Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«COVID-19»ga ko‘nikamiz, ammo yo‘qotishlarga emas...

«COVID-19»ga ko‘nikamiz, ammo yo‘qotishlarga emas...

Foto: «Xabar.uz»

Bugun koronavirus bilan bog‘liq vaziyat butun dunyoda tobora jiddiy tus olmoqda. AQShda so‘nggi bir kunda 60 mingdan oshiq inson koronavirusni yuqtirgan, mingga yaqin odam vafot etgan. Rossiyada esa bir kunda 15 mingdan ortiq odam koronavirusni yuqtirib olgan...

O‘zimizda ham vaziyat yaxshi emas. Xitoy bugungi kunda iqtisodiyotini o‘nglayotgan birgina mamlakat bo‘lib turibdi. Ular bunga, koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishiga qat’iy ko‘rilgan choralar orqali erishmoqda. Ammo aynan niqob taqishni xohlamaydigan, hatto niqobsiz, karantinsiz hayotni talab qilib namoyishlar o‘tkazayotgan mamlakatlarda esa ahvol guvohi bo‘layotganimizdek achinarli.

Mamlakatimizda nima uchun vaziyat o‘nglanishi qiyin kechmoqda? Buning bir qator sabablari bor, albatta. Asosiy sabablardan biri aholi koronavirusdan qo‘rqmay qo‘ydi. Ko‘pchilik go‘yoki bu kasallikning o‘ziga dahli yo‘qdek ehtiyotkorlikni unutdi.  Pandemiyaning boshlanishida hamma qo‘lini tez-tez sovunlab yuvib, antiseptik vositalardan foydalanayotgan edi. Va o‘sha paytlari kasallik bu darajada avj olmagan ham edi. Ammo bugunga kelib odamlar barcha ehtiyot choralarini unutib qo‘ydi. Ho‘l salfetkadan, antiseptik vositalaridan tez-tez foydalanish uyoqda tursin to‘ylarga gurra-gurra bo‘lib borish, nafaqat qo‘l berib ko‘rishish, balki quchoqlashib ko‘rishishdan hech kim o‘zini chetga tortmayapti. Afsuski, katta-katta majlislarimiz to‘xtamayapti, yuzlab insonlarning bir yerda to‘planib, tadbirlar o‘tkazilishiga rasmiylar yo‘l qo‘yib berishyapti...

Yaqinda olimlar ovqatdan koronavirusning qanday yuqishini isbotlab berishdi. Bugun bozorlarga borsangiz ochiq sotilayotgan mahsulotlarni yuvilmagan qo‘li bilan tatib ko‘rayotganlarni yoki bozorlarda odamlar gavjum joylarda yegulik yeb yurganlarni uchratamiz. Yoki bo‘lmasa, to‘ylardagi betartibliklar, to‘yga borganlarning ochiqchasiga na masofa saqlamay, na ehtiyot choralarini ko‘rmay, xuddi an’anaviy hayotda yashayotgandek karantin qoidalarini unutishlarchi?

Bugun butun dunyo ushbu xastalikni yengish uchun qanchadan-qancha mablag‘ sarflamoqda, iqtisodiy tanglikni boshidan kechirmoqda, olimlar, shifokorlar kechani kecha, kunduzni kunduz demay ushbu kasallikni yengish uchun bosh qotirishmoqda. Ammo bizning qo‘limizdan keladigani va talab qilinadigani birgina narsa — ehtiyot choralarini ko‘rish.

To‘g‘ri, oramizda bu kasallikni boshidan o‘tkazgan, tuzalib bo‘lganlar ham ko‘p. Afsuski, talafot ko‘rganlar, sevimli, yaqin insonlaridan ajraganlar, bu yo‘qotishdan haligacha o‘ziga kelolmayotganlar ham bisyor. Nima uchun mana shu yo‘qotishlardan saboq chiqarmaymiz? Aytaylik, siz ayni paytda bu kasallikning yengil formasi bilan og‘rigansiz va o‘zingizga yuqishi sizni endi tashvishga solmaydi. Ammo ehtiyotsizligingiz — niqobni chala taqqaningiz, to‘ylarga borib kim bilandir quchoqlashib ko‘rishishingiz, birga o‘tirib ovqatlanishingiz, mehmonga borishingiz kimgadir qimmatga tushishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Virusli qo‘lingiz bilan birgina eshik tutqichini ushlaganingiz yoki jamoa transportida tutqichlarda virusni qoldirganingiz kimningdir hayotiga zomin bo‘lishi mumkinliginichi?

Qolaversa, bu gripp yengil o‘tgani bilan undan keyin ham uch oylab ketmaydigan asoratlari-chi? O‘sha asoratlarni deb asabbuzarliklarning kelib chiqishi, qanchadan-qancha ortiqcha mablag‘ sarflanishichi? Masalan, olimlar koronavirusni boshidan o‘tkazganlarni yillab charchoq sindromi tark etmasligini, uch oygacha sochlar to‘kilishini o‘rganishdi. Bugun aholi orasida ijtimoiy tarmoqlar orqali asoratlaridan qiynalib, o‘z fikrlarini bo‘lishayotgan odamlarni ham ko‘p uchratayapmiz. Masalan «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi «Toshkent shifokorlari» guruhida COVID-19dan keyingi yana bir asorat ruhiyat bilan bog‘liqligi haqidagi postga ko‘pchilik vahimadan, vos-vosdan, qo‘rquvdan aziyat chekib asab-ruhiy kasalliklar shifokorlaridan muolaja olganini, hattoki shifoxonada yotib chiqqani haqidagi izohlarni o‘qib qoldim.

Ha, biz bundan buyog‘iga koronavirus bilan qancha vaqt yashashimizni bilmaymiz. Unga ko‘nikishimizga to‘g‘ri keladi, lekin yo‘qotishlarga, xastalikdan keyingi asoratlarga ko‘z yumishga emas. Biz ayni paytda ehtiyot choralarni kuchaytirishga, doimo niqobda yurishga, antiseptik vositalardan foydalanishga, ommaviy yig‘inlardan, majlislardan cheklanishga nafaqat ko‘nikish, balki qat’iy rioya qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring