishi mumkin? (video)

Eng qimmat operatsiya, eng qiyin jarrohlik amaliyoti, eng uzoq muddat qilinadigan jarrohlik... Dunyoda xastalik ko‘p, dard ko‘p. Aytishadiku, qayering og‘risa o‘sha yering jon, deb. Ayniqsa, miya bilan bog‘liq xastaliklar juda uzoq diagnostikani, ya’ni  tashxisni va davoni talab qiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida miya bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Tasavvur qiling: qildan ingichka asab tolalari ustida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini yoki oyoq tomiriga qilday simni joylashtirib miyagacha yetkazishni, miyani ochmay tomir orqali operatsiya qilishni...

– Avvallari yilning boshida bizga davlat tomonidan ma’lum miqdordagi pul ajratilardi. U pul oylikka, dori-darmonlarga ketardi, ozgina qismi bemorlarning operatsiyasi uchun qolardi. Chunki qon-tomir operatsiyasi uchun juda katta mablag‘ talab qilinadi, – deydi tibbiyot markazi direktori, professor G‘ayrat Qoriyev. – Qon-tomirga o‘rnatiladigan maxsus apparaturalar juda qimmat turadi. 2021 yil 28 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan bizning tibbiyot markazimiz shartnoma tuzdi. Endi axborot tizimi asosida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tomonidan ularga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash, ajratilgan mablag‘lar samaradorligini nazorat qilish imkoni bor. 

Darvoqe, ushbu davo maskanida imtiyozli shaxslarga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy yordam xarajatlari Jamg‘arma tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.  

Xo‘sh, bu imtiyozdan kimlar foydalanishi mumkin?

Ulug‘bek Asadullayev, bosh shifokor:

– Bu imtiyoz, ya’ni yo‘llanma 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, nafaqa yoshidagilar, nogironlar, afg‘onda xizmat qilgan urush qatnashchilari, surunkali kasalliklar bilan ro‘yxatda turganlar, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan, deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolariga yordam ko‘rsatiladi.

Bosh miya o‘smasi, qon tomir kasalliklari, qon bosimi oshishi natijasida qon tomirlari yorilgan bemorlarni davolaymiz. Prezidentimizning 51-99 qaroridan keyin qon-tomir kasalliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolash yo‘lga qo‘yildi. Avval bu narsa bizda yo‘q edi. Faqat bemorga tashxis qo‘yish bilan chegaralana olardik. Tashxis qo‘yganimizdan keyin bemor operatsiya uchun ketadigan materialni, tomir ichiga qo‘yiladigan kateterlarni o‘zi sotib olishi kerak edi. Bu esa bemorga juda og‘irlik qilardi.  Ya’ni, 30-50 million pul kerak bo‘ladi o‘sha narsalarni sotib olish uchun. Bemor mablag‘ topsa davolanardi, topolmagani: «men pul topa olmadim keyinroq davolanaman» deb davolanishni ortga surardi. O‘tgan yilning sentyabrida Jamg‘armadan bizga pul ajratildi. Bir oy ichida barcha operatsiya va bemorga o‘rnatishga kerak bo‘ladigan materiallarni oldik, uch oy ichida umidsiz ketgan kasallarni chaqirdik. Kambag‘al odam o‘lib ketaverarkan, deb umidsizlangan bemorlarga nima deyishni bilmasdik. Chaqirgan bemorlarimiz dekabr oyida kelishni boshladi. Yanvar oyida 33 ta operatsiya qildik. Kasallarga 55 mln., 70 mln., 80 mln. so‘mlik operatsiyalarni tekinga qildik. Kasallar shunaqa minnatdorlik bildirishdi. Ko‘zingiz yoshga to‘ladi. Ketgan xarajatlar hujjatiga qo‘l qo‘yishayotganda «Jamg‘armadan shuncha pul menga ajratildimi», deyishdi.

Epilepsiyaning ba’zi turlari jarrohlik bilan bartaraf etiladi

Navro‘z Hosilbekov, shifokor:

– Bu kasallikni aniqlashning o‘zi qiyin. Chunki bu xastalikni bemorning qarindoshlari yashirishadi. Bu bekitilgan kasallik. Epilepsiya MSKT, MRTda aniqlanishi qiyin, lekin maxsus 3 testli MRTlar bor aniqlanayapti. Vaqtida davolanmagani, dorisini vaqtida ichmagani uchun miyada chandiqlar paydo bo‘ladi. Va shu chandiqlar, ya’ni xuruj o‘chog‘ini olib tashlansa xuruj to‘xtaydi. Ammo bunda jarrohlik o‘tkazguncha juda uzoq masofa va muddat talab qiladi. Tekshirish kerak, dorilar bilan davolab ko‘rish kerak, ana undan keyin, 3 yillik kuzatuv va tekshiruvlardan so‘ng operatsiya qilish qaroriga kelinadi.

Gulsara Nazarova, Surxondaryo viloyati, Termiz shahri:

– 25 yoshli o‘g‘lim Rossiyada ishlab yurganida yiqilib miyasi lat yegach  operatsiya bo‘lgandi. Ikki yildan keyin oyoq qo‘li ishlamay qoldi. MRTga tushganda miyasida o‘zgarish bo‘lganini aytishdi. 2020 yil bitta ko‘zi ko‘rmay boshladi. Biz karantin paytida  Rossiyada qolib ketdik. Miyasida o‘simta bor ekan. Bir yillar yuraverdi o‘sha kasali bilan. U yoqda operatsiyaga 250 ming rubl so‘radi. Men imkonim boricha topib berdim. Rossiyada ham shunaqa sug‘urta bor ekan. Ya’ni polisi bo‘lsa tekin qilinarkan.

Menga bu yerga kelishimizni poliklinikamiz tavsiya qildi. Barcha tekshiruvlar tekin bo‘ldi. Endi operatsiyani, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan tekin qilishmoqchi.

Muammo ham yo‘q emas

Miya bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotida eng qimmati bu tomirga qo‘yiladigan kateterlar, spirallar....

Neyroxirurgiyada prognoz qilish juda qiyin, deyishdi mutaxassislar. U uyg‘onadami, uyg‘ongach nogiron bo‘lib qolmaydimi? Qolaversa, ular reanimatsiyada ikki, uch oy qolib ketarkan. Demak, yana mablag‘ masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. Ya’ni, bemorga ajratilgan miqdor  bemor uzoq muddat yotib qolsa o‘sha mablag‘ yetmaydi. Aslida bemor 14-15 kun yotib chiqishi kerak ekan. Balki bu bemorning holati 3-6 oy yotishni talab qilar, miya uzoq vaqt o‘ziga kelish uchun uzoq vaqt talab qiladi.

«Men shifokorman ammo, kasallarga ketadigan mablag‘ni hisob-kitob qiladigan menejerga aylanib qolayapman», – deydi tibbiyot markazi direktor G‘ayrat aka. – Yana bir muammo viloyatlarda boshqacha tashxis bilan jo‘natishadi, chunki ularda aniq tashxis qo‘yish imkoni yo‘q. Bizga bemor boshqa shifrofka bilan keladi. Biz bemorni bu yerda boshqatdan tekshiramiz, miya qopqog‘ini ochib o‘simtaning qay darajada ekanligini aniqlaganimizdan keyin boshqa tashxis chiqadi. Demak, viloyatda aniqlangan mablag‘ operatsiya o‘tkazganimizdan keyin umuman o‘zgarib ketadi. Mana shu jarayonni boshqatdan o‘rganib chiqish kerak.

Yaqinda prezident o‘z murojaatida xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yanada kengaytirilishini ta’kidladi. Avvalo, bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanishiga, ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtirilishiga, kelgusi yil bu tizim Toshkent shahrida boshlanishi, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinishiga alohida urg‘u berildi.

Demak, kelgusi yil Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasida ish hajmi yanada ortadi, bemorlarning sog‘ayishi uchun mablag‘ ajratilishi ko‘payadi va yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklar ham e’tibordan chetda qolmaydi.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring