Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugunning yana bir qahramoni omonatini topshirdi

Bugunning yana bir qahramoni omonatini topshirdi

Keyingi paytlarda «xizmat vazifasini ado etayotgan paytda...» degan jumlaga ko‘p ko‘z tushyapti. Odatda bu ta’rif Vatan sarhadlarini qo‘riqlayotgan yoki el osoyishtaligini ta’min etayotgan askarlarga nisbatan ishlatilardi. Bugun ayni nisbat shifokorlarga qo‘llanilayotir.

Jahonni zabtiga olgan tojsimon virus ongu shuurimizni o‘zgartirib yubordi. Endilikda shifokorlar aynan ko‘rinmas yovga birinchi qalqon vazifasini o‘tashmoqda. Ular o‘z moli yoki mansabini emas, balki aziz jonini garovga qo‘yib, bemorlarni hayotga qaytarishga kechayu kunduz urinmoqdalar. Taassufki, urush qurbonsiz bo‘lmaydi. Ko‘rinmas yov bilan bo‘layotgan muhorabalarlarda bugunning tom ma’nodagi qahramonlari — shifokorlarimizni ham berib qo‘ymoqdamiz.

Kuni kecha Xiva o‘z qahramonlaridan birini Haqning huzuriga kuzatdi: tajribali va fidoyi shifokor Baxtiyor Qilichev 66 yoshida omonatini Egasiga topshirdi. Sabab — o‘sha: koronavirus asoratlari!

Baxtiyor Qilichev o‘z kasbini ta’na va tamasiz sevgan inson edi. Toshkent Tibbiyot institutining davolash fakultetini tugatgach, ish faoliyatini Xiva tuman shifoxonasida boshladi. Keyinchalik viloyat IIB tibbiy xizmat vrachlik ambulatoriyasi boshlig‘i, Xorazm viloyat 1-son klinik shifoxonasida ishladi.

Yoshi bir joyga borib, bitta nabirasini yelkasiga, ikkinchisini bo‘ynida mindirib, keksalik gashtini surish pallasi kelganda pandemiya boshlandi. Baxtiyor Qilichev ortiqcha o‘ylanib o‘tirgani yo‘q: birinchilardan bo‘lib shu dardga chalingan bemorlar sog‘ligini tiklash, ularni to‘laqonli hayotga qaytarishdek xayrli va mardona ishga sho‘ng‘ib ketdi. Shu jarayonda o‘zi ham virusga chalindi, biroq darhol ko‘rpa-to‘shak qilib yotib olgani yo‘q. Kurashdi, oxirigacha kurashdi... Va ko‘ksini baloga qalqon qilgancha O‘zining huzuriga yorug‘ yuz bilan ketdi, nasib...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring