Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Budjetdan pul sarflanmasdan qurilgan muhtasham inshoot- Chilonzor davlat xizmatlari markazi (foto)

Budjetdan pul sarflanmasdan qurilgan muhtasham inshoot- Chilonzor davlat xizmatlari markazi (foto)

Foto: Davlat xizmatlari agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Xabaringiz bor, mamlakatimizda ketma-ket Davlat xizmatlari markazlarining yangi va har tomonlama qulay binolari foydalanishga topshirilib kelinmoqda. Bugungi kunda ularning soni 55 taga yetdi.

Yangi qiyofadagi DXMlarning navbatdagisi — Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan. Ushbu markaz poytaxtimizda foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy markazlarning birinchisi bo‘lib, yana 8 ta DXM qurilishi boshlab yuborilgan.

Ma’lumot uchun, avvalgi bino 224 m2 maydonda joylashgan bo‘lib, jamoat transport vositasi qatnovi hamda shaxsiy transport vositasi bilan tashrif buyuruvchilar uchun maxsus to‘xtash joyi, qulay kutish zali va shu kabi zarur bo‘lgan sharoitlarga ega bo‘lmagan. Bu esa, fuqarolar tomonidan davlat xizmatlarini olishda noqulayliklar tug‘dirgan edi.

Bir vaqtning o‘zida murojaatchilarga 100 dan ortiq xizmat ko‘rsatish imkoni yaratilgan binoda elektron navbat, infokiosk, kutish va tibbiy xizmat ko‘rsatish, bolalar maydonchasi, kafe, kutubxona, elektron xizmatlardan foydalanish ko‘nikmasiga ega xizmat oluvchilar (o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishi) uchun  alohida maydonlar mavjud.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning yozishicha, markaz davlat-xususiy sherikchilik asosida mazkur bino investor tomonidan bepul qurib berilgan. 

An’anaga ko‘ra, har bir ochiladigan yangi Davlat xizmatlari markazi biror yangilik bilan farqlanib turadi. Chilonzor tumani DXM ham bundan mustasno emas.

Markazda elektron navbat tizimi bilan integratsiya qilingan maxsus platforma tashkil etilib, ilk bor sinov tariqasida ishga tushirilmoqda. Uning yordamida xizmat oluvchilar xizmat ko‘rsatish jarayoni va xizmat ko‘rsatgan xodimni baholashi mumkin bo‘ladi.

Bu esa Agentlik va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro aloqani o‘rnatishga zamin yaratadi. Fuqarolar esa xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yuqoridagi barcha jarayonlar biznes tahlil (BI-Business intelligence) yordamida Agentlik mas’ul xodimlari tomonidan monitoring qilib boriladi.

Bundan tashqari, fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, davlat xizmatlarini olish uchun elektron raqamli imzo so‘ralmaydi. Mazkur markazda sinov tariqasida maxsus elektron imzo moslamasi mavjud.

Bu hali hammasi emas. Endi bank kassalarida navbatda turishga ham hojat qolmaydi. Bank kartochkasi mavjud bo‘lgan xizmat oluvchilar davlat bojlari va boshqa to‘lovlarni o‘rnatilgan POS-terminal, hamdaPayMe GO tizimi orqali to‘lash imkoni yaratilgan.

Huquqiy maslahat kerak bo‘lib qolsa, DXMda joylashgan «Madad» nodavlat muassasasining poytaxtimizdagi ilk bo‘limiga murojaat etishingiz mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi, notarius xonasi va boshqalar binoda joy olgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring