Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

COVID dissidentlar kimlar? Yoki yashirin fikrlar epidemiyasi xavfi

COVID dissidentlar kimlar? Yoki yashirin fikrlar epidemiyasi xavfi

Foto: Xabar.uz

«Odamlar niqob taqib olgani menga juda kulguli ko‘rinadi, yosh bolaga o‘xshab ishonuvchanligi g‘alati», «Kimnidir tanishining tanishi, kimnidir qarindoshining qarindoshi koronavirusga chalindi, bitta bo‘lsayam menga topib ko‘rsating-chi?»...

Yaqin yaqingacha internet tarmoqlarida mana shunday bahslarni kuzatayotgandik. Hatto odamlar orasida «koronavirus bo‘lmagan gap-yey, butun dunyoning siyosati», degan suhbatlar qulog‘imizga chalinayotgandi. Ushbu kasallikka ishonmaydiganlar butun dunyoda ko‘plab topiladi, bular dissidentlar hisoblanadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, COVID dissidentlari orasida virus grippdan ham yomon emas, deydiganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Afsuski, bunday odamlar hamyurtlarimiz orasida ham kuzatilmoqda. Bu odamlar uyda paratsetamol va mevali ichimliklar bilan davolanmoqdalar, ular shifokorni so‘nggi chora sifatida chaqiradilar, niqob taqmaydilar va o‘zlarini izolyasiya qilish rejimiga rioya qilmaydilar. Xususan, ular koronavirusni gripp bilan solishtirishni yaxshi ko‘radilar. Ammo tan olishni istashmaydiki, bugungi kunda  koronavirusning  o‘lim darajasi ancha yuqori. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bir yilda 3,5–5 million kishi grippning barcha turlari bilan kasallanadi va yil boshidan beri 15 milliondan ziyod kishi koronavirusning yangi turini yuqtirishdi.

«Epidemiya shunchaki sirk, biz esa masxaraboz»

Toki odamlar «men koronvirusga chalindim, menga yordam bering» deb bong urmagunicha ko‘pchilik ana shunday o‘ylagandi. Agar ularga xorijdagi shifokorlarning ahvolini, vaziyatni aytsangiz javobi naqd: «Aktyorlar! Ularga ish haqi beriladi», «Hamma vahima O‘zbekistonda, koronavirus avj olgan xorij mamlakatlarida hamma xotirjam, demak virus yo‘q narsa...» Afsuski, mana shunday fikrlaydiganlarni dastlab ishontirish juda qiyin kechdi. Va oqibatda yurtimizda odamlar uch kunlab to‘ylar qiladigan, bozorlarda, jamoat joylarida masofa saqlamaydigan, niqobni nomiga taqadiganlar uchradi... shunday dissidentlar tufayli kasallik avj oldi.

Shuningdek, pandemiyani fitna deb biladiganlar ham bor: go‘yo virus sun’iy ravishda barchani mikrochiplash, vaksina bilan birga mikrosxemani joriy qilish uchun yaratilgan. Bir qator skeptiklar epidemiya o‘ziga xos ijtimoiy eksperiment, dunyo hukumatining fitnasi emish.

Shu bois dissidentlar maydonlarda kechalar, shoular uyushtirishdi. Ushbu toifadagi odamlar haqiqatan ham COVID-19 kabi kasallik mavjud emasligiga ishonishdi. Ko‘pincha ular pandemiyadan foyda olishlari mumkin bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni tarqatdilar. Dastlab, bunday odamlar koronavirus — bu Xitoy iqtisodiyotini yo‘q qilishga qaratilgan hujum ekanligini aytishdi. Endi ularning da’vo qilishlaricha, Xitoy virusni yo‘q qilish uchun dunyoning qolgan qismiga yuborganmish. Ba’zi dissidentlar koronavirusni farmatsevtika kompaniyalarining fitnasi, ya’ni pul qilish yo‘lidagi «o‘yini» deb hisoblashdi.

Xorijda izolyasiyaga qarshi ommaviy namoyishlar o‘tkazildi. Bunday noroziliklar virusning o‘choqlariga aylandi. Shu bois Amerikada, Shimoliy Kavkazda, Peterburgda, umuman xorijning ko‘pgina mamlakatlarida «iqtisodiyotga xalaqit beradigan» o‘z-o‘zini izolyasiyasini bekor qilishni talab qilib chiqishdi.

Masalan, Shimoliy Kavkazdagi uchrashuvni opera xonandasi va COVID-dissident Vadim Cheldiyev tashkil qildi. Cheldiyev murojaatida, u «koronavirus mavjud emas» va «ular bizga nisbatan to‘liq nazorat o‘rnatishga harakat qilmoqda», deb ishontirdi, ayni paytda bu murojaat xonandaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan allaqachon olib tashlangan. Ammo aprel oyida u deyarli barcha mahalliy guruhlarga parvoz qildi. Mitingdan bir hafta o‘tgach, mintaqa rahbari Vyacheslav Bitarov virusni yuqtirganlar soni ko‘payishini e’lon qildi. Bir necha faollar hatto kasalxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limiga «ekskursiya» qildilar. Keyin ulardan biri kamera to‘g‘risida turib odamlardan virusga ishonmagani uchun uzr so‘radi: «To‘g‘ri, virus mavjud. Shifokorlarga oson emas ekan. Men bu kiyimda yigirma daqiqada o‘zimni yomon his qilayapman...»

Yoki AQShda, yoshlar koronavirusdan qo‘rqmasliklarini isbotlash uchun jamoat joylarida niqobsiz yurishdi. Ulardan biri qo‘rqmasdan kasalxonada koronavirusni yuqtirdi.  Eronda, bitta jurnalist, koronavirus fantastika ekanligini isbotlash uchun jamoat joylarida ibodatxonalarni yoqib yubordi. Bir necha hafta o‘tgach, erkak koronavirus tufayli kelib chiqqan pnevmoniyadan vafot etdi.

Xo‘sh, fitna nazariyasi qayerdan paydo bo‘ldi?

Ayni paytda koll-markazda ishlaydigan tanishim bir gapni aytib qoldi— «Ba’zilar mendan o‘zi kasallik rostdan bormi deb so‘raydi, shu qadar ko‘p odam yuqtirganmi yoki yo‘qligini bilish uchun qo‘ng‘iroq qilishadi».

Ha, dastlab shifoxonalarda, palatalarda haqiqatan ham kam sonli odamlar bor edi. Bemorlarning yuzlari xiralashtirilardi yoki umuman ko‘rsatilmasdi, sababi tibbiy sirni saqlash kerak. Shifokorlar esa maxsus kiyimlar ichida edi. Qolaversa, birorta kasal bo‘lgan odamning o‘zi ochiqdan ochiq kasalini tan olib yoki tuzalgani haqida axborot bermasdi, umuman kasalxonadagi ahvol yoritilmasdi, balki shuning uchun, ehtimol, virusni o‘ylab topilgani haqida fitna nazariyasi paydo bo‘lgandir.

«Bor ovozda baqiraman: niqob taqing, o‘zingizni ehtiyot qiling»

N. ismli bemor (uning iltimosiga binoan ism o‘zgartirilgan) oxirgi kungacha koronavirusni rad etib kelayotgan edi.  Uning onasi to‘yda koronavirusni yuqtirib ahvoli og‘irlashib qoldi. Avvaliga onasining kasalini gripp deb o‘yladi, keyin onasining qonida kislorod bilan to‘yinganligi atigi 75 ga tushib qolganida, bu kasallikda havo yetishmay qoladi degan «to‘qima», «vahima» gaplarga bekorga ishonmaganiga afsuslandi... U men bilan gaplashar ekan: «Onangiz bo‘lsa onangizni, bo‘lmasa yaqinlaringizni bu balodan asrang iltimos, men ham boshimga tushmaguncha ishonmagandim, onamning xotirjam bo‘lishiga mening targ‘ibotlarim sabab bo‘ldi, hozir hammaga baqirib aytgim keladi: «niqob taqing, uyda qoling, ishoning bu virus bor va juda xavfli...»

Koronavirus bilan og‘rigan bemorlar undan o‘lmaydi

Darhaqiqat, ko‘pincha shunday. Ushbu nazariyaning tarqalishiga odamlarda yuqumli kasalliklar mavjudligini alohida ta’kidlaydigan ba’zi kuch tuzilmalari yordam beradi. Shu munosabat bilan, internetda hattoki hazillar paydo bo‘ldi, unda odam pichoq yoki o‘q jarohatlaridan vafot etdi va shifokor oxir-oqibat uning koronavirusdan vafot etganligi to‘g‘risida yozishni talab qildi. Yoki odam mashinadan avariyaga uchradi va shifokor uni koronavirusdan o‘ldi deb yozib berdi...

Yoki kasallanganlarda, albatta, yondosh xastaliklar borligi eslatib o‘tiladi. Ammo dissidentlar bir narsani yana unutishadi, ya’ni agar vafot etgan odam koronavirusni yuqtirmaganida edi surunkali kasalliklari bilan uzoq yashayotgan bo‘lardi. Demak koronavirus immunitetni pasaytiradi va organizmning surunkali kasalliklarga qarshi kurashishni susaytiradi.           

Izolyasiya qilish foydasiz, baribir kasal bo‘lasiz

Qaysidir ma’noda, yashirin dissidentning bu fikri to‘g‘ri. Biroq, bu odamlarning beparvoligi shifokorlarning iloji boricha ko‘proq kasallarni qutqarishga urinishlarini rad etadi. Ular quyidagilarni hisobga olmaydi: Birinchidan, shifokorlar faqat koronavirus va uning asoratlari bilan kurashish usullarini qidirmoqdalar. Keyinchalik siz kasal bo‘lsangiz davolanishingiz samaraliroq bo‘lishi uchun, ikkinchidan, olimlar vaksina ustida ishlamoqdalar va bir foiz odamlar buni kutishadi. Xo‘sh, agar u siz bo‘lsangizchi, sizga vaksina yordamga kelsa yaxshi emasmi?

Koronavirus faqat keksa odamlar uchun xavfli...

Ushbu turdagi koronavirus dissidentining ta’kidlashicha, koronavirusdan faqat keksa odamlar qo‘rqishi kerak — ularga kasallik oson yuqadi va immun tizimi zaif bo‘lgani uchun oson vafot etadi.

Darhaqiqat, keksa avlodning o‘lim darajasi yoshlarga qaraganda ancha yuqori. Va bu mantiqiydir — nafaqaxo‘rlarning immuniteti deyarli yuqumli kasalliklar tufayli zaiflashadi. Biroq, bu yoshlar koronavirusdan o‘lmaydi degani emas. Ular ham vafot etishadi. Mana yaqinda O‘zbekistonda 28 yoshli ayol, 14 yoshli o‘smir vafot etdi. Vafot etganlar orasida 35 yoshlilari, 40 yoshlilari ham mavjud.

Endi tasavvur qiling, keksalar o‘zini ehtiyotlab ko‘chaga chiqmasligi, jamoat joylarida yurmasligi mumkin. Lekin yoshlarchi? Aynan yoshlarning jamoat joyda ko‘p yurishini hisobga olsak, yuqtirishi ham shu darajada ko‘p bo‘ladi va o‘lim soni ham ko‘payishi turgan gap.

Yoki bo‘lmasa kechqurun do‘konlar oldida, mahalla atrofida o‘smir yigitlarning niqobsiz gurunglashib o‘tirganini ko‘ramiz. To‘g‘ri, ular zerikayotgandir, uyda o‘tirgisi kelmayotgandir, balki virus yuqsa immuniteti kuchli bo‘lgani uchun yosh organizm oson yengar, lekin uyda uning bobosi, buvisi, ota-onasi borku. Ularga simptomsiz tashuvchi bo‘lib qolsachi?

Haqiqatni tan olish qiyin

Nega yashirin dissidentlar paydo bo‘ldi? Ko‘pincha bunga turli xil psixologik sabablar omil bo‘ladi. Ijtimoiy psixolog Aleksey Roshchinning tushuntirishicha: «inson kutilmaganda boshqacha, ya’ni «bo‘g‘ilgan hayot»ni tan olgisi kelmaydi, shu uchun rad etadi.  Odamlar koronavirusning xavfi yoki mavjudligiga ishonishni xohlamaydilar, chunki ular uchun tan olmay yashash osonroq. Bu ibtidoiy mudofaa mexanizmi — inkor.  Ular tez orada hamma narsa avvalgiday bo‘lishiga ishonishadi. Bunday odamlar hech qanday xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun ko‘pincha internetda o‘z g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga intilishadi. Biroq, xavfni unutgan odam virusga birinchi nomzoddir». Bunday odamlar o‘zlariga va xohishlariga haddan tashqari e’tibor berishadi. Ular pandemiya tufayli o‘z rejalarini o‘zgartirishga tayyor emaslar — to‘y uchun ziyofat zalini bekor qilish, tug‘ilgan kunni nishonlash yoki shou o‘tkazish, sayohatga chiqish...

Boshqalardan ajralib turishga harakat qilish

«Hamma qo‘rqib ketdi. Ammo men unday emasman. Qolganlarning hammasi ahmoqlar, qo‘rqoqlar». Ular buni hamma joyda namoyish qilishadi: ko‘chada, ijtimoiy tarmoqlarda, bloglar va videolarda. Bundan tashqari, odamlar o‘z-o‘zini izolyasiya qilish choralariga ehtiyoj borligiga ishonmasliklarining sabablaridan biri kasallikning  dahshatli oqibatlari va azoblari haqida aniq misollar yo‘qligiga. 

Yashirin dissidentlarning eng ko‘p uchraydigan savollari bejiz emas — sizning kamida bitta do‘stingiz koronavirus bilan kasallangan va undan kimdir o‘lganmi? Ovora bo‘lmang, toki o‘zining boshiga kelmaguncha dissidentni kasallik borligiga ishontira olmaysiz.

Nega yashirin dissidentlar xavfli?

Chunki ular tavsiyalarga amal qilmaydi. Ya’ni ular potensial ravishda boshqa odamlar uchun tashuvchi manbai, virusning vektoriga aylanishi mumkin. Dissidentlar koronavirus bilan kasallangan odam bilan aloqada bo‘lganida, karantin qilinmaydi. Oxiriga qadar ular niqob taqmaydilar, chunki «men yuqumli emasman» va kasalxonalar, karantin hududlaridan qochib ketishadi, chunki «bu yerda nima qilishim kerak, men sog‘lomman», deb o‘ylashadi. 

Bunga misol bizning hamyurtlarimiz orasida ham karantin hududidan qochish hollari kuzatildi. Bundan tashqari, ular jamoa bo‘lib to‘planishadi. Ular boshqa odamlarni shifokorlarning tavsiyalariga rioya qilmasliklariga va fitna nazariyalarini tarqatmasliklariga ishontirishadi. Ayniqsa ko‘pchilik eshitadigan, ergashadigan fikr yetakchilari bunday odamlar bo‘lishganda xavflidir. Masalan, Buyuk Britaniyaning Bosh vaziri Boris Jonson pandemiya boshida koronavirus bilan kasal bo‘lishga chaqirgan. Koronavirus yuqtirib olgach, bir muncha vaqt reanimatsiyada yotdi. Va u o‘z nuqtai nazarini o‘zgartirdi...

Koronavirus kundan kunga avj olayapti. Ishonmaganlarni ham, qo‘rqmaslarni ham, puldorlarni ham, pulsizlarni ham, keksalarni ham, yoshlarni ham ayayotgani yo‘q. Koronavirusga chalinmaslik faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq bo‘lib turibdi. Iloji boricha karantin qoidalarini buzmaslik, jamoat joylariga bormaslik, sog‘lom turmush tarziga amal qilish asosiy vazifamizga aylangan. Koronavirusdan qo‘rqmay yoki ishonmay sog‘liqqa xavf yetkazgandan ko‘ra, uning borligiga ishonib, bu ofatni talafotsiz yengan kishi hech narsa yutqazmaydi, shuni unutmasak bas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring